Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu har qanday musibatni (yomon xabarni) ikki rakat namoz bilan qarshi olar edilar. U kishining hayotida barcha musulmonlarga go‘zal o‘rnak bo‘ladigan voqea sodir bo‘lgan.
Bir kuni u kishi yo‘lda ketayotgan edilar, qizlari vafot qilgani haqida xabar kelib qoldi. Abdulloh ibn Abbos darhol ulovdan tushib, ikki rakat namoz o‘qidilar. So‘ngra boshlarini ko‘tarib, «Allohga hamd bo‘lsin! Barchamiz Allohnikimiz va albatta Unga qaytamiz. Alloh barcha gunohlarni yashirgan, barcha mehnatlarni munosib taqdirlagan, barchaga ajrini bergan», dedilar-da, ulovga minib, yo‘llarida davom etdilar.
Yana bir safarda Ibn Abbos roziyallohu anhuga ukalari Qusam roziyallohu anhuning shahid bo‘lgani haqidagi xabar yetib keldi. Ibn Abbos istirjo’ aytib, yo‘lning chetiga o‘tadilar. Ulovdan tushib, ikki rakat namoz o‘qiydilar. Namozdan keyin uzoq o‘tirib qoladilar. So‘ng ulovga minib, yo‘lga tushgach, bunday deydilar: «Alloh taolo «Sabr va namoz bilan yordam so‘ranglar. Namoz – chin dildan taqvo qiluvchilardan boshqalar uchun juda og‘ir narsadir» degan. Biz Alloh buyurgan amalni ado qildik» (Baqara surasi, 45-oyat).
Bir qiz aytadi:
«Men bir uslubga o‘n yillardan beri amal qilib kelaman, qayg‘ularim yengillashishiga, hayotdan yaxshiliklar kutishimga shu uslub sabab bo‘lgan. Alloh rahmat qilsin, otamdan o‘rganganman bu uslubni. Bir kuni otamdan «Hayotda qanday qilib bunchalik xotirjam yashab, o‘zingizni baxtli his qilasiz? deb so‘radim.
Otam tabassum qildilar: «Sababi oddiy – men har qanday shum xabarni, har qanday muammolarni musibatda o‘qiladigan duolar bilan, ikki rakat namoz bilan qarshi olaman».
Otamning menga juda ko‘p takrorlaydigan so‘zlari shu edi: «Qizim, bu hayotda sabrli bo‘lishing uchun, baxtli hayot kechirishing uchun barcha yomonliklarni, yomon xabarlarni duo bilan, ikki rakat namoz bilan kutib olgin!».
Otam menga ko‘pincha Ummu Salama roziyallohu anho haqida, bu onamizning musibat vaqtida aytgan duolari haqidagi qissani aytib berar edilar.
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Bir musulmonga musibat yetsa, Alloh buyurganidek, «Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun. Allohumma’jurniy fiy musibatiy vaxlif liy xoyron minhaa» (Barchamiz Allohnikimiz va albatta Unga qaytamiz. Allohim, musibatim uchun menga ajr bergin, menga uning o‘rniga undan yaxshisini nasib qilgin) desa, Alloh buning o‘rniga undan yaxshisini beradi», deganlarini eshitgan edim. Abu Salama vafot qilganida «Abu Salamadan ham yaxshiroq musulmon bormi? Axir u Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomon hijrat qilgan birinchilardan bo‘lsa», dedim-da, o‘sha duoni aytaverdim. Qarangki, Alloh taolo uning o‘rniga menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni nasib qildi».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z nomlaridan menga sovchilik qilish uchun Hotib ibn Abu Balta’ani yubordilar. Men: «Mening emizikli qizim bor, buning ustiga, rosa rashkchiman», dedim. U zot: «Qizining haqqiga duo qilamiz, Alloh uni behojat qiladi. Rashkni ketkazishi uchun ham Allohga duo qilaman», debdilar».
Bu hadisi sharifning boshqa rivoyatlarida Ummu Salama onamiz roziyallohu anho shunday deganlar:
«Abu Salama vafot etganida istirjo’ aytib, o‘sha aytilganidek duo qildim. So‘ngra o‘zimcha «Men uchun Abu Salamadan yaxshi er topilarmidi», dedim. Iddam chiqqanidan so‘ng esa Rasululloh kelib, kirishga izn so‘radilar. Men teri oshlab o‘tirgan edim, qo‘limni yuvib, kirishlariga izn berdim. Yonboshlariga xurmoning qobig‘i solingan yostiq qo‘ydim. U zot o‘tirgach, menga uylanmoqchi ekanliklarini aytdilar. U zot gaplarini tugatgach, «Ey Allohning Rasuli, sizga rag‘bat qilmasligim mumkin emas, lekin men juda rashkchi ayolman. Sizga yoqmaydigan ishni qilib qo‘yib, Allohning azobiga duchor bo‘lmayin, deb qo‘rqaman. Qolaversa, yoshim ham katta bo‘lib qoldi, buning ustiga yosh bolalarim bor», dedim.
Rasululloh alayhissalom: «Sen aytgan rashkni Alloh tezda ketkazadi. Yoshingga kelsak, mening ham yoshim bir yerga borib qoldi. Bolalaring esa mening ham bolalarim bo‘ladi», dedilar. Shunday qilib, duolarim ijobat bo‘ldi: Alloh menga Abu Salamaning o‘rniga undan yaxshi zotni – Rasulullohni berdi».
Shuning uchun musibatda aytiladigan duoni, istirjo’ni yaxshi ko‘raman. Har qanday yomon xabar, musibat kelsa, istirjo’ aytishga odatlanganman. Musibatlar katta yoki kichik bo‘lsin, har qanday holatda ham aytaveraman. Masalan, qalamimni yo‘qotib qo‘ysam, imtihonda past baho olsam, dugonam bilan arazlashib qolsam, onamning mendan jahli chiqsa – xullas, har qanday holatda ham istirjo’ aytaman.
Otam shunday der edilar: «Kim oddiy musibatlarda ham istirjo’ aytishga odatlansa, Alloh uni katta musibatlarda ham shunday duo qilishga odatlanish, o‘sha musibatga sabr qilish ne’mati bilan siylab qo‘yadi».
Duo qilganimdan keyin tahorat qilib, ikki rakat namoz o‘qiganimda ajib sokinlikni his qilaman, chunki Alloh taolo menga musibatga, yomon xabarlarga sabr qilishim uchun ulkan quvvat beradi. Musibat paytida istirjo’ aytishni, ikki rakat namoz o‘qishni boshlaganimga o‘n yildan oshdi. Bu go‘zal odat tufayli hayotim yanada go‘zal bo‘lyapti, Alloh meni tushkunlikdan, iztiroblardan saqlab kelyapti. Ba’zan «Qiyomat kuni Allohga yuzlanganimda menga hamroh bo‘ladigan amallarimning eng afzali shu bo‘lsa kerak», deb o‘ylab qolaman. Alloh O‘zi qabul qilsin».
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
Ibn Javziy rahimahulloh aytadi: “Bir ajoyib holat haqida fikr yuritdim: ba’zida mo‘minning boshiga bir ish tushsa, u astoydil duo qiladi, ammo duolarining ijobati ko‘rinmaydi. Umidsizlikka tushay deganda, uning qalbiga qaraladi. Agarda u Allohning fazlidan umidini uzmagani holda taqdiriga rozi bo‘lsa, duoning ijobati tezlashadi. Bu ma’nolar Alloh taolo nozil qilgan oyati karimada o‘z ifodasini topgan: «...Hatto Payg‘ambar va iymonli kishilar: “Allohning yordami qachon (kelar ekan)?» degan edilar. Ogoh bo‘lingki, Allohning yordami (hamisha) yaqindir”»[1].
Shunday holat Ya’qub alayhissalom bilan ham bo‘lgan. U zotning o‘g‘illari Yusuf alayhissalom dom-daraksiz yo‘qolib qolganida, kushoyish kelishidan noumid bo‘lmaganlar. Keyingi o‘g‘illari ham tortib olinganida, u zot Allohning fazlidan umidlarini uzmaganlari holda: «...Shoyadki, Alloh ularning (Yusuf, Binyamin va Misrda qolgan o‘g‘limning) barchalarini (bag‘rimga) qaytarsa...»[2], deganlar.
“Duoyimning ijobat bo‘lish muddati uzayib ketdi”, deb qayg‘urmang. Alloh taolo sizning tazarruingiz, yalinib-yolvorishlaringizni ko‘rishni iroda qilmoqda. Sizni qilgan sabringizga ajr ila mukofotlamoqchi. Siz shayton bilan jang qilishingiz uchun ham duoyingizning ijobatini kechiktirish ila sizni sinayapti.
Gohida Alloh taolo sizning aziymat, qat’iyatingiz naqadar quvvatli ekani va baloga qanchalik sabrli ekaningizni ko‘rish uchun ham dard berib imtihon qiladi. Agar sabr qila olsangiz, demak, siz itoatkor bandalar safidasiz. Bordi-yu, irodasizlik qilsangiz, ziyonkorlardan bo‘lasiz. Sabrdan keyin faqat va faqat yechim, yorug‘ kunlar bor.
Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Sabr qilsang, ajrga ega bo‘lasan, baribir yozilgani bo‘ladi. Sabrsizlik qilsang, gunohkor bo‘lib qolasan, baribir yozilgani bo‘ladi”, deganlar.
Shoir aytadi:
Baloyu imtihon kelsa, alarga har on rizo ko‘rsat,
Sinov bergan sihatni ham O‘zi bergay aniq, albat.
Bandasiga ne hukm etsa, hikmati bor, itoat qil,
Bitganidan qutulmoqlik chorasizdir, bil, ey g‘ofil!
Noumidlik xanjarini ko‘kragingga urma ammo,
Ki Allohning qudratila yechilgaydir har muammo.
Allohdan umidingizni uzmang. Sinovlarga sabr qiling, shundagina ulkan ajrlarni qo‘lga kiritasiz. Fazl ibn Sahl aytadi: “Kasalliklarda ne’matlar bor”. Bu borada quyidagilarga e’tiborli bo‘ling:
– gunohlardan tozalash;
– savobni qo‘lga kiritish;
– g‘aflatdan uyg‘onish;
– sog‘lik ne’matini eslab qo‘yish;
– tavbaga shoshilish.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Baqara surasi, 214-oyat.
[2] Yusuf surasi, 83-oyat.