Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Noyabr, 2026   |   26 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:39
Quyosh
07:00
Peshin
12:12
Asr
15:31
Shom
17:16
Xufton
18:31
Bismillah
06 Noyabr, 2026, 26 Jumadul avval, 1448

Munosib kuyov

10.12.2024   13788   8 min.
Munosib kuyov

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Oila qurishda faqat kuyov taraf kelin tanlash huquqiga ega emas, balki kelin ham kuyov tanlash huquqiga egadir. Chunki yuqorida aytib o‘tganimizdek, oila, avvalo, ko‘ngilga bog‘liq ma’naviy va ruhiy aloqadir. Bunday aloqada ikki tomon birdek ishtirok etmasa, yaxshilikka erishib bo‘lmaydi. Oilaga er qanchalik zarur bo‘lsa, ayol ham shunchalik zarurdir. Oilaviy aloqalar erning ko‘ngliga qanchalik bog‘liq bo‘lsa, ayolning ko‘ngliga ham shunchalik bog‘liq bo‘ladi.

Aslida, kuyov tanlashda yana ham e’tiborli va mas’uliyatli bo‘lish lozim. Bunday o‘ta nozik va mas’uliyatli ishda zinhor beparvo bo‘lmaslik kerak.

Oisha onamiz roziyallohu anho: «Nikoh qulchilikdir. Sizdan har biringiz o‘z kariymasini qayerga qo‘yayotganiga nazar solsin», – deganlar.

Imom Fazzoliy «Ihyou ulumid-diyn» kitobida:

«Ayolning haqqida ehtiyot bo‘lmoq muhimroqdir. Chunki u nikoh ila qulga o‘xshab qoladi. Undan xalos bo‘lishi qiyin. Er esa, har holda, taloq qilishga qodir», – deganlar.

Ibn Javziy aytadi: «Ayollar erkaklarning tug‘ishganlaridir. Erkakka ayol yoqqani kabi, ayolga ham erkak yoqadi».

Shuning uchun ham Islom shariatida munosib kelinning sifatlariga qanchalik e’tibor berilsa, munosib kuyovning sifatlariga ham shunchalik e’tibor berilgan.

Albatta, doim ta’kidlanayotganidek, bu tanlovda o‘lchov dinimiz qoidalari asosida bo‘lishi lozim. Odamlar qadr-qiymatining o‘lchovi Qur’oni karimda qanday ekaniga nazar solmoq kerak.

Alloh taolo «Hujurot» surasida shunday deb marhamat qiladi: «Albatta, Allohning huzurida eng hurmatligingiz eng taqvodoringizdir» (13-oyat).

Islomda insoniy sifatlarning eng afzali taqvodorlikdir. Alloh taoloning huzurida eng hurmatli, eng aziz, eng mukarram inson taqvodor insondir. Shuning uchun ham kuyov tanlash vaqtida eng birinchi o‘rinda uning taqvosiga e’tibor berish kerak bo‘ladi.

عَنْ سَهْلٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: مَرَّ رَجُلٌ عَلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: مَا تَقُولُونَ فِي هَذَا؟ قَالُوا: حَرِيٌّ إِنْ خَطَبَ أَنْ يُنْكَحَ، وَإِنْ شَفَعَ أَنْ يُشَفَّعَ، وَإِنْ قَالَ أَنْ يُسْتَمَعَ، ثُمَّ سَكَتَ فَمَرَّ رَجُلٌ مِنْ فُقَرَاءِ الْمُسْلِمِينَ فَقَالَ: مَا تَقُولُونَ فِي هَذَا؟ قَالُوا: حَرِيٌّ إِنْ خَطَبَ أَنْ لَا يُنْكَحَ، وَإِنْ شَفَعَ أَنْ لَا يُشَفَّعَ، وَإِنْ قَالَ أَنْ لَا يُسْتَمَعَ، فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ: هَذَا خَيْرٌ مِنْ مِلْءِ الْأَرْضِ مِثْلَ هَذَا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.

Sahl roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilaridan o‘tdi. Bas, u zot alayhissalom: «Mana bu haqida nima deysizlar?» – dedilar.

«Agar sovchi qo‘ysa, qiz berishga, shafoatchilik so‘rasa, shafoat berishga va so‘zlasa, tinglashga arziydigan odam», – deyishdi. U zot jim qoldilar.

Keyin faqir musulmonlardan bir kishi o‘tdi. U zot alayhissalom:

«Mana bu haqida nima deysizlar?» – dedilar.

«Agar sovchi qo‘ysa, qiz bermaslikka, shafoatchilik so‘rasa, shafoat bermaslikka va gapirsa, tinglamaslikka arziydi», – deyishdi.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu haligiga o‘xshaganlarning yer yuzi to‘lasidan ham yaxshiroqdir», – dedilar (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilaridan birinchi o‘tgan kishi faqat boyligi bilan tanilgan odam edi. Ikkinchi bo‘lib o‘tgan kishi Juhayl ibn Suroqa roziyallohu anhu bo‘lib, u kishi kambag‘alligi va taqvosi bilan mashhur kishi edilar.

Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan birga o‘tirgan kishilar u zotning mazkur ikki kishi haqidagi savollariga boylik asosida javob berdilar.

Ha, odamlarning qadr-qiymatini o‘lchash ularning o‘zlariga qo‘yib qo‘yilsa, qadr-qiymatni aynan molu mulkka qarab o‘lchashlari turgan gap. Chunki inson tabiati o‘z holicha qo‘yilsa, ilohiy ta’limotlarsiz mazkur holga tushib qolishi ham muqarrar.

Shuning uchun ham inson qadr-qiymatini o‘lchashni shariat o‘z zimmasiga olgan. Shariat o‘lchovi bo‘yicha, inson qadr-qiymati uning molu puliga, mansabu nasabiga qarab emas, taqvosi va ahli solihligiga qarab o‘lchanadi.

Bir dona taqvodor, ahli solih kambag‘al, Islom dini nazarida, yer yuzi to‘la boy-badavlat fosiqlardan ko‘ra afzaldir.

Islomda insonning qadri molu mulkiga qarab emas, molu mulkning qadri unga molik bo‘lgan insonga qarab belgilanadi. Agar mol-mulk taqvodor kishi qo‘lida bo‘lsa, yaxshi mol-mulk bo‘ladi. Ammo u fosiq va fojir kishi qo‘lida bo‘lsa, yomon mol-mulk bo‘ladi.

Taqvodor, ahli solih odam molu dunyosi bo‘lsa ham, bo‘lmasa ham yaxshidir. Fosiq va fojir odam esa har ikki holda ham yomondir.

Shuning uchun odam tanlashning eng nozik va hassos nuqtasi – kuyov tanlash masalasida ham bo‘lg‘usi kuyovning dindorligiga, taqvosiga va ahli solih ekaniga ahamiyat berish lozim.

عَنْ أَبِي حَاتِمٍ الْمُزَنِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِذَا جَاءَكُمْ مَنْ تَرْضَوْنَ دِينَهُ وَخُلُقَهُ فَأَنْكِحُوهُ، إِلَّا تَفْعَلُوا تَكُنْ فِتْنَةٌ فِي الْأَرْضِ وَفَسَادٌ، قَالُوا: يَا رَسُولَ اللهِ، وَإِنْ كَانَ فِيهِ؟ قَالَ: إِذَا جَاءَكُمْ مَنْ تَرْضَوْنَ دِينَهُ وَخُلُقَهُ فَأَنْكِحُوهُ ثَلَاثَ مَرَّاتٍ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَحَسَّنَهُ.

Abu Hotim al-Muzaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachon sizga o‘zingiz dinidan va xulqidan rozi bo‘lgan kishi kelsa, unga (so‘raganini) nikohlab bering. Agar shunday qilmasangiz, yer yuzida fitna va fasod bo‘lur», dedilar.

«Ey Allohning Rasuli, agar unda (faqirlik va hokazo) bo‘lsa ham-a?» deyishdi.

U zot «Qachon sizga o‘zingiz dinidan va xulqidan rozi bo‘lgan kishi kelsa, unga (so‘raganini) nikohlab bering», deb uch marta aytdilar» (Termiziy rivoyat qilgan va hasan, degan).

Bu hadisi sharifdan dini va xulqi yaxshi bo‘lgan yigit eng munosib kuyov bo‘lishi qattiq ta’kidlanganligi kelib chiqmoqda. Dini va xulqi rozi bo‘linadigan darajadagi kishi tomonidan sovchi kelganida qizni kelinlikka berilmasa, yer yuzida fitna va fasod ish qilingan bo‘lishi uqtirilmoqda.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan bu gapni eshitib, agar u odam kambag‘al yoki boshqa rag‘bat qilinmaydigan sifatlarga ega bo‘lsa ham-a, degan ma’nodagi savolni berganlarida u zotning oldingi gaplarini uch marta qayta takrorlashlari kishidagi dindorlik va yaxshi xulq naqadar ulug‘ sifatlar ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Biz, mo‘min‑musulmonlar kuyov tanlash paytida ushbu nabaviy maslahatlarga amal qilsak, albatta to‘g‘ri yo‘l tutgan bo‘lamiz.

Munosib kuyov tanlash borasidagi barcha dalil va hujjatlarni jamlab, tartibga solib, tahlil qilgan ulamolarimiz asosan quyidagi sifatlarga e’tibor berish lozimligini ta’kidlaydilar:

1. Dindorlik.
2. Taqvodorlik.
3. Husni xulq.
4. Oila mas’uliyatini ado etish qobiliyati.
5. Kelinning tengi bo‘lishi.
 Bunda yoshi, ijtimoiy holati va shunga o‘xshash narsalar ko‘zda tutilgan.

«Baxtiyor oila» kitobidan

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Haj – 2027”: O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistonidagi nufuzli anjumanda ishtirok etadi

06.11.2026   4931   1 min.
“Haj – 2027”: O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistonidagi nufuzli anjumanda ishtirok etadi

Shu yilning 7–11 noyabr kunlari O‘zbekistonning delegatsiyasi Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan Haj xizmatlari xalqaro ko‘rgazmasi va konferensiyasida qatnashadi. Shuningdek, muborak safarni yuqori darajada o‘tkazish bilan bog‘liq vazifalar yuzasidan ikki tomonlama muzokaralar olib boriladi.

Mazkur delegatsiya tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Kamilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Vazirlar Mahkamasi mas’ul xodimi Orifxon Zakirov, “Haj” va “Umra” bo‘yicha attashe Shuhrat Amoniy hamda bir qator soha mutaxassislari o‘rin olgan.

Ushbu anjumanning asosiy o‘ziga xosligi — ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga olib chiqishdir. Xususan, tadbirda haj safarini tashkil etishda raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt imkoniyatlari va ilg‘or innovatsion loyihalar taqdimoti o‘tkazilishi kutilmoqda.

Safar davomida «Haj–2027» mavsumini yuqori saviyada va ko‘tarinki ruhda o‘tkazish maqsadida delegatsiyamiz tomonidan bir qator muhim vazifalar amalga oshiriladi:

Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligi rahbariyati bilan bo‘lajak mavsumga puxta hozirlik ko‘rish yuzasidan muzokaralar olib borish;

Bo‘lg‘usi hojilarimiz uchun mo‘ljallangan mehmonxonalar va transport xizmatlarining sifatini bevosita ko‘zdan kechirish;

Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida ziyoratchilarga yaratiladigan shart-sharoitlar va xizmat ko‘rsatish holatini o‘rganish;

Haj jarayonlariga mas’ul bo‘lgan boshqa hamkor idoralar bilan o‘zaro aloqalarni muhokama qilish va mustahkamlash;

Haj safarini tashkil etishdagi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv-seminarlarida ishtirok etish.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari