Cavol: Ayol kishi ham misvok tutadimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, ayollar ham tishlarni tozalash uchun misvok ishlatishi sunnat amal. Misvok faqat erkaklarga xoslanmagan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Agar ummatimga mashaqqat bo‘lmaganida, ularni har namozdan oldin misvok ishlatishga buyurgan bo‘lar edim” (Abu Dovud rivoyati).
Oisha onamiz roziyallohu anho shunday rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam misvok tutardilar, so‘ng uni yuvishim uchun menga berar edilar. Men avval u misvokni ishlatib, keyin yuvar edim va o‘zlariga qaytarib berardim” (Abu Dovud rivoyati).
Hanafiy fiqhi manbalarida ayollar misvok o‘rniga saqichdan foydalanishi mustahab ekani aytilgan: “Niyat bilan qilinsa, saqich misvokning o‘rnini bosadi. Chunki davomiy misvok ishlatish ayolning tishlarini zaiflashtiradi. Shu sababli (tishlarni poklash uchun) saqich ayol uchun mustahabdir (“Al-Bahr ar-roiq”, “Ar-Radd al-muhtor”).
Demak, tahoratda ayollar misvok, barmoqlari yoki zamonaviy tish tozalash vositalaridan foydalanishlari maqsadga muvofiqdir. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Bugun, 15 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov fuqarolarni qabul qilib, ularning murojaat va taklif-mulohazalarini tingladi.
Mazkur qabul jarayonida fuqarolar tomonidan bildirilgan masjidlar qurish, ta’lim olish, oilaviy munosabatlar, moddiy yordamga oid masalalar atroflicha o‘rganilib, mas’ullarga qisqa muddatlarda hal etish yuzasidan topshiriq berildi.
Bugungi qabul davomida yurtimizning turli hududlaridan kelgan har bir fuqaroning muammo va takliflari eshitilib, ularning yechimi bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi.
Ana shunday qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarda haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan ham amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati