Qadrli vatandoshlar!
Avvalo, ushbu qutlug‘ ayyomda siz, azizlarni, ko‘pmillatli butun xalqimizni 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Hech shubhasiz, bu yilgi Konstitutsiya bayramining alohida ruhi va shukuhi borligini bugun barchamiz chuqur his etib, anglab turibmiz. Bu, birinchi navbatda, mazkur ayyomning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotimizda katta o‘zgarishlar amalga oshirilayotgan tarixiy bir sharoitda o‘tayotgani bilan bog‘liq, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Ayniqsa, shu yil 27 oktyabrda Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga ochiqlik va raqobat ruhida o‘tgan saylovlar yangilangan Asosiy qonunimizni hayotga tatbiq etish yo‘lida g‘oyat muhim qadam bo‘lganini yana bir bor ta’kidlash lozim.
Mehnatkash, olijanob va bag‘rikeng xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi xohish-irodasi, birligi va hamjihatligi, siyosiy madaniyati yaqqol namoyon bo‘lgan ushbu saylovlar natijalariga ko‘ra, yurtimizda konstitutsiyaviy huquq va vakolatlari kuchaygan, mas’uliyati bir necha karra ortgan yangi vakillik tizimi shakllangani albatta barchamizni mamnun etadi.
Yana bir muhim jihati – hokimlar bir paytning o‘zida mahalliy kengashlarga ham rahbarlik qilib kelgan amaliyotdan ushbu organlarga ilk bor deputatlar orasidan saylangan kengash raisi boshchilik qiladigan yangi tizimga o‘tilmoqda.
Bundan tashqari, hokimlarning 30 dan ziyod vakolatlari mahalliy kengashlarga o‘tkazilgani ijtimoiy hayotimizda demokratiya, xalqparvarlik tamoyillari tobora keng o‘rin olayotganidan dalolat beradi.
Biz “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” degan konstitutsiyaviy prinsipga amal qilgan holda, parlament va mahalliy kengashlar vakolatlarini kengaytirish, ularning faolligini yanada oshirish, samarali faoliyat ko‘rsatishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish, bir so‘z bilan aytganda, ularni chinakam xalq ovoziga aylantirishga qaratilgan islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz.
Hurmatli do‘stlar!
Inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha Asosiy qonunimizda muhrlab qo‘yilgan ustuvor tamoyillarni hayotimizga izchil tatbiq etish borasida yurtimizda keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xalqimizning fidokorona mehnati bilan so‘nggi yillarda iqtisodiyotimiz 2 karra o‘sgani, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad 3 ming dollarga yetgani, kambag‘allik darajasi 23 foizdan 11 foizga tushgani, maktabgacha ta’limda qamrov 74 foizdan, oliy ta’limda esa 39 foizdan oshgani, hech shubhasiz, tarixiy natijadir.
Islohotlarni jadal davom ettirib, yangilangan Konstitutsiyamiz normalarini hayotga tatbiq etish maqsadida tadbirkorlikni rivojlantirish, shu asosda aholi daromadlarini oshirish, oila va mahallalarda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini mustahkamlash, keksa avlod vakillari, xotin-qizlar va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash vazifasi bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Shuningdek, Asosiy qonunimizda O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida belgilanganidan kelib chiqib, shahar va qishloqlarimizni obod qilish, yangi uy-joylar, tibbiyot, ta’lim, madaniyat, san’at va sport maskanlarini barpo etish, yo‘l va kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, manzilli ijtimoiy himoyani kuchaytirish birinchi darajali ahamiyat kasb etadi. Jumladan, sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi 2 barobar ko‘paytirilib, tibbiy sug‘urta tizimiga o‘tish va aholini kafolatlangan tibbiy xizmatlar bilan to‘liq ta’minlash ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi.
Ta’lim sohasidagi dasturlarimiz doirasida yaqin yillarda oliygohlarda qamrov 50 foizga yetkaziladi. Birgina 2025 yilda bog‘cha va maktablarni ta’mirlash va yangilarini qurish uchun davlat budjetidan 4 trillion so‘m mablag‘ ajratiladi.
Yana bir muhim yo‘nalish – aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash uchun jami 46,5 trillion so‘m mablag‘ sarflanib, 1 million fuqaroni kambag‘allikdan chiqarish rejalashtirilmoqda.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, ularning ijtimoiylashuvini oshirish va umuman jamiyatimizda inklyuzivlikni ta’minlash bo‘yicha ishlar ham yangi bosqichga ko‘tariladi. Pensiya tizimini isloh etish bo‘yicha ham zarur choralar ko‘riladi.
Ma’lumki, yangilangan Bosh qomusimizda fuqarolarning ekologiya sohasidagi huquqlari konstitutsiyaviy darajada belgilanib, davlatning atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlashga qaratilgan majburiyatlari alohida mustahkamlab qo‘yildi.
Kirib kelayotgan 2025 yilni mamlakatimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” deb e’lon qilganimiz va bu borada katta vazifalarni aniq belgilab olganimiz ana shu konstitutsiyaviy qoida va prinsiplarni amalga oshirish uchun muhim asos bo‘ladi, deb ishonaman.
Fursatdan foydalanib, siz, aziz yurtdoshlarimni, butun xalqimizni ushbu yil bo‘yicha Davlat dasturini ishlab chiqish va uni amalga oshirishda faol ishtirok etishga chaqiraman.
Hech qachon unutmaylik: tabiatni asrash – bu insonni, kelajakni asrash demakdir. Bebaho boyligimiz bo‘lgan serhosil dalalarimiz, zilol buloqlarimiz, daryo va ko‘llarimiz, tog‘ va adirlarimizni asrab, bog‘u rog‘lar, yashil maskanlarni ko‘paytirsak, O‘zbekistonimiz yanada go‘zal diyorga aylanadi, avlodlarga bizdan ozod va obod Vatan qoladi.
Aziz va muhtaram yurtdoshlar!
Konstitutsiyamiz mamlakatimizda milliy mustaqilligimizni mustahkamlash, tinchlik va barqarorlik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni saqlash, islohotlarimizning ortga qaytmas tus olishini ta’minlashda doimo ishonchli kafolat bo‘lib kelgan va bundan buyon ham shunday bo‘lib qoladi.
Shu ma’noda, xalqimizning huquqiy tafakkuri, xohish-irodasining yorqin timsoli va amaliy ifodasi bo‘lgan Asosiy Qonunimiz bilan har qancha faxrlansak arziydi.
Bu noyob qomusning har bir moddasi va qoidasini o‘rganish, ularga hurmat, mehr va e’tibor bilan munosabatda bo‘lib, to‘laqonli ijro etish barchamiz uchun muqaddas burch va mezonga aylanishini istardim.
Aminmanki, ana shunday yuksak mas’uliyat bilan astoydil mehnat qilib, islohotlarimiz samarasini yanada oshiramiz va oldimizga qo‘ygan ulug‘vor maqsadlarga albatta yetamiz.
Siz, aziz yurtdoshlarimni Konstitutsiya kuni bilan yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Vatanimizning obro‘-e’tibori, shonu shuhrati ziyoda bo‘lsin!
Barcha yutuq va g‘alabalarimizning ijodkori bo‘lgan xalqimiz omon bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Hijriy III asr islom ilmlari, xususan, hadis ilmi taraqqiyotida yuksak bosqich hisoblanadi. Bu davrda hadislarni jamlash, ularni saralash, rivoyatlarning sanad va matnini o‘rganish, turli mavzular asosida tasniflash borasida katta ilmiy ishlar amalga oshirildi. Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Dorimiy, Abu Iso Termiziy kabi buyuk muhaddislar ana shu ilmiy muhitda yetishib chiqdi. Shu bois hijriy III asr hadis ilmining “oltin asri” sifatida e’tirof etiladi.
Ana shu davrda Movarounnahr zaminida ilm-fan va ma’naviy tafakkur rivojiga munosib hissa qo‘shgan allomalardan biri Hakim Termiziy edi. Uning ilmiy merosi hadislarni to‘plash va rivoyat qilish bilan cheklanib qolmay, ularning mazmun-mohiyatini anglash, ma’naviy qirralarini ochib berish va inson hayoti bilan bog‘lashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Hakim Termiziyning ilmiy qarashlarini o‘rganish orqali o‘sha davrda hadis ilmi qanday shakllangani, muhaddislarning rivoyatlarga munosabati, hadislarning zohiriy va botiniy mazmunini anglashga bo‘lgan intilishlar haqida tasavvur hosil qilish mumkin.
Ilm muhitida kamol topgan alloma
Hakim Termiziyning ilmga bo‘lgan qiziqishi uning oilaviy muhiti bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan. Manbalarda uning otasi muhaddis bo‘lgani va hadis rivoyat qilgani qayd etiladi. Allomaning o‘zi ham yoshligidan ilm ahli orasida kamol topgani haqida ma’lumot qoldirgan.
U otasidan 80 dan ortiq hadis rivoyat qilgan. Shuningdek, onasidan ham hadis olgani haqida ma’lumotlar mavjud. Ota va ona tomonidan bobolarining ham hadis rivoyati bilan shug‘ullangani allomaning ilm muhitida tarbiya topganini ko‘rsatadi.
Hakim Termiziyning hadis ilmi bo‘yicha ustozlari va roviylari doirasi ham keng bo‘lgan. Tadqiqotlarda uning 170 ga yaqin ustozi nomi keltiriladi. “Navodir al-usul” asarida esa 223 nafar roviy qayd etilgani ko‘rsatiladi. Shu bois tabaqot asarlarida Hakim Termiziy nomi “al-Hakim” bilan bir qatorda “al-Hofiz” unvoni bilan ham tilga olinadi.
Bu ma’lumotlar allomaning hadis ilmiga jiddiy tayyorgarlik bilan kirib kelganini ko‘rsatadi. Biroq uning ilmiy qiyofasini faqat roviylar va hadislar soni bilan belgilab bo‘lmaydi. Hakim Termiziyning o‘ziga xosligi, avvalo, hadisga yondashuvi va uni talqin qilish uslubida namoyon bo‘ladi.
Hadisni rivoyat qilishdan uni anglashgacha
Hakim Termiziy asarlarida Qur’oni karim, qudsiy va nabaviy hadislar, sahobiylar, tobeiylar va tabaa tobeiylar rivoyatlari, zohidlar so‘zlari hamda boshqa manbalardan foydalangan. Biroq uning maqsadi ularni shunchaki bir joyga to‘plash emas edi.
Alloma hadisning mazmuniga, unda ifodalangan g‘oya va hikmatga, inson hayotidagi ahamiyatiga e’tibor qaratgan. Shu jihatdan uning asarlarida rivoyat va talqin bir-birini to‘ldirib boradi.
Tadqiqotlarda Hakim Termiziyning hadisga yondashuvida bir nechta o‘ziga xos uslub ajratiladi. Jumladan, tasavvufiy mazmundagi hadislarni jamlash va ularning ma’nosini sharhlash, muayyan mavzuga oid hadislarni bir joyga to‘plash, shuningdek, hadislarni sharhlab, ulardan amaliy xulosalar chiqarish uning ilmiy uslubiga xos jihatlar sifatida ko‘rsatiladi. Bu xususiyatlar “Ar-Radd ala-l-muattila” va “Al-Manhiyot” kabi asarlarida yaqqol ko‘rinadi.
Demak, Hakim Termiziy uchun hadisning qimmati faqat uning rivoyat qilinganida emas. Uning mazmunini tushunish, undagi ma’naviy saboqlarni anglash va hayotda qo‘llash ham muhim edi.
“Navodir al-usul” — ma’no va mazmun talqini
Allomaning hadis ilmidagi o‘ziga xos yondashuvini “Navodir al-usul” asari misolida yanada yaqqol ko‘rish mumkin. Mazkur asar hadislarni irfoniy talqin qilish an’anasining muhim manbalaridan biri sifatida qaraladi. Unda hadislar keltirilishi bilan birga, ularning mazmuni, ma’naviy ahamiyati va inson hayotiga daxldor jihatlari ham ochib beriladi.
Hakim Termiziy hadisning zohiriy ma’nosi bilan kifoyalanib qolmay, uning botiniy mazmuniga ham e’tibor qaratgan. Bu yondashuv uning fiqhiy qarashlarida ham namoyon bo‘ladi. U hadisdan kelib chiqadigan hukmni keltirish bilan birga, uning axloqiy va ma’naviy mohiyatini ham ochishga harakat qiladi.
Tarix fanlari nomzodi Ibrohim Usmonov Hakim Termiziyning ushbu xususiyatini shunday izohlaydi:
“Hakim Termiziy ushbu asarida faqat hadislarni jamlash bilan cheklanmay, har bir hadisni mufassal sharhlab, uning botiniy va zohiriy ma’nolarini, hikmatini ko‘rsatib, hadisning mazmun-mohiyatini har tomonlama tahlil qiladi hamda hadisning asl mag‘ziga yetib borishga, uni to‘liq idrok etishga harakat qiladi. Uning har bir sharhida tasavvufiy talqin sezilib turadi. Asarda hadislarni inson ma’naviy-ruhiy va maishiy hayotida qanday tatbiq qilish mumkinligi ko‘rsatib berilgan”.
Olimning bu fikri Hakim Termiziyning ilmiy uslubidagi muhim jihatni ochib beradi. Ya’ni alloma uchun hadisni o‘rganish uni yodlash yoki rivoyat qilish bilan yakunlanmagan. Hadisdagi ma’noni anglash, uning hikmatini tushunish va inson hayotidagi o‘rnini ko‘rsatish ham ilmning muhim qismi sifatida qaralgan.
Shu nuqtayi nazardan, “Navodir al-usul” Hakim Termiziyning ilmiy dunyoqarashini namoyon etuvchi muhim asarlardan biri hisoblanadi.
Sanad va matn masalasi
Hadis ilmida sanad (hadisni rivoyat qilgan kishilarning bir-biriga bog‘langan roviylar silsilasi)ning ahamiyati beqiyos. Hadisning kimlar orqali rivoyat qilinganini aniqlash, roviylarni o‘rganish va ularning ishonchlilik darajasini belgilash muhaddislar faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan.
Hakim Termiziy ham sanad masalasiga e’tibor qaratgan. Biroq uning qarashlarida hadis matni va mazmunini anglashga ham katta o‘rin berilgan. U hadisning ma’nosini ochish, uning Qur’on va sunnatga muvofiqligini ko‘rib chiqish, zohiriy va botiniy jihatlarini tahlil qilish zarurligini ta’kidlaydi.
Alloma muhaddislarni “ruvot”, “vuot” va “naqqolun” kabi toifalarga ajratadi. Bu tasnif orqali u hadis ilmida faqat rivoyatni yetkazish emas, uni anglash va mazmunini idrok etish ham muhim ekanini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, Hakim Termiziyning ayrim rivoyatlari keyingi muhaddislar tomonidan tanqid qilingani ham ma’lum. Xususan, “Navodir al-usul”dagi ayrim hadislarning sanadi va roviylari borasida bahslar mavjud. Muhammad Taqiy Usmoniy mazkur asarni hadis to‘plamlarining to‘rtinchi tabaqasiga kiritib, unda zaif hadislar ham uchrashini qayd etgan.
Shuning uchun alloma merosini o‘rganishda uning hadislarni talqin qilish uslubi bilan ayrim rivoyatlarning hadisshunoslik nuqtayi nazaridan bahsli jihatlarini alohida ko‘rib chiqish muhimdir.
“Manhiyot” — hadisning amaliy ahamiyati
Hakim Termiziyning hadis ilmidagi yondashuvi “Manhiyot” asarida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Asarda 170 dan ortiq qaytaruv mazmunidagi hadis jamlangan.
Muallif har bir masalani faqat hadis bilan cheklamaydi. Uning mazmunini ochish uchun Qur’on oyatlari, boshqa hadislar, sahobiylar, tobeiylar va ulamolar fikrlaridan foydalanadi. Zarur o‘rinlarda o‘z qarashlarini ham bayon qiladi. Keyin esa hadisning mazmuni sharhlanib, undan tegishli xulosalar chiqariladi.
Asarda savdo-sotiq, qarz, oltin va kumush bilan bog‘liq muomalalar, suvdan foydalanish kabi turli masalalarga murojaat qilinadi. Bu esa Hakim Termiziyning hadisni insonning kundalik hayotidan ajratmaganini ko‘rsatadi.
Uning yondashuvida hadis insonning e’tiqodi va ibodatigina emas, balki axloqi, muomalasi va jamiyatdagi munosabatlari bilan ham bog‘liq holda namoyon bo‘ladi.
Hakim Termiziy merosi — Markaz ekspozitsiyasida
Asrlar davomida ilmiy qiymatini saqlab kelayotgan Hakim Termiziy merosi bugun O‘zbekistonda ham keng o‘rganilmoqda va targ‘ib etilmoqda.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Birinchi Renessans davri ekspozitsiyasida yurtimiz zaminida yetishib chiqqan buyuk allomalarning ilmiy merosi keng yoritilgan. Ana shu ekspozitsiyadan Hakim Termiziyning ilmiy merosi ham munosib o‘rin olgan.
Ekspozitsiyada Birinchi Renessans davrida Movarounnahrda ilm-fan, ma’rifat va tafakkur yuksalishida muhim o‘rin tutgan allomalar faoliyati haqida ma’lumotlar taqdim etilgan. Hakim Termiziy merosining ham ushbu makonda namoyon etilishi allomaning hadis ilmi va ma’naviy tafakkur tarixidagi o‘ziga xos o‘rnini keng jamoatchilikka yetkazishga xizmat qiladi.
Ayniqsa, Hakim Termiziyning asarlarida ilm bilan ma’naviyat, hadis bilan fiqh, rivoyat bilan talqin o‘rtasidagi uyg‘unlikka e’tibor qaratilgani uning merosini Birinchi Renessans davri ilmiy muhitining muhim tarkibiy qismi sifatida ko‘rish imkonini beradi.
Shu jihatdan Markaz ekspozitsiyasida alloma merosining o‘rin olishi faqat tarixiy ma’lumotni namoyish etish emas, balki ajdodlarimiz yaratgan ilmiy va ma’naviy boylikni bugungi avlodga yetkazishning zamonaviy ko‘rinishidir.
Merosdan ma’rifat sari
Hakim Termiziyning ilmiy merosi Movarounnahrda hadis ilmi bilan bir qatorda fiqh, axloq va tasavvuf tafakkuri ham yuksak darajada rivojlanganini ko‘rsatadi. Allomaning asarlarida hadisni rivoyat qilish va uni anglash, uning mazmunini sharhlash va hayotga tatbiq etish bir-biri bilan uzviy bog‘langan.
Uning “Navodir al-usul” va “Manhiyot” kabi asarlari orqali hadislarning inson ma’naviy hayoti, axloqi va kundalik munosabatlaridagi ahamiyatini ko‘rish mumkin.
Eng muhimi, Hakim Termiziy merosi bizga ilmning faqat ma’lumot to‘plashdan iborat emasligini anglatadi. Ilmni anglash, undan to‘g‘ri xulosa chiqarish va uni inson kamolotiga xizmat qildirish ham uning muhim vazifalaridan biridir.
Bugun allomaning ilmiy merosi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Birinchi Renessans davri ekspozitsiyasida namoyish etilayotgani esa ana shu boy ilmiy an’ananing davomiyligini ko‘rsatadi. Termiz zaminidan yetishib chiqqan Hakim Termiziyning asrlar oldingi ilmiy qarashlari bugun zamonaviy muzey va ilmiy-ma’rifiy makon orqali yana bir bor keng jamoatchilik e’tiboriga havola etilmoqda.
Shu ma’noda, Hakim Termiziyning merosi — nafaqat hadis ilmi tarixining muhim qismi, balki yurtimiz zaminida shakllangan yuksak ilmiy va ma’naviy tafakkurning yorqin namunalaridan biridir.
Muallif: Durdona Rasulova, iccu.uz
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati