Bismillahir Rohmanir Rohiym
Cavol: Hayzdagi ayol sajda oyatini eshitsa, sajda qiladimi?
Javob: Uzrli ayol sajda oyatini eshitsa, sajda qilmaydi. Agar sajda qilsa, gunohkor bo‘ladi. Hayzli yoki nifosdagi ayol namoz o‘qishga buyurilmagani uchun unga tilovat sajdasini qilish vojib emas. Lekin junub kimsaning hukmi boshqacha: erkakmi, ayolmi — junub holatida sajda oyatini eshitsa, tilovat sajdasi ularga vojib bo‘ladi. Poklanganidan keyin bu sajdani ado etishi kerak. Bu haqda Imom Saraxsiy bunday deydilar:
وليس على الحائض سجدة قرأت أو سمعت" لأن السجدة ركن من الصلاة والحائض لا تلزمها الصلاة مع تقرر السبب وهو شهود الوقت فلا يلزمها السجدة أيضا بخلاف الجنب فإنه تلزمه الصلاة بسبب الوقت.
“Hayzdagi ayol sajda oyatini o‘qigani yoki eshitgani sababli sajda qilishi vojib bo‘lmaydi. Chunki sajda – namozning bir rukni (farzi). Hayzdagi ayolga garchi namozning sababi – vaqti kirsada namoz o‘qishi lozim bo‘lmaydi. Shu kabi sajdai tilovat qilishi ham lozim emas, lekin junub shaxsga vojib bo‘ladi. Chunki junub kishi namoz vaqti bo‘lganda (g‘usl qilib) namoz o‘qishi lozimdir” (“Al-Mabsut”). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
Bugun Qumqo‘rg‘on tumanidagi “Shoh Mashrab” jome masjidida imom-xatiblar, noiblar va otinoyilar ishtirokida 2025 yil yakunlari hamda 2026 yildagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Hafizullo domla Zayniyev so‘zga chiqib, yurtimizdagi diniy-ma’rifiy islohotlar va soha xodimlarining jamiyatdagi o‘rni, xususan, imomlarning shaxsiy namuna bo‘lishlari muhimligini ta’kidladi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning tuman bo‘yicha bosh mutaxassisi Shoxruhmirza Mamadiyev esa hududdagi xayriya ishlari va ma’naviy targ‘ibot tadbirlarining samaradorligiga to‘xtaldi.
Yig‘ilishda otinoyilar oldida turgan dolzarb vazifalar — «mahallabay» ishlash, oilalarni yarashtirish va bid’at-xurofotlarga qarshi kurashish masalalari alohida muhokama qilindi.
Tadbir yakunida faol imomlar va otinoyilar tuman hokimligining tashakkurnomalari bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati