Toshkent Islom instituti "Qur’on ilmlari" kafedrasi mudiri Jahongir qori Ne’matov Imom Qolunning Imom Nofe’dan qilgan rivoyati Shotibiy yo‘li orqali Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bog‘langan sanadi bilan ijoza oldi.
Jahongir qori Qur’oni karimni yuqoridagi tariqaning 4 vajhida qiroat qilib, Shayx Ibrohim Muhammad huzurida xatm qildi.
Shu munosabati bilan TII "Qur’on ilmlari" kafedrasi ustozi, 10 ta qiroat bo‘yicha ijoza sohibi, Al-Azhar shayxi Ibrohim Muhammad Jahongir qori Ne’matovga ijoza shahodatnomasini topshirdi.
Toshkent Islom instituti
Matbuot xizmati
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqillik shodiyonalariga sanoqli kunlar qoldi. Ayyom arafasida kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj bemorlar, keksalar holidan xabar olinib, ularga bayram tuhfalari yetkazib berilyapti.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida imom-domlalar, homiylar poytaxtimizning Olmazor tumanidagi "Islomobod" masjidida yig‘ilib, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olishdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent shahar filiali hamda homiylar ko‘magida tayyorlangan oziq-ovqatlar jamlanmasi, shirinliklardan iborat ehsonlar bilan xonadonlarga kirib borildi.
Ko‘ngli o‘ksik insonlar bayram tuhfalarini olib, aziz yurtimizda hech kim mehr va e’tibordan chetda emasligiga yana bir karra amin bo‘lishdi.
Alloh taolo ehsonlarni qabul qilsin. Savoblarini ko‘paytirib bersin!
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati