Sayt test holatida ishlamoqda!
17 May, 2025   |   19 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:27
Quyosh
05:03
Peshin
12:24
Asr
17:26
Shom
19:40
Xufton
21:10
Bismillah
17 May, 2025, 19 Zulqa`da, 1446
Maqolalar

Yomon xabarni ikki rakat namoz bilan qarshi ol!

05.12.2024   3444   6 min.
Yomon xabarni ikki rakat namoz bilan qarshi ol!

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu har qanday musibatni (yomon xabarni) ikki rakat namoz bilan qarshi olar edilar. U kishining hayotida barcha musulmonlarga go‘zal o‘rnak bo‘ladigan voqea sodir bo‘lgan.

Bir kuni u kishi yo‘lda ketayotgan edilar, qizlari vafot qilgani haqida xabar kelib qoldi. Abdulloh ibn Abbos darhol ulovdan tushib, ikki rakat namoz o‘qidilar. So‘ngra boshlarini ko‘tarib, «Allohga hamd bo‘lsin! Barchamiz Allohnikimiz va albatta Unga qaytamiz. Alloh barcha gunohlarni yashirgan, barcha mehnatlarni munosib taqdirlagan, barchaga ajrini bergan», dedilar-da, ulovga minib, yo‘llarida davom etdilar.

Yana bir safarda Ibn Abbos roziyallohu anhuga ukalari Qusam roziyallohu anhuning shahid bo‘lgani haqidagi xabar yetib keldi. Ibn Abbos istirjo’ aytib, yo‘lning chetiga o‘tadilar. Ulovdan tushib, ikki rakat namoz o‘qiydilar. Namozdan keyin uzoq o‘tirib qoladilar. So‘ng ulovga minib, yo‘lga tushgach, bunday deydilar: «Alloh taolo «Sabr va namoz bilan yordam so‘ranglar. Namoz – chin dildan taqvo qiluvchilardan boshqalar uchun juda og‘ir narsadir» degan. Biz Alloh buyurgan amalni ado qildik» (Baqara surasi, 45-oyat).

Bir qiz aytadi:

«Men bir uslubga o‘n yillardan beri amal qilib kelaman, qayg‘ularim yengillashishiga, hayotdan yaxshiliklar kutishimga shu uslub sabab bo‘lgan. Alloh rahmat qilsin, otamdan o‘rganganman bu uslubni. Bir kuni otamdan «Hayotda qanday qilib bunchalik xotirjam yashab, o‘zingizni baxtli his qilasiz? deb so‘radim.

Otam tabassum qildilar: «Sababi oddiy – men har qanday shum xabarni, har qanday muammolarni musibatda o‘qiladigan duolar bilan, ikki rakat namoz bilan qarshi olaman».

Otamning menga juda ko‘p takrorlaydigan so‘zlari shu edi: «Qizim, bu hayotda sabrli bo‘lishing uchun, baxtli hayot kechirishing uchun barcha yomonliklarni, yomon xabarlarni duo bilan, ikki rakat namoz bilan kutib olgin!».

Otam menga ko‘pincha Ummu Salama roziyallohu anho haqida, bu onamizning musibat vaqtida aytgan duolari haqidagi qissani aytib berar edilar.

Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Bir musulmonga musibat yetsa, Alloh buyurganidek, «Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun. Allohumma’jurniy fiy musibatiy vaxlif liy xoyron minhaa» (Barchamiz Allohnikimiz va albatta Unga qaytamiz. Allohim, musibatim uchun menga ajr bergin, menga uning o‘rniga undan yaxshisini nasib qilgin) desa, Alloh buning o‘rniga undan yaxshisini beradi», deganlarini eshitgan edim. Abu Salama vafot qilganida «Abu Salamadan ham yaxshiroq musulmon bormi? Axir u Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomon hijrat qilgan birinchilardan bo‘lsa», dedim-da, o‘sha duoni aytaverdim. Qarangki, Alloh taolo uning o‘rniga menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni nasib qildi».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z nomlaridan menga sovchilik qilish uchun Hotib ibn Abu Balta’ani yubordilar. Men: «Mening emizikli qizim bor, buning ustiga, rosa rashkchiman», dedim. U zot: «Qizining haqqiga duo qilamiz, Alloh uni behojat qiladi. Rashkni ketkazishi uchun ham Allohga duo qilaman», debdilar».

Bu hadisi sharifning boshqa rivoyatlarida Ummu Salama onamiz roziyallohu anho shunday deganlar:

«Abu Salama vafot etganida istirjo’ aytib, o‘sha aytilganidek duo qildim. So‘ngra o‘zimcha «Men uchun Abu Salamadan yaxshi er topilarmidi», dedim. Iddam chiqqanidan so‘ng esa Rasululloh kelib, kirishga izn so‘radilar. Men teri oshlab o‘tirgan edim, qo‘limni yuvib, kirishlariga izn berdim. Yonboshlariga xurmoning qobig‘i solingan yostiq qo‘ydim. U zot o‘tirgach, menga uylanmoqchi ekanliklarini aytdilar. U zot gaplarini tugatgach, «Ey Allohning Rasuli, sizga rag‘bat qilmasligim mumkin emas, lekin men juda rashkchi ayolman. Sizga yoqmaydigan ishni qilib qo‘yib, Allohning azobiga duchor bo‘lmayin, deb qo‘rqaman. Qolaversa, yoshim ham katta bo‘lib qoldi, buning ustiga yosh bolalarim bor», dedim.

Rasululloh alayhissalom: «Sen aytgan rashkni Alloh tezda ketkazadi. Yoshingga kelsak, mening ham yoshim bir yerga borib qoldi. Bolalaring esa mening ham bolalarim bo‘ladi», dedilar. Shunday qilib, duolarim ijobat bo‘ldi: Alloh menga Abu Salamaning o‘rniga undan yaxshi zotni – Rasulullohni berdi».

Shuning uchun musibatda aytiladigan duoni, istirjo’ni yaxshi ko‘raman. Har qanday yomon xabar, musibat kelsa, istirjo’ aytishga odatlanganman. Musibatlar katta yoki kichik bo‘lsin, har qanday holatda ham aytaveraman. Masalan, qalamimni yo‘qotib qo‘ysam, imtihonda past baho olsam, dugonam bilan arazlashib qolsam, onamning mendan jahli chiqsa – xullas, har qanday holatda ham istirjo’ aytaman.

Otam shunday der edilar: «Kim oddiy musibatlarda ham istirjo’ aytishga odatlansa, Alloh uni katta musibatlarda ham shunday duo qilishga odatlanish, o‘sha musibatga sabr qilish ne’mati bilan siylab qo‘yadi».

Duo qilganimdan keyin tahorat qilib, ikki rakat namoz o‘qiganimda ajib sokinlikni his qilaman, chunki Alloh taolo menga musibatga, yomon xabarlarga sabr qilishim uchun ulkan quvvat beradi. Musibat paytida istirjo’ aytishni, ikki rakat namoz o‘qishni boshlaganimga o‘n yildan oshdi. Bu go‘zal odat tufayli hayotim yanada go‘zal bo‘lyapti, Alloh meni tushkunlikdan, iztiroblardan saqlab kelyapti. Ba’zan «Qiyomat kuni Allohga yuzlanganimda menga hamroh bo‘ladigan amallarimning eng afzali shu bo‘lsa kerak», deb o‘ylab qolaman. Alloh O‘zi qabul qilsin».

 Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh, Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Umayma binti Xalaf - sabr va iymon timsoli

16.05.2025   2409   3 min.
Umayma binti Xalaf - sabr va iymon timsoli

Islom da’vati Makkada boshlangan davrlarda, Umayma binti Xalaf ibn As’ad ibn O’mir ibn Bayoza’ al-Xuzoiyya — iymon nurini qalbida tuygan ilk ayollardan biri edi. Uning qalbi iymonga ochiq, haqiqatni e’tirof qilishga tayyor edi. Turmush o‘rtog‘i – Xolid ibn Said ibn Os bir kecha ajib tush ko‘radi: o‘zini ulkan va dahshatli olov chetida turganini, otasi uni o‘sha olovga tashlayotganini ko‘radi, lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa uni ushlab, olovdan qutqarayotgan ekan.

Uyg‘onib, bu tushni Abu Bakr roziyallohu anhuga aytdi. U kishi unga: “Bu yaxshilikning alomati. Sen Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ergash, u seni jahannamdan qutqaradi”, dedilar. Xolid shunda Islomni qabul qildi va bu haqda rafiqasi Umaymaga aytdi. U ham, hech ikkillanmasdan, Islomni qabul qildi. Shu tariqa ular birinchi musulmon juftliklardan biriga aylandi.

Xolidning otasi uning musulmon bo‘lganini eshitgach, jahl qilib, uni chaqirtirdi. Uni haqoratladi, kaltakladi va uydan haydadi. “Men seni taom bilan ta’minlamayman!” dedi. Xolid esa qat’iyat bilan: “Agar siz bermasangiz, Robbim menga rizq beradi” – deb javob berdi. Shu zahoti uydan haydaldi va borib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonida bo‘ldi.

Umayma turmush o‘rtog‘iga sodiqlik bilan yordamchi bo‘ldi. U zulm, qiyinchilik va kambag‘allikka sabr qildi. Sabr va imon uning qalbida mustahkam ildiz otgan edi.

Nihoyat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga Habashistonga hijrat qilishni buyurganlarida, Xolid va Umayma ilk hijrat qilganlardan bo‘lishdi. Ular Habashistonda farzandli ham bo‘lishdi: o‘g‘illari – Said ibn Xolid va qizlari – Umma binti Xolid. Qizi keyinchalik “Ummu Xolid” nomi bilan mashhur bo‘ldi.

Ular Habashistonda o‘n yildan ziyod vaqt musofirlikda yashashdi. Keyinchalik Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Amr ibn Umayyani yuborib, ularni ikki kema bilan qaytardilar. Ular Madinaga qaytib kelganida, Payg‘ambarimiz alayhissalom Xaybarni fath qilgan edilar. Ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va musulmonlar bilan uchrashib, ajib shodlik va taskinga erishdilar.

Xolid ibn Said Umar ibn Xattob xalifaligi davrida hayot kechirdi va u “Marj as-Safar” jangida, hijriy 14 sanada shahid bo‘ldi. Bu xabarni eshitgan Umayma onamiz bu musibatiga sabr qildi, yuragi og‘riqda bo‘lsa ham, imoni bilan tasalli topdi. Chunki, Xolidni o‘ldirgan odam keyin Islomni qabul qilib: “Bu kim edi?. Undan osmonga chiqayotgan nurni ko‘rdim!” - degan edi.

Umayma binti Xalaf – sabrli, muhojir, mo‘min ayolning yuksak namunasidir. U umr yo‘ldoshini islom dinida qo‘llab-quvvatladi, hayotining quvonch va tashvishli lahzalarini birga o‘tkazdi va islom tarixida buyuk iz qoldirdi.

 

Ilyosxon AHMЕDOV
tayyorladi.

Mazkur maqola Abu Malik Muhammad bin Homid bin Abdulvahhobning
“Soliha ayollar haqida 150 qissa” nomli asaridan tarjima qilindi.