Bugun ayrim kimsalar moddiy manfaat ilinjida o‘g‘rilik, tamagirlik, bosqinchilik, odam savdosi, firibgarlik kabi jinoyatlarni sodir etmoqda. Bular orasida aql hushini taniganlari ham, g‘o‘r yoshlar ham bor. Oxirgi yillarda jinoyatchilik holatlari to‘rt barobar oshgan. Bunda yoshlarning salmog‘i 61 foizni tashkil qilmoqda. Bu raqamlar har qanday kishini ho‘shyorlikka chorlaydi.
Afsuski, keyingi paytlarda eng ko‘p kuzatilayotgan jinoyatlardan biri plastik kartadan pul o‘g‘irlashdir. Bu jinoyatni sodir etayotganlar jabrlanuvchining kimligiga ham, ahvoliga ham qaramay uni qaqshatmoqda. Hatto muhtoj, og‘ir bemorlar uchun yig‘ilgan xayriya pullarinida o‘marmoqda. Nahot, inson shu darajada tubanlikka borsa, deya xayron qolasan kishi. Bunday o‘g‘irlikni o‘zgalar qilsa, biror nima deyishing qiyin. Ammo bu ishni bank xodimi yoki biror yaqining qilsa, dodingni kimga aytishni ham bilmay qolarkansan.
Yaqinda Bo‘stonliq tumanida isqtiqomat qiluvchi shaxs huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlarga bank kartasidan pul o‘g‘irlangani bo‘yicha shikoyat qilgan. Surushtiruvlarga ko‘ra bu jinoyatni o‘smir jiyani qilgani ma’lum bo‘ldi. Bunday qing‘irlikni bank xodimi qilganiga nima deysiz? Shu kunlarda bir bank xodimi fuqarolarning plastik kartalaridagi SMS xabar va pul o‘tkazish xizmatini o‘zining telefon raqamiga ulab, ko‘p miqdordagi mablag‘ni o‘zlashtirib yuboradi. Uning qilmishi fosh bo‘lib, u kasbidan ham, xalol rizqidan ham mahrum bo‘ldi.
Pul ilinjida o‘zgalarni zaharlashdan toymaydiganlar ham borligi alamlidir. Bu ishni bir necha farzandning ota-onasi qilganiga nima deyish mumkin. Yaqinda ichki ishlar xodimlari er-xotin til biriktirib giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanganini aniqladilar. Endi ular bu qilmishi uchun panjara ortida javob bermoqdalar. Axir ko‘plab yoshlarning umriga xazon bo‘layotgan bu og‘ufurushlar o‘z farzandi ham aynan shu yo‘l bilan nobud bo‘lishidan qo‘rqmasalar.
Mo‘may daromad ilinjida o‘zgalarni aldab, qo‘rqitib manfaat olmoqchi bo‘layotganlar ham oramizda topiladi. Yaqinda poytaxtimizda istiqomat qiluvchi kimsalar bir tadbirkorga do‘q-po‘pisa qilib, undan 340 000 AQSH dollari miqdorida pul talab qiladi. Agar bu pulni bermasa, oila a’zolarini o‘ldirishini aytadi. Ularning bu niyati amalga oshmay qo‘lga tushdi.
Jinoyatchilarni bunday ishlarga nima yetaklamoqda, degan savol kishini mulohazaga chorlaydi.
Albatta, buning bosh sababi birinchi o‘rinda moddiy manfaat, oson boyishdir. Ammo pul topishning halol yo‘llaridan borish, unga sabr-matonat bilan yetishishni tushunish uchun esa kishida to‘g‘ri tarbiya olmog‘i kerak. Dinu dinyonatdan, odob-axloqdan xabardor bo‘lmog‘i lozim.
Dinimiz har qanday zo‘ravonlikdan, harom luqmadan yiroq bo‘lishga chaqirib, halol kasb qilishga buyuradi. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Musulmon – musulmondan uning qo‘li va tilidan salomatda bo‘lgan odamdir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Yana bir hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: «Parvardigor azza va jalla aytadi: “Ey bandalarim, Men O‘zimga zulmni harom qildim va uni sizlarning orangizda ham harom qildim. Bas, bir-biringizga zulm qilmanglar”» (Imom Muslim rivoyati).
Mo‘min kishi o‘zgalarning taniga, moliga va ahliga zulm qilmaydi. Doim xushmuomolada, yaxshilik payida bo‘ladi. Eng asosiysi, harom luqma bilan oilasini boqmaydi. Qachondir harom luqma yegan farzandlar albatta uning badalini to‘laydilar. Shuning uchun ham xalqimizda “Birovning haqi buyurmaydi” degan gap yuradi.
Qur’oni karimda: “Ey iymon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz!... deya marhamat qilinadi (Niso surasi, 29-oyat). Demak, har qanday mo‘min kishi o‘zgalar haqidan qo‘rqishi, doim halol rizq talabida bo‘lishi zarur. Illo, buning aksi bo‘lsa, ikki dunyoda ham qattiq so‘roq borligini unutmasak bo‘lgani.
Shohrux UBAYDULLOH
tayyorladi
- Avvalo, ijtimoiy tarmoqlarga kirishdan maqsadingiz shunchaki vaqt o‘tkazish, ermak emas, balki boshqalarga manfaat ulashish, ulardan manfaat olish, ilmni oshirish, yaxshilikka chorlab, yomonlikdan qaytarish;
- Fahsh, harom, boshqalarga tegishli rasm va videolarini tarqatish tiyilish;
- Dinni, ulamolarni, shaxslarni, xalqlarni kamsitadigan, obro‘ to‘kishga qaratilgan maqola, rasm va videolarni post qilib qo‘ymang;
- Foydasiz tortishuvlarga kirishmang;
- Mish-mish aytuvchi, tarqatuvchi bo‘lmang! Ma’lumotlarni tarqatishdan oldin tekshirib, aniqlashtiring;
- Postlaringiz bilan odamlarga ilm-ma’rifat, yaxshilik ulashishga intiling va bu ishlarning barchasini Alloh taoloning roziligi uchun qiling;
- Yozayotgan, yuborayotgan, ulashayotgan har bir so‘zingiz oxiratda sizning zararingizga emas, foydangizga guvohlik beradigan so‘z bo‘lishiga diqqat qiling;
- Ijtimoiy tarmoqlardan me’yorida foydalaning! Ibodatni ado etish, oilaning nafaqasi, silai rahm, qo‘shniga yaxshilik qilish kabi zimmangizdagi mas’uliyatlaringizni unutib qo‘ymang;
- Postlarga “yoqdi” tugmasidan bosishdan oldin bu ish iymoningizga futur yetkazadimi yoki yo‘qmi, aniqlab oling! Gunoh bo‘lgan postlarga “yoqdi” tugmasini bosish iymonga salbiy ta’sir etadi;
- Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaringizni oxiratda Alloh taoloning huzurida, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning oldilarida xijolat bo‘lib qolmaydigan tarzda yuriting!
Norin tumani “Abu Iso at-Termiziy” jome masjidi
imom-xatibi Maxmudov Yosinxon.
Manba: @SOFTALIMOTLAR