Tarixga nazar solsak, har bir xalqning asrlar davomida shakllangan ma’naviy-axloqiy qadriyatlari va insonning tabiiy huquqlari sivilizatsiya jarayonlari natijasi Konstitutsiya shakliga kelganini ko‘ramiz. Uzoq asrlar davomida bashariyat ming-minglab qoidalar va nizomlardan jamiyat uchun asosiylarini va o‘ta muhimlarini tanlab oldi. Aynan ana shu tanlab olingan qoidalar muayyan mamlakatning Konstitutsiyasini yaratilishiga poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Har bir davlatning o‘z Konstitutsiyasida bayon etilgan tushunchalar shu qadar ahamiyatliki, shu yurtining hech bir aholisi ularsiz yashay olmaydi, negaki insonning har kuni duch keladigan muammolarni hal etishga qaratilgan faoliyati mamlakat asosiy qonuniga kiritilgan bosh g‘oyalar, qoidalar va moddalarga bog‘liqdir.
Shu nuqtayi nazardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunning 25 yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanali marosimdagi nutqida “Asosiy qonunimiz xalqimiz uzoq yillar orzu qilgan milliy mustaqilligimiz va rivojlanish yo‘limiz, inson huquq va erkinliklari kafolatlarini belgilab berdi. To‘la ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. U hech kimga qaram bo‘lmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati bo‘lib kelmoqda”, deya Konstitutsiyaning mamlakatimiz taraqqiyotidagi ahamiyatini alohida e’tirof etgan.
Jamiyatdagi barcha ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishning negizi har bir davlatning bosh qomusi bo‘lmish Konstitutsiyaga borib taqaladi. Shu ma’noda, davlatlarning Konstitutsiyasini o‘qish, o‘rganish barobarida ularning ichki qonunchilik tuzumi, huquq munosabatlari, mamlakatdagi ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy, huquqiy munosabatlar haqida tasavvurga ega bo‘lish mumkin.
Xususan, ta’lim sohasini olib qaraydigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 50-moddasida har kim ta’lim olish huquqiga ega ekanligi, davlat uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojlanishini ta’minlashi, maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi, bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’lim olishni kafolatlashi, umumiy o‘rta ta’lim majburiyligi, maktabgacha ta’lim va tarbiya, umumiy o‘rta ta’lim davlat nazoratida ekanligi, shuningdek, ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya ta’minlanishi kafolatlanadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 51-moddasida esa fuqarolar davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma’lumot olishga haqli ekani mustahkamlangan. Shu bois, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridan boshlab uzluksiz ta’lim tizimining har bir bosqichida sifat ko‘rsatkichini yanada yaxshilash masalasiga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. Bu sa’y-harakatlar zamirida Uchinchi Renessans poydevorini qurishdek buyuk vazifalar strategik maqsad qilib qo‘yilgan.
“O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasida ham birinchi ustuvor yo‘nalish aynan ta’lim sohasiga qaratilgani mamlakatimizni rivojlanishning yangi bosqichiga olib chiqish, yuqori salohiyatli kadrlar avlodini shakllantirish, har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirishga xizmat qiladi.
Ushbu ustuvor yo‘nalishda maktabgacha ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish hamda bolalarning to‘liq qamrovini ta’minlash, umumiy o‘rta ta’lim tizimida “Ta’lim uchun qulay muhit” dasturini amalga oshirish, umumiy o‘rta ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, pedagog kadrlar maqomini oshirish, ularning bilimi va malakasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, umumiy o‘rta ta’limni rivojlantirish uchun xususiy sektorni keng jalb qilish, professional ta’lim tizimini rivojlantirish orqali o‘quvchilarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga o‘rgatish, oliy ta’lim bilan qamrovni kengaytirish, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish talab etiladi.
Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari tashkiliy-boshqaruv faoliyatini takomillashtirish, ularning moddiy-texnik ta’minotini mustahkamlash, fundamental tadqiqotlarni zamon talablaridan kelib chiqib yangi yo‘nalishlar bilan boyitish, iqtisodiyotning eng tez o‘sib borayotgan yo‘nalishlarida amaliy tadqiqotlarni kuchaytirish, “korxona – oliygoh – ilmiy tashkilot” klaster tizimini joriy etish, yosh tadqiqotchilarning ulushini oshirish, ularning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, barcha yo‘nalishlarda innovatsion faoliyatni keng joriy etish, ilmiy tadqiqotlarni va innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularning ilmiy faoliyatini rag‘batlantirish nazarda tutiladi.
Shu bilan birga, fuqarolarni davlat hisobidan kasb-hunarga o‘qitish, ularning zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha kasbiy ko‘nikma va malakalarini rivojlantirish, yoshlarni zamonaviy kasblar va chet tillariga o‘qitish tizimini yaratish, yoshlar o‘rtasida IT sohasini yanada ommalashtirish hamda sohada xizmatlar eksportini oshirish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanadigan yoshlar qamrovini kengaytirish, Respublikada sport bilan professional va doimiy shug‘ullanuvchi yoshlar ulushini oshirish, milliy terma jamoalarga yuqori malakali va natijador sportchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, olimpiya va paralimpiya harakatini rivojlantirish, o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalarini keng ommalashtirish, jamiyatda kitobxonlikni hamda aholiga axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatishni rivojlantirish kabilar vazifa etib belgilab olindi. Bunda fuqarolarning har biri o‘zining qobiliyati va qiziqishidan kelib chiqib individual yo‘naltirilgan ta’lim olishi va bunda barcha bilan teng imkoniyatlarga ega bo‘lishi nazarda tutiladi.
Dilafruz Karimova,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Ijtimoiy fanlar va huquq” kafedrasi dotsenti
Toshkent islom instituti magistratura ta’lim bosqichining ilk bitiruvchilariga diplom topshirish marosimida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev so‘zga chiqib, mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy ta’lim tizimi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.
Qayd etilganidek, magistratura bosqichini tamomlayotgan yosh mutaxassislar yuqori ilmiy salohiyat, mustahkam bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lib, bugungi kunda ularga nafaqat diniy sohada, balki davlat va jamoat tashkilotlarida ham ehtiyoj mavjud.
Shuningdek, diniy ta’lim yo‘nalishida berilgan diplomlarning davlat ta’lim tizimida to‘liq tan olinayotgani, bitiruvchilarning ilmiy-tadqiqot faoliyatini davom ettirishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgani hamda sohada uzluksiz ta’lim tizimi izchil yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
Tadbirda diniy-ma’rifiy sohada faoliyat yuritish oddiy kasb emas, balki yuksak mas’uliyat, vatanparvarlik, sadoqat va fidoyilikni talab etadigan sharafli xizmat ekani ta’kidlandi. Ilm ahli zimmasida xalq ma’naviyatini yuksaltirish, ma’rifatni keng yoyish va jamiyatda ezgu qadriyatlarni mustahkamlashdek ulug‘ vazifalar mujassam ekaniga urg‘u berildi.
Tadbir doirasida ilmiy faoliyatda yuqori natijalarga erishgan ilk 10 nafar magistr Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning Maqtov yorlig‘i hamda zamonaviy planshetlar bilan taqdirlandi.
Ushbu e’tirof yosh mutaxassislarning ilm-fan yo‘lidagi izlanishlarini yanada rivojlantirish, ularning yurt taraqqiyoti, xalqimiz ma’naviy yuksalishi va farovonligi yo‘lidagi faoliyatiga munosib turtki bo‘lib xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati