Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abu Muso roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Odamlar: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Islomdagi qaysi amal eng afzal?” deb so‘radilar. Shunda u zot: “Kishining tili va qo‘lidan musulmonlar salomat bo‘lishlari”, deb javob berdilar” (Buxoriy, Muslim, Termiziy, Nasoiy, Dorimiy va Tabaroniy rivoyati).
Ushbu rivoyatda xoh til bilan, xoh qo‘l yoki boshqa a’zolar bilan bo‘lsin, odamlarga, xususan mo‘min-musulmonlarga zulm qilish va aziyat yetkazishdan qaytarilmoqda. Zero, Islom tinchlik, totuvlik va yaxshilik dinidir.
Bu yerda musulmonning imoni mukammal bo‘lishida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan fazilat haqida so‘z bormoqda. Tili va qo‘li bilan odamlarga ozor beradigan kimsalar imondan ajramasalarda, ularning imonlari komil hisoblanmaydi. Aslida mukammal imon shartlari ko‘p. Ammo tili va qo‘li bilan o‘zgalarga zarar yetkazishdan ehtiyot bo‘lish bu shartlarning eng avvalida turadi.
Shahodat kalimasi, besh vaqt namoz, zakot, ro‘za va haj ibodatlari dinimiz Islomning eng asosiy ustunlari hisoblanadi. Kim ushbu farz amallarni bekamu-ko‘st ado qilsa, bunday banda musulmon hisoblanadi. Ammo mazkur farz amallarni bajarish bilan bir qatorda musulmonlarga yaxshi muomala qilish ham talab etiladi. Kim besh farzni ado etsa va musulmonlarga boshqalardan chiroyli munosabatda bo‘lsa, u dinda afzal sanaladi. Zero, ham Alloh, ham bandalar haqqini ado qilish bilan banda o‘z mas’uliyatini to‘liq ado etgan bo‘ladi.
Muhtaram o‘quvchilarimiz e’tibor bergan bo‘lsalar, mazkur hadisda odamlarga aziyat yetkazuvchi vosita sifatida avval til, keyin qo‘l zikr qilinmoqda. Chunki odamlar orasida qo‘l bilan zarar yetkazishdan ko‘ra til bilan ozor berish ko‘p kuzatiladi. Til bilan o‘zgalarga ziyon keltirish osonroq va ayni paytda zarari ko‘proq hisoblanadi. Zero, moddiy zarar tuzalib, o‘rni bitib ketishi mumkin. Ammo til bilan keltirilgan ma’naviy zarar banda qalbida uzoq vaqt saqlanadi. Ikkinchidan, tilni tiya bilmasdik qo‘lning harakatga kelishiga sabab bo‘ladi. Masalan, qo‘l bilan yetadigan zararlar: turtish, urish va shunga o‘xshash noma’qul harakatlar aksar hollarda tilga erk berish, gap talashish va janjallashish natijasida kelib chiqadi. Shuning uchun ham har bir inson o‘z tiliga ehtiyot bo‘lishi, uni har xil so‘zlardan tiyib turishi lozim. Agar til to‘g‘ri bo‘lsa, qo‘l ham zulmdan yiroq bo‘ladi. Agar til tiyilmasa, unga qo‘shilib qo‘l ham ziyon yetkazishni boshlaydi.
Demak, hadisda avval til, keyin qo‘l zikr qilinishiga asosiy sabab ikkita. Bular:
1. Til qo‘ldan ko‘ra ko‘proq zarar yetkazadi;
2. Til tiyilmasligi qo‘l bilan zulm qilinishiga olib boradi.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Musulmonlar tili va qo‘lidan salomat bo‘lgan kishi (haqiqiy) musulmon, Alloh qaytargan narsalardan chetlashgan banda esa (haqiqiy) muhojirdir” (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Nasoiy, Ahmad va Tabaroniy rivoyati).
Tilida Allohga ishondim, deyish bilan banda musulmon sanaladi. Ammo uning musulmonligi haqiqiy va sof bo‘lishi uchun bandada ba’zi sifatlar bo‘lishi kerak. Quyidagi rivoyatda bu narsa yanada ta’kidlab aytilgan.
Jobir roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Musulmonlar tili va qo‘lidan salomat bo‘ladigan kishi mo‘minlar ichida eng imoni komilidir” (Hokim rivoyati).
Bandaning imoni komil bo‘lishi uchun avvalo uning xulqi chiroyli bo‘lishi kerak. Chiroyli xulqning asosi bu tilni behuda va zararli so‘zlardan, qo‘lni birovlarga zulm qilishdan tiyishdir.
Ba’zilar qo‘li bilan hech kimga zarar yetkazmay, tashqi tarafdan beozor, yuvosh bo‘lib ko‘rinsalar-da, ammo ular musulmonlarga ko‘p aziyat yetkazadi. Ko‘pincha ularning o‘zlari buni bilmaydilar yoki tan olishni xohlamaydilar.Tilni g‘iybat va bo‘hton so‘zlardan tiymay, ko‘pchilikka ozor yetkazish gunohi kabiralardan ekani hammamizga ma’lum. Mana shu kichik til inson boshiga katta-katta kulfatlarni soladi. Mana shu tilni tiya bilmaslik oqibatida banda qiyomat kuni jahannamga yuztuban holda sudrab olib boriladi. Ayni paytda mana shu til vositasida banda Allohni eslaydi, tili bilan odamlarni yaxshilikka chaqiradi, yomonlikdan qaytaradi. Demak, har bir narsani ezgulik yo‘lida ishlatish o‘zimizga bog‘liq. Shunday ekan, biz tilni faqat yaxshilik yo‘lida ishlatsak, befoyda so‘zlardan tiya bilsak, najot topuvchi bandalardan bo‘lamiz!
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li
1. Kirish
Taqdir va inson faolligi muvozanati — islomiy dunyoqarashning eng nozik va eng muhimida turgan mavzularidan biridir. Alloh taolo har bir insonning taqdirini o‘zining cheksiz ilohiy ilmi va hikmati asosida Lavhul-mahfuzda belgilab qo‘ygan [1]. Biroq, bu taqdir inson faolligini inkor etmaydi. Aksincha, Qur’on va sunnatda insonning irodasi, harakati va mas’uliyatini tasdiqlovchi ko‘plab oyat va hadislar mavjud. Shu nuqtayi nazardan, islom ta’limoti passivlikni emas, faollik va harakatni targ‘ib etadi.
Zamonaviy falsafa va ijtimoiy tahlillar ham shuni ko‘rsatmoqdaki, rivojlanishga erishgan jamiyatlarda inson kapitali, ya’ni faol fuqarolik, bilim, mehnat va mas’uliyat asosiy omil sifatida namoyon bo‘ladi. Musulmon jamiyatlarida esa ba’zan taqdir tushunchasi noto‘g‘ri talqin qilinib, faoliyatsizlikka bahona qilinadi. Shu sababli, mazkur maqolada ilohiy taqdirni tan olgan holda inson faolligining islomiy va ilmiy asoslari tahlil qilinadi.
Maqsad — inson taqdirida faol ishtirok etishi, harakat va sabablarga bog‘lanishi, shu bilan birga xolis niyat va tavakkul bilan yashashning ma’naviy va amaliy asoslarini ko‘rsatishdir. Chunki haqiqiy islomiy rivojlanish aynan shu muvozanatda namoyon bo‘ladi.
2. Taqdir, rizq va inson irodasi o‘rtasidagi muvozanat
Avvalo, insonlarning turmush darajasi bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan ayrim islom mamlakatlariga e’tibor qaratsak, ularning rivojlanish darajasi Xalqaro inson rivojlanish indeksi (HDI) bilan baholanadi. Musulmon aholisi ko‘p bo‘lgan davlatlar orasida eng yuqori HDI ko‘rsatkichiga ega mamlakatlar quyidagilar hisoblanadi:
Qiziq tomoni shundaki, so‘nggi 30–40 yil mobaynida ushbu davlatlar rivojlanishga turlicha yo‘llar bilan erishgan. Turkiya va Malayziyaning o‘sishi, asosan, iqtisodiy ishlab chiqarish hamda xizmatlar sohasining rivojiga bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, yuqori o‘rinlarni egallab turgan davlatlar asosan tabiiy resurslarni samarali boshqarish orqali bu natijalarga erishgan.
Boshqa bir toifadagi mamlakatlar — ya’ni tabiiy resurslarga kam yoki yetarli darajada ega bo‘lmagan, biroq katta aholi salohiyati va muayyan iqtisodiy imkoniyatlarga ega davlatlar (masalan, Indoneziya, Misr, Marokash, Tunis, O‘zbekiston, Bangladesh va boshqalar) rivojlanishida asosiy omil inson kapitali, ijtimoiy faollik va ishlab chiqarish salohiyati hisoblanadi. Ammo bu davlatlarda jamiyatning umumiy faollik darajasi yetarli emasligi rivojlanish sur’atlarini cheklab kelmoqda.
Ayni shu jihatni inobatga olgan holda, so‘nggi yillarda hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida O‘zbekistonda ilm-fan va din o‘rtasidagi munosabatlarda muhim ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Ayniqsa, 2018 yil 16 aprelda qabul qilingan “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5416-sonli Farmonda belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan biri — “Diniy va dunyoviy bilimlar uyg‘unligini rivojlantirish asosida ta’lim sifatini oshirish” tashabbusi alohida e’tirofga sazovordir.
Natijada, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ruxsatiga asosan, islom ta’limoti va dunyoviy bilimlar o‘rtasida uzoq vaqtdan beri mavjud bo‘lib kelayotgan 100 ga yaqin tushunmovchilik ilm-fan yutuqlari asosida ilmiy tahlil qilindi va ularning yechimlarini o‘z ichiga olgan kitoblar, risolalar hamda maqolalar nashr etildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2024 yildagi Turkiy davlatlar sammitidagi nutqida: “Islohotlar nafaqat iqtisodiy, balki ma’naviy va ma’rifatli bo‘lishi hayotiy zaruratdir”, deb alohida ta’kidladi. Ushbu fikr yuqorida zikr etilgan davlatlar taraqqiyoti uchun ham umumiy strategik ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatadi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, Islom olamidagi tarixiy rivojlanish jarayonlari, ayniqsa Renessans davrlarida kuzatilgan ilmiy va ma’naviy yuksalishlar Qur’on va sunnat asosida amalga oshgan. Islom ummati hayotning har bir lahzasini g‘animat deb bilib yashagan davrlarda, u insoniyat ma’naviyati va tamaddunining yetakchi kuchiga aylangan.
Natijada, milodiy IX–XII asrlarda birinchi musulmon Renessansi, XIV–XVI asrlarda esa ikkinchi Renessans davri shakllangan. Bu uyg‘onish davrlarining yuksalishida ulkan hissa qo‘shgan ajdod mutafakkirlarimiz Islom ma’rifati asosida jahon tamadduniga poydevor bo‘lgan ilmiy va amaliy merosni vujudga keltirganlar (Usmonxon Alimov, sobiq muftiy hazratlari).
Ushbu davrlarda Sharqda ilm-fan va din o‘zaro uyg‘unlikda mavjud bo‘lib, ularning munosabatlari konstruktiv asosda rivojlangan. Hatto ayrim ixtiloflar ham murosali va ijobiy muloqot shaklida kechgani sababli, mintaqada ilmiy-ma’naviy gullab-yashnashi ta’minlangan (Abdulla A’zam. «Fan va din: munosabat dialektikasi». Tafakkur, №1, 1999, B. 42–57).
Har ikki Renessans davrining umumiy xulosasi shundan iboratki: taraqqiyotning asosiy manbai — inson faolligini Qur’ondagi aqidaviy va ma’naviy ilhom asosida rag‘batlantirishdir. E’tiqod va harakat uyg‘unligi ilm, adolat va iqtisodiy rivojlanish uchun ustuvor omil sifatida namoyon bo‘lgan.
Yuqorida ta’kidlanganidek, ko‘pgina Islom davlatlarida jamiyatning umumiy faollik darajasi yetarli emasligining asosiy sabablaridan biri — dunyoqarashdagi ziddiyatli yondashuvlardir. Xususan, quyidagi tendensiyalar taraqqiyotga jiddiy to‘siq bo‘lmoqda:
Bunday qarashlar inson faolligini pasaytiruvchi va rivojlanishni cheklovchi omilga aylanadi. Natijada iqtisodiy, siyosiy yoki texnologik sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar kutilgan samarani bermay qoladi.
Shu nuqtayi nazardan, Jahon musulmon ulamolari uyushmasi raisi Ali Muhyiddin Qoradog‘iy hazratlarining 2024 yil 17–18 oktyabr kunlari Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda bildirgan quyidagi fikrlarini keltirish o‘rinli bo‘ladi:
“Bugungi murakkab dunyoda diniylik va dunyoviylik muvozanatini saqlash o‘ta mushkul. Biroq aynan mana shu qiyinchilikni qanday chiroyli va samarali tarzda yengib o‘tish mumkinligini O‘zbekiston Prezidenti hurmatli Shavkat Mirziyoyevning olib borayotgan sa’y-harakatlari misolida yaqqol ko‘rish mumkin”.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ilm-fan va Islom ilmlariga qaratilayotgan yuqori darajadagi e’tibor tufayli, Yangi O‘zbekistonda ilm va din o‘rtasidagi uyg‘unlik mustahkam saqlanmoqda va ular bir-birini to‘ldirib kelmoqda. Ayni mana shu omil jamiyatda barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu sababli, bugungi kunda iqtisodiyotimiz rejali ravishda rivojlanmoqda va barcha sohalarda sezilarli natijalarga erishilmoqda.
Oxirgi yillardagi tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekistonda haqiqiy diniy-marifiy rivojlanishga zamin yaratish maqsadida intellektual va ma’naviy poydevorni qayta shakllantirishga qaratilgan siyosiy va ma’rifiy sa’y-harakatlar quyidagi strategik yo‘nalishlar asosida amalga oshirilayotganini ko‘rish mumkin :
1. Aqidaviy asoslarni zamonaviy tahlil qilish
– Taqdir tushunchasi Allohning barcha narsani qamrab olgan ilmiga ishonch bilan bir qatorda, inson irodasi, tanlovi va mas’uliyatini anglash asosida qayta sharhlanmoqda.
– Rizq, faqat ilohiy taqsim sifatida emas, balki insonning harakat, mehnat va intilishlari natijasida keladigan ne’mat sifatida talqin etilmoqda.
– Faollik esa imonning ajralmas tarkibiy qismi sifatida qayta baholanmoqda.
2. Inson faolligini islomiy qadriyat sifatida mustahkamlash
– Islom ta’limotida har qanday sa’y-harakatning nafaqat dunyoviy, balki oxirat hayoti uchun ham samarali ekanligi ta’lim etilishi orqali faollik muhim ma’naviy qadriyat sifatida qayta anglanmoqda.
3. Islomiy ilm va zamonaviy fanni uyg‘unlashtirish
– Qur’oniy ilhom asosida ilmiy izlanishlarni rag‘batlantirish hamda shariat ilmlari bilan tabiiy va ijtimoiy fanlar o‘rtasida mustahkam bog‘liqlikni tiklash orqali yangi ilmiy rivojlanish modeli shakllantirilmoqda.
4. Ishlab chiqarishni ma’naviy maqsadlar bilan bog‘lash
– Moddiy ishlab chiqarish faoliyati faqat iqtisodiy manfaat uchun emas, balki uni yaxshilik vositasiga aylantirish, axloqiy yuksalishga va oxiratni obod etishga qaratilgan ma’naviy vazifa sifatida baholanmoqda.
Tabiiy resurslari cheklangan yoki yetarli emas bo‘lgan ba’zi musulmon davlatlari uchun haqiqiy va barqaror rivojlanishga erishish — taqdir, rizq va inson faoliyatiga oid an’anaviy diniy tushunchalarni zamonaviy ilmiy va ijtimoiy nuqtayi nazardan qayta tahlil qilmasdan mumkin emasligi ko‘p hollarda nazardan chetda qolib kelmoqda.
Yangi O‘zbekiston misolida esa bu masala yuksak davlat siyosati darajasida, Prezidentimiz tashabbuslari bilan aniq va amaliy ravishda namoyon bo‘ldi.
Shu bilan birga, Uchinchi Islom Renessansi tabiiy boyliklarga emas, balki bilim, mehnat, ma’rifat va ma’naviy uyg‘onishga ehtiyojmand xalqlar orasida shakllanishi mumkin ekani amalda isbotlanmoqda. Bu jarayonda ma’naviy va ilmiy yetuklik hamda inson salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga qaratilgan islohotlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Yuqorida qayd etilgan chora-tadbirlar — Uchinchi Islom Renessansiga olib boruvchi intellektual, ma’naviy va iqtisodiy poydevorni yaratish salohiyatiga ega bo‘lgani uchun alohida ahamiyatga egadir. Ushbu yo‘nalishlar Islom olamida yangi ilmiy-ma’naviy uyg‘onish jarayonini boshlab berish imkonini yaratadi hamda an’anaviy diniy qarashlarni zamonaviy bilim va jamiyat ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirish orqali barqaror rivojlanishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Bayon etilgan nazariya va yondashuvlarning amaliy va mantiqiy asoslarini ko‘rsatish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan rasmiy ruxsat berilgan va 2022 yilda o‘zbek, rus va ingliz tillarida nashr etilgan “Ilohiy taqdir, ajal va rizq haqida ba’zi mulohazalar” nomli risola misol tariqasida keltirish o‘rinlidir [2]. Ushbu asarda Buyuk Zot — Alloh taolo insonlarning taqdirini belgilashda O‘zidan boshqa hech kim bilmaydigan hikmat asosida, ularning shaxsiy mas’uliyatini ham e’tiborga olgan holda, taqdirni Lavhul-mahfuzga yozdirib qo‘ygani haqida mulohazalar bildirilgan. Shuningdek, mo‘min-musulmonlar qanday yo‘l tutsa, Alloh tomonidan belgilangan taqdir va rizqda faol ishtirok etishi mumkinligi ilmiy-diniy nuqtayi nazardan asoslab berilgan.
Bundan tashqari, Qur’on Karimda shunday marhamat qilinadi:
«Yerda o‘rmalovchi biror narsa (jonzot) yo‘qki, uning rizqi (ta’minoti) Allohning zimmasida bo‘lmasa! (U) uning qarorgohini ham, oromgohini ham bilur. Hammasi aniq Kitob (Lavhul-mahfuz)da (yozilgan)dir.» (Hud surasi, 6-oyat)[1].
Bu ilohiy ilm inson irodasi va faolligini inkor etmaydi. Aksincha, inson o‘z tanlovlari bilan harakat qiluvchi, lekin Allohning mukammal ilmi va hikmati doirasida faoliyat yuritadigan mavjudotdir [3]. U o‘z ehtiyojini qondirish uchun mehnat qiladi, undan oshig‘i esa orzu va xohishlar bo‘ladi.
Bu oyatdan shunday ma’no anglash mumkin: insonning umri tugamaguncha, hatto faol mehnat qilmasa ham, u rizqsiz qolmaydi — Alloh taolo uni turli vositalar, jumladan, yaqinlari, qo‘ni-qo‘shnilari va sahovatli insonlarning rizqiga sherik qilib, ular orqali rizqlantiradi.
Lekin ulamolar ta’kidlashicha, har bir mehnatga yaroqli inson o‘z rizqini kimlardir orqali yetkazilishini kutmasligi, balki unda faol ishtirok etishi lozim. Aks holda, Qiyomatda bu haqda so‘ralishi mumkinligi uqtirilgan.
Qur’onda yana shunday oyat bor: « (Ey, inson!) O‘zing (aniq) bilmagan narsaga ergashma! Chunki quloq, ko‘z, dilning har biri to‘g‘risida (har bir inson) ma’sul bo‘lur ( javob berur)» (Isro, 36-oyat).
Ya’ni, inson Qiyomat kunida faqat qilgan ishlari uchun emas, balki qilmagan, ammo qila oladigan, topmagan, ammo topishi mumkin bo‘lgan ishlari uchun ham so‘roq qilinadi. Faoliyatsizlik va imkoniyatdan foydalanmaslik — behurmatlik emas, balki mas’uliyatsizlik hisoblanadi.
Insonga berilgan aql, kuch va imkoniyatlar — Allohning ne’matidir. Ularni ishga solmaslik — bu ne’matga nisbatan noshukrlik hisoblanadi.
Shuning uchun inson doimo o‘z imkoniyatlaridan oqilona foydalanishi, rizq talabida faol ishtirok etishi va sabablarga bog‘lanishi zarur. Alloh taolo bu dunyoda rizqni o‘z irodasi bilan belgilasa-da, insondan harakat va mas’uliyat talab qiladi.
Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: agar insonning taqdiri va rizqi azaldan belgilangan bo‘lsa, u holda uning bu jarayondagi faolligi qanday ma’no kasb etadi?
Javob shundaki, Alloh taolo o‘zining cheksiz ilmida Qiyomatga qadar bo‘ladigan barcha voqealarni, jumladan, insonlarning qanday faoliyat bilan shug‘ullanishini: kimlarning ilmiy, ijtimoiy yoki iqtisodiy jihatdan faol bo‘lishini, kimlarning esa yalqovlikni tanlashini ham oldindan bilgandir.
Inson taqdirining ma’lum bir qismi aynan uning tanlovlari asosida belgilab qo‘yilgandir. Shu bois, har bir inson o‘z tanlovi orqali taqdirida faol ishtirok etadi [2].
Alloh taolo Qur’onda shunday marhamat qiladi:"Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur."(Najm, 39-oyat)
Ya’ni, inson qilgan harakatining natijasini oladi, uning kelajagi faol sa’y-harakat bilan bog‘liq. Bu oyat insoniy harakatning qadri va zarurligini ochiq ko‘rsatib turadi.
Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham doimo sahobalarni harakat va sabablarga bog‘lanishga targ‘ib qilar edilar.
Bir kuni sahobalardan biri tuyasini bog‘lamay turib: «Tavakkal qildim», dedi. Shunda u zot: «Avval tuyangni bog‘la, keyin tavakkal qil», — dedilar. (Termiziy, Sunan, 2517-hadis)
Bu hadis insonning taqdirga ishonishi bilan birga, harakat qilish burchini ham yorqin ifoda etadi.
Shuning uchun, haqiqiy islomiy qarashga ko‘ra, taqdirga ishonish — faoliyatsizlik emas, balki harakat bilan birga tavakkul qilishdir. Inson o‘z rizqini, baxtini va muvaffaqiyatini izlab topish uchun harakat qilishi, mehnat qilishda jazmli va mas’uliyatli bo‘lishi kerak. Chunki faoliyatsizlik — taqdirni kutish emas, uni tark etishdir.
Islom ilohiyotida "baraka" tushunchasi — Allohdan biror ishga rivoj, xayrli natija va oq fotiha so‘rash ma’nosini anglatadi. Ushbu tushuncha xalq og‘zaki nutqida keng tarqalgan bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan unga mehnat va faoliyatdagi unumdorlik, hosildorlik va daromadda mo‘l-ko‘llik mazmuni yuklangan.
Yuksak ilmiy salohiyatga ega ulamolardan biri — shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari barakaning haqiqiy mohiyati haqida shunday ta’rif berganlar: "Baraka — topilgan mablag‘ning miqdori bilan emas, balki uning qanday maqsadlarga va qay tarzda sarflanishida namoyon bo‘ladi."
Shariat ta’limotlariga ko‘ra, mol-mulkka ega bo‘lgan shaxs, avvalo, o‘z ota-onasi, aka-ukasi, opa-singillari va yaqin qarindoshlariga yordam berishga mas’ul hisoblanadi. Ana shunday tartibda taqsimlangan mol barakali hisoblanadi va insonning amallar daftariga savob sifatida yoziladi.
Aks holda, ya’ni agar inson o‘z molidan tanish-bilishlariga yordam ko‘rsatib, biroq o‘z yaqin qarindoshlarini e’tiborsiz qoldirsa, bunday yordam savobdan xoli bo‘lishi mumkinligi ulamolar tomonidan ta’kidlangan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:"Sadaqani qarindoshlarga berish — ikki karra: sadaqa va qarindoshlik rishtalarini bog‘lashdir" (Imom Tirmiziy rivoyati, №658).
Bu hadisdan anglashiladiki, qarindoshlarga yordam berish — nafaqat saxovat, balki dindorlik, taqvo va ijtimoiy adolatning ham ko‘rinishi hisoblanadi. Yaqinlarga qilingan yaxshilik Allohning roziligiga sabab bo‘ladi, qalbni poklaydi va jamiyatda muhabbat hamda birdamlikni mustahkamlaydi.
Bugungi kunda Yer yuzida millionlab saxiy insonlar borki, ular o‘z boyliklaridan boshqalarning og‘irini yengil qilish, muhtojlarga yordam berish maqsadida mehr-shafqat ila xarajat qilmoqdalar. Ular orasida shariat ta’limotlaridan bexabar bo‘lganlar ham talaygina. Albatta, Buyuk Yaratuvchi bunday insonlarning insoniy fazilatlarini qadrlaydi, ular qilgan yaxshilik va saxovatni bee’tibor qoldirmaydi.
Biroq Qur’oni karimda aniq bayon etilganidek, agar inson Alloh taoloni tanimasa, Uning yagona Zot ekanini inkor etsa yoki Unga farzand nisbat bersa, bunday holda uning qilgan xayrli amallari amallar daftariga savob sifatida yozilmaydi. Chunki imon — har qanday amalning ruhi, asosi va qabul bo‘lishining bosh shartidir. Qur’oni karimda shunday oyat zikr etilgan: «Kimki islomdan o‘zga dinni istasa (ixtiyor etsa), undan (u din) sira qabul qilinmagay va u oxiratda ziyon ko‘ruvchilardandir. »(Oli Imron surasi, 85-oyat).
Shuningdek, ba’zi ulamolar oiladagi bir farzandga boshqalarning ham rizqi biriktirilishi mumkin, degan fikrni ilgari surganlar. Biroq bu qarash ilohiy adolat tamoyiliga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki Alloh taolo har bir insonga alohida mas’uliyat yuklatgan va uning rizqi ham uning shaxsiy harakati, tafakkuri va sa’y-harakatlari bilan bog‘liq ekanini Qur’on va sunnatda ta’kidlagan. Insonga yuklatilgan vazifalardan biri — Alloh yaratgan koinot va jamiyat qonun-qoidalarini o‘rganib, ulardan foydalanishdir [4]. Demak, qaysi farzand o‘z salohiyatini anglab, bilim va tajribasini oshirgan bo‘lsa, uning erishgan muvaffaqiyatlari aynan shu faoliyatning natijasidir.
Xalq orasida keng tarqalgan "Taqdirda nima yozilgan bo‘lsa, shu bo‘ladi" degan ibora ba’zan noto‘g‘ri tushunilib, insonni faoliyatdan, harakatdan va mas’uliyatdan chetga surib qo‘yadi. Ayrimlar bu tushunchani o‘zlariga tasalli yoki sukunat uchun bahona qilib, har qanday harakatni befoyda deb bilib, faqat sabr va shukr bilan cheklanishni afzal ko‘radilar.
Islom ta’limoti esa faoliyatsizlik va taslimkorona munosabatni emas, balki harakat va mas’uliyatni targ‘ib etadi.Ulamolarimiz buni oddiy misollar bilan tushuntirganlar: mo‘l hosil olishni istagan kishi, avval sabablarni — ya’ni urug‘ ekish, suv berish, parvarish qilish kabi amallarni bajaradi. Keyin esa natijani Allohdan so‘raydi. Ya’ni, sabablarga suyanadi, ammo ularga ishonib qolmaydi; shariatga amal qiladi, lekin natijani Yaratgandan umid qiladi.
Xulosa shuki, mo‘min kishi: “Taqdirimda nima bitilgani — ma’lum emas, lekin menga yuklatilgan vazifa ma’lum. Men shariat ko‘rsatmalariga amal qilib, sabablarni yuzaga chiqarish orqali o‘z burchimni ado etishim lozim,”— degan tushunchaga asoslanib, u doimo harakatda, duoda va Allohning roziligini istashda bo‘lishi kerak [2].
Bugungi kunda ko‘plab musulmonlar o‘zlariga shunday savol bermoqdalar: «Nega islomga e’tiqodimiz mustahkam bo‘lsa-da, dunyoviy sohalarda rivojlanmayapmiz?» Bu savol ortida yuksak e’tiqod va samimiy izlanish yotadi. Chunki mo‘min inson Allohga ishongan, diniga sodiq, ibodatiga pand-nasihat bilan yondashadi. Shunga qaramay, ilm-fan, texnologiya, iqtisodiyot kabi sohalarda kutilgan darajada rivojlanmaganimiz ko‘pchilikni o‘ylantirmoqda.
Ushbu savolga Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari o‘z asarlarida quyidagicha javob beradilar: «Osmondagi va yerdagi barcha narsalar inson manfaati uchun bo‘ysundirilgandir. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, har kim qilganiga yarasha bahramand bo‘ladi. Bu ne’matlar faqat mo‘minlar uchun deb qo‘yilmagan» [5].
Bu so‘zlardan ma’lum bo‘ladiki, dunyoviy muvaffaqiyat faqat imonga bog‘liq emas. Balki bu Alloh taolo tomonidan joriy etilgan sabab-natija qonuniyatlariga amal qilishga bog‘liqdir. Ya’ni, kim mehnat qilsa, sabablarga rioya qilsa, uning natijasidan bahramand bo‘ladi — u mo‘min bo‘lsin yoki mo‘min bo‘lmasin.
Ulamolar ta’kidlashicha, mo‘min inson agar dunyoviy harakat qilsa, hatto Allohdan so‘ramagan taqdirda ham, sabablarga amal qilgani uchun rizqlantiriladi. Biroq, agar bu amal Alloh roziligi uchun qilinmagan bo‘lsa, ya’ni niyat xolis bo‘lmasa va tavakkul (Allohga suyanch) mavjud bo‘lmasa, unda bu amal oxirat daftarlariga savob sifatida yozilmaydi.
Shuni ham ta’kidlash lozimki, aks holatlar ham uchraydi: mo‘min shaxs “Alloh xohlasa” deb niyat qilib, Bismillohir Rahmonir Rahim so‘zlari bilan, yuksak tavakkul ila ish boshlasa-da, ko‘p hollarda, agar zarur sabab va vositalarga rioya etilmasa, rejalashtirilgan amal natija bermasligi mumkin. Shunga qaramasdan, agar insonning niyati xolis bo‘lsa va u Alloh taologa suyangan bo‘lsa, mazkur amal oxiratda savobli ishlar qatoriga yozilishi umid qilinadi.
Bu voqelikdan xulosa qilish mumkin: imon va ibodat insonni oxiratda mukofotga yetishtirsa, dunyoviy rivoj va muvaffaqiyat esa sabablarga rioya etish orqali qo‘lga kiritiladi. Ikkalasi ham o‘z qonuniyatlari asosida amal qiladi va birini ikkinchisiga aralashtirish noto‘g‘ri natijalarga olib kelishi mumkin.
Zamonaviy falsafiy qarashlarda ham taqdir, rizq va iroda muvozanati inson kamoloti uchun zarur asoslardan biri sifatida qaraladi. Insonning harakatlari va tanlovlari — uning taqdirini anglash va amaliy ro‘yobga chiqarishga qaratilgan hayotiy yo‘lidir.
3. O‘tgan kunni tahlil qilish — ma’naviy kamolot omili
Bilamizki, Yer yuzidagi har bir balog‘at yoshiga yetgan, aql-xushini tanigan inson ertaga va undan keyingi kunlarda nima ish qilishini rejalashtiradi. Ular, erta kuniga mo‘ljallagan ishlarining barchasi yoki bir qismi amalga oshishi, yoki umuman amalga oshmasligi mumkinligini juda yaxshi biladilar. Rejalashtirgan ishlarining bir qismi amalga oshmasa, keyingi kunlarda qanday yo‘l tutishni o‘ylab, fikr-mulohaza qilishadi.
Mo‘min-musulmonlar esa bilishadiki, ular rejalashtirgan har qanday ish faqat Alloh xohlasa amalga oshadi. Insonning xohishi Allohning irodasidan hech qachon ustun bo‘lmaydi va hukm faqat Unga taalluqlidir.
Bunday mo‘min shaxslar rejalashtirgan ishlari amalga oshmagan taqdirda, uning sababini boshqalardan emas, avvalo o‘zlaridan izlaydilar. Chunki ular yaxshi biladilarki, Alloh taolo har bir ish uchun muayyan sabablarni belgilagan, va ana shu sabablar vujudga kelganda, ularga bog‘liq natijalar ham ro‘yobga chiqadi.
Albatta, Alloh xohlasa, bevosita sabablarsiz ham har bir ishni ro‘yobga chiqarishi mumkin. Ammo bunday holatlar juda kam uchraydi — bu hol, inson aqli va ixtiyoridan tashqari, Yaratganning irodasiga xos bo‘lgan istisno holatlar qatoridadir.
Shu bois, ular Allohga suyangan holda, sabr va toqat bilan, keyingi kunlarida ham Buyuk Zotning huzurida yuzi yorug‘ bo‘lgunicha, ilm va harakat bilan hayot yo‘lini davom ettiradilar.
Shuning uchun har bir mo‘min-musulmon, agar ertangi kuniga rejalashtirgan ishlarining qanchasi amalga oshganini, ya’ni taqdirda qanday yozilganini bilishni istasa, keyingi kuni o‘tgan kuniga nazar solishi kerak bo‘ladi. Bu esa Alloh taolo taqdirni belgilashda insonning irodasini ham hisobga olganini ko‘rsatadi. Taqdir — faqat ilohiy ilm asosida belgilangan, lekin unda inson ham o‘z mas’uliyati bilan ishtirok etadi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, inson qilgan har bir harakatining natijasini oladi. Uning kelajagi o‘z faol sa’y-harakatlari bilan bevosita bog‘liq. Shuning uchun, mo‘min inson taqdiri va rizqdagi ulushini anglashni istasa, avvalo o‘tgan kunlarini tahlil qilishi lozim. Bu tahlil — uning ma’naviy kompasi, ichki yo‘llanma vositasi bo‘lib xizmat qiladi.
Bu jarayonda inson o‘z xatolarini anglaydi va shukr hamda sabrni hayotining asosiy unsuriga aylantiradi. Ana shundagina u o‘z taqdirini faol ravishda shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa islomiy dunyoqarashning eng muhim asoslaridan biridir.
Demak, mo‘min-musulmon inson Alloh tomonidan belgilangan taqdirda o‘z hissa va ulushini anglamoqchi bo‘lsa, o‘tgan kuniga nazar solishi, uni tahlil qilishi va keyingi kunlarida ilm va iroda bilan harakat qilishi kerak bo‘ladi. Bu — haqiqiy tavakkul va ma’naviy mas’uliyatning bir ko‘rinishidir.
4. Yoshi ulug‘ insonlarning ma’naviy mas’uliyati
Yoshi ulug‘ insonlar jismoniy jihatdan faol harakatda ishtirok etmasalar-da, ularning ma’naviy tajribasi, hayotiy hikmatlari va xolis duolari jamiyat uchun beqiyos boylikdir. Ana shunday shaxslar — yaxshilikka chorlovchi, yomonlikdan qaytaruvchi, jasoratli maslahatchi va xolis duogo‘ylardir. Ular jamiyat ma’naviyatining tayanchi bo‘lib xizmat qiladilar.
Jismoniy kuchi kamaygan inson uchun eng samarali vosita — ma’naviy yetakchilik va hidoyatni ulashishdir. Bu vazifani ado etish orqali ular nafaqat o‘z salohiyatlarini to‘liq ishga soladilar, balki yosh avlodga tajriba, duo va ma’rifat orqali yo‘l ko‘rsatadilar. Shunday qilib, har bir yoshi ulug‘ mo‘min jamiyatdagi ma’naviy quvvat manbaiga aylanadi.
5. Harom rizq va inson tanlovi
Shu o‘rinda «Harom ham Alloh bergan rizq ekan, u holda nega uni yegan inson jazoga loyiq bo‘ladi?» degan savol tug‘ilishi mumkin. Ulamolar bu savolga Baqara surasining 168-oyati asosida javob beradilar: "Ey odamlar, yerdagi halol-pok narsalardan tanovul qilingiz va shaytonning izlaridan ergashmangiz! Albatta, u sizga aniq dushmandir" (Baqara, 168-oyat).
Ya’ni, insonga Alloh tomonidan halol rizq topish uchun yo‘llar va imkoniyatlar berilgan. Agar banda shayton va nafsga ergashib, Alloh buyurgan halol yo‘lni tark etsa va harom yo‘ldan rizq topsa, u holda gunohi — rizq yegani uchun emas, balki Allohning amriga xilof ravishda haromni tanlagani uchun bo‘ladi.
Alloh taolo insonga ixtiyor bergan — u qaysi yo‘lni tanlashini o‘zi hal qiladi. Shu sababli, harom yo‘lni tanlab, haromni yegan shaxs tanlovdagi xatosi uchun javobgar bo‘ladi. Rizqni Alloh beradi, lekin uni qay tarzda topish insonning irodasi va mas’uliyatiga bog‘liq.
Shu nuqtayi nazardan, inson halol va harom yo‘l o‘rtasini ajratishi, o‘z tanlovining oqibatini anglashi va har bir qadamida shariat me’yorlariga amal qilishi lozim.
Inson nafaqat halol rizq talabida bo‘lishi, balki uni qonuniy va halol yo‘llar bilan topishi kerak. Bu — uning burchi va imtihonidir.
6. Xulosa
Alloh taolo insonning taqdirini O‘z ilmi, hikmati va adolati asosida, Lavhul-mahfuzda muqarrar qilib qo‘ygandir. Ammo bu taqdir — insonning irodasi va mas’uliyatini inkor etmaydigan, aksincha, uni rag‘batlantiradigan muvozanatli ilohiy tizimdir. Inson — ixtiyor sohibi, va u o‘z tanlovlari, harakatlari hamda e’tiqodi bilan taqdir yo‘lida faol ishtirokchiga aylanadi.
Ushbu maqolada bayon etilgan fikrlar shundan dalolat beradiki, mo‘min-musulmon inson o‘z hayotidagi rizq va taqdir masalalariga faqat passiv yoki intizorlik nuqtayi nazaridan qaramasligi lozim. Aksincha, u Allohning irodasiga tayana turib, aql, ilm va ezgu niyat asosida harakatda bo‘lishi, tahlil qilish qobiliyatini ishga solishi hamda tavakkul bilan o‘z yo‘lini belgilashi lozim.
Taqdir va rizq tushunchalari — bir tomondan ilohiy taqsimot, ikkinchi tomondan esa insonning intilish va sa’y-harakatlari bilan shakllanadigan natijadir. Bu muvozanatda insonning ma’naviy kamoloti, qalb pokligi va mas’uliyat hissi alohida o‘rin tutadi. Mo‘min kishi har kunini tahlil bilan o‘tkazib, kelajakka aql va e’tiqod bilan qarashi lozim. Chunki haqiqiy tavakkul — harakatsiz kutush emas, balki harakat orqali natijani Allohga topshirishdir.
Yoshi ulug‘ insonlar esa hayot tajribasi, ma’naviy farosat va samimiy duolari orqali yosh avlodga yo‘l ko‘rsatishda muhim o‘rin tutadi. Ularning duosi va hidoyati kelajak avlodning ma’naviy immunitetini shakllantiradi.
Jannat sari yo‘l — bu munazzam (tartibli, tizimli va rejali) harakat, doimiy tahlil, qalban isloh va xolis tavakkul bilan bezatilgan yo‘ldir. Bu yo‘lda ilm, axloq, sabr va faollik insonning asosiy yo‘ldoshlaridir.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi Yangi O‘zbekiston g‘oyasi — aynan mana shu ilohiy-falsafiy tamoyillar bilan uyg‘un holda qurilmoqda. Uchinchi Islom Renessansi g‘oyasi ham aynan insonning qalb va aqli uyg‘onishi asosida shakllanadi. Shuning uchun ham biz ishonamizki, bu tarixiy jarayonda Prezidentimiz nomi ezgulik va taraqqiyot ramzi sifatida xalq va insoniyat xotirasida abadiy muhrlanadi.
Muallif: O‘zbekiston Milliy universiteti professori, fizika-matematika fanlari doktori Abduraxmonov Umarbek
Ushbu maqolada ilohiy taqdir va inson faolligi o‘rtasidagi muvozanat masalasi islomiy dunyoqarash va zamonaviy falsafiy-ilmiy tahlillar asosida o‘rganiladi. Qur’on va sunnatda taqdir — Allohning mukammal ilmi va hikmati asosida belgilangan ilohiy qonun sifatida ta’riflanadi. Biroq inson faqat passiv mavjudot sifatida emas, balki aql, iroda va mas’uliyat sohibidir. Maqolada inson hayotida faol harakat, sabablarga bog‘lanish, duo va tavakkul muvozanati qay darajada muhim ekanligi yoritiladi. Shuningdek, zamonaviy musulmon jamiyatlarda turmush darajasi va ijtimoiy rivojlanishning inson faolligi bilan uzviy bog‘liqligi tahlil etiladi. Maqsad — ilohiy taqdirni tan olgan holda insonning o‘z taqdiridagi faol ishtirokini asoslab berish hamda bu yondashuvning amalda qanday natija berishini ko‘rsatishdir.
Tadqiqot natijalari dunyoviy va ilohiy fanlar kesishmasida izlanish olib borayotgan tadqiqotchilar, shuningdek, diniy va falsafiy bilimlarga qiziquvchilar uchun ham manfaatli bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 26. 08. 2025 yildagi 03-07/ 5391 -sonli xulosasi asosida tayyorlandi.
Shu qatori, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Fatvo markazi tomonidan mazkur maqola o‘rganib chiqilib, undagi diniy mazmundagi ma’lumotlarga, xususan, taqdir va rizq kabi masalalar borasidagi fikrlarga e’tiroz bildirilmadi (Fatvo markazining 2025 yil 18 avgustdagi 02-01/2144-sonli xulosasi).
[1] Shayx Abdulaziz Mansur. “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri” –T.: Toshkent islom universiteti, 4-nashr, 2012. – 624 b.