1. Chaqaloq qulog‘iga azon va takbir aytish.
Rofe’ roziyallohu anhu aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Fotima roziyallohu anhoning farzandi Hasan ibn Alining qulog‘iga azon aytayotganlarini ko‘rdim” (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimning bolasi tug‘ilsa-yu, uning o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga iqoma aytsa, unga Ummu Sibyon (Sibyon bolalarga ziyon yetkazadigan jin toifasi) zarar yetkaza olmas”, dedilar.
2. Munosib ism qo‘yish.
Nabiy alayhissalom: “Sizlar qiyomat kuni o‘z ismlaringiz va otalaringizning ismlari bilan chaqirilasizlar, shunday ekan farzandlaringizga chiroyli ism qo‘yinglar”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ismlarning yaxshisi bandalik va hamdni bildirganidir”, deganlar (Abdulloh, Hamidulloh, Abdurahmon kabi).
3. Aqiqa qilish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bola o‘z aqiqasining evaziga garovdadir. Yettinchi kuni uning nomidan jonliq so‘yiladi va ism qo‘yiladi hamda sochi olinadi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Agar farzand tug‘ilganidan so‘ng yetti kunda aqiqa qilishga imkoniyat bo‘lmasa, 14 yoki 21 kunligida qilinadi. Bu muddat ichida ham imkoniyat topilmasa, boshqa xohlagan vaqtda qilsa ham bo‘ladi.
4. Chaqaloqning sochini olish.
Hazrat Ali ibn Abi Tolib roziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam nabiralari Hasanga qo‘y so‘ydilar va “Ey Fotima uni sochini olgin va sochini og‘irligicha kumush sadaqa qilgin”, dedilar.
Keyin men uni o‘lchovdim bir yoki yarim dirham (og‘irligicha) chiqdi” (Imom Termiziy rivoyati).
5. Chaqaloqning tanglayini ko‘tarish.
Abu Muso roziyallohu anhu aytadi: “O‘g‘lim tug‘ilganda uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib bordim. U zot alayhissalom o‘g‘limga Ibrohim deb ism qo‘ydilar va xurmo bilan tanglayini ko‘tardilar. Unga baraka tilab duo qildilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
6. Xatna qilish.
O‘g‘il bolani xatna qilish sunnatdir. Uni kechiktirish makruh. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Xatna qilish erkaklarga sunnat”, deganlar (Imom Ahmad rivoyati).
Ulamolar: “Farzand yetti yoshdan o‘n yoshgacha xatna qilinsa, yaxshi bo‘ladi”, deydilar.
Davron NURMUHAMMAD
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati