Joriy yilning 18 iyul kunidan “Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” tashabbus doirasida yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari keng quloch yoydi.
E’tiborlisi, hayot tajribasiga ega hoji ota, hoji onalarning targ‘ibot ishlarini olib borish, shukronalik hissini yanada kuchaytirish va daxldorlik tuyg‘usini oshirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish borasidagi fidoyiliklari o‘z samarasini bermoqda.
Xususan, shu yilgi hoji ota va hoji onalar imom-xatib va mahalla faollari bilan birga mahallalarda istiqomat qiluvchi ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, notinch, ajrim yoqasida turgan hamda moddiy va ma’naviy ko‘mak zarur bo‘lgan oilalar holidan xabar olib, qimmatli va’z-nasihatlar bilan ularning ko‘ngillariga iliqlik olib kirish barobarida xayriya va ehsonlar ulashmoqdalar.
Oilaviy nizolarni bartaraf etish, ajrim yoqasidagi oilalarni yarashtirish, noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolgan yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish kabi masalalar ijobiy hal etilayotgani quvonarli holdir. Mazkur tashabbus doirasida ishsiz fuqarolar ishga joylandi, uyi ta’mirtalab bo‘lganlarning xonadonlari obod qilindi. Ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam ko‘rsatilib, oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etildi.
Bu ishlarga hududiy hokimliklar, O‘zbekiston musulmonlar idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi bosh-qosh bo‘lib, Respublika ishchi guruhi tomonidan mahalla raislari, faollari, imom-xatiblar, hojilarga mahallalarda amalga oshiriladigan tadbirlar bo‘yicha doimiy tushuntirish ishlari olib borildi.
Shuningdek, 11103 nafar hojilar o‘z mahallalaridagi ijtimoiy himoyaga muhtoj, profilaktik hisobda turuvchi, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, notinch oila, ajrim yoqasida turgan fuqarolarga biriktirish ishlari tashkil etildi.
Biriktiruvga asosan, 18 iyul – 4 dekabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida 1889 ta, Andijon viloyatida 5811 ta, Buxoro viloyatida 2144 ta, Jizzax viloyatida 6144 ta, Navoiy viloyatida 874 ta, Namangan viloyatida 6700 ta, Samarqand viloyatida 9001 ta, Sirdaryo viloyatida 1361 ta, Surxondaryo viloyatida 1797 ta, Toshkent viloyatida 2058 ta, Farg‘ona viloyatida 2066 ta, Xorazm viloyatida 4165 ta, Qashqadaryo viloyatida 4217 ta, Toshkent shahrida 5116 ta, jami 53 343 ta tadbirlar o‘tkazildi.
Hududlarda 11103 ta hojilar ishtirokida 313 138 ta fuqarolar holidan xabar olinib, mahalla raislari, imom-xatiblar bilan birgalikda suhbatlar tashkil etildi.
Mahallalardagi kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand oilalarga mahalla va hojilar tomonidan 3 mlrd. 238 mln. 541 ming so‘m miqdoridagi moddiy yordam, 3 mlrd. 682 mln. 635 ming so‘m miqdoridagi oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etildi.
Shuningdek, 4818 marta tinchlik qadri va shukronilik, 3318 marotaba yoshlar tarbiyasi, illatlarga qarshi kurash, 2697 marotaba ilm-ma’rifatga targ‘ib, 3565 marotaba yot g‘oyalarga qarshi kurash, 7462 marotaba oilaviy janjal va ajrimlar yo‘nalishlarida ishlar olib borildi.
Shu kunga qadar, umum hisobda 53 343 ta tadbirlar o‘tkazilib, unga 313 138 nafar fuqaro qamrab olindi.
Mazkur xayrli tashabbus doirasidagi ishlar davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Ilmning qadr-qimmati barchamizga ma’lum. Ilm sababli Alloh taolo Odamni farishtalardan afzal qildi. Ilm sababidan farishtalarga Odamga sajda qilishni buyurdi. Alloh taolo olimlar va ilm talabidagilarning martabalarini yuqoriga ko‘tardi. U Zot bunday deya marhamat qiladi: «...Alloh sizlardan iymon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur...»[1].
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu aytadilar: “Ilm olinglar! Alloh uchun ta’lim olish – Allohdan qo‘rqishdir. Ilmni dars qilish – tasbehdir. Uni o‘rganish – ibodat, bilmaganga o‘rgatish – sadaqa, amal qilish esa Allohga yaqinlashishdir”.
Ilm sizning qadringizni ko‘taradi va ilm orqali Alloh taologa yaqinlashib borasiz. Abu Bakr Varroq bu borada bunday deydi:
Ilm o‘z sohibin ko‘targay yuksak,
Xoja aylagaydir qulni-da shaksiz.
Rizolik yo‘li ham shul erur demak,
Ilmdan boshqasi abas, keraksiz.
Ilm oluvchi go‘zal odob-axloq ila bezanmog‘i lozim. Umar roziyallohu anhu aytadilar: “Ilm olinglar! Ilm olar ekansiz, sakinat va halimlikni ham o‘rganing. Sizdan ilm o‘rganuvchilar ham sizga nisbatan kamtarin munosabatda bo‘lsinlar, siz ham ilm olayotgan kishingizga tavozeli bo‘ling. Zulmkor olimlardan bo‘lmang. Sizlarning ilmingiz jaholat birla turmas”.
“Men bilmayman” deyish hech qachon ayb sanalmaydi. Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Qalbga rohat beradigan eng go‘zal narsa haqida savol so‘rashganida, “Men bilmayman”, deb javob berishdir”, deganlar.
O‘rgangan ilmingizni odamlardan berkitmang. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mendan bir oyat bo‘lsa ham yetkazinglar”[2], deganlar.
O‘rganayotgan narsalaringizga bee’tibor bo‘lib odamlarga yetkazmay yurish yaxshi emas. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim ilmni berkitsa, Alloh taolo qiyomat kunida unga olovdan bo‘lgan yuganni soladi”, [3] deganlar.
Amal qilinmaydigan ilmda xayr yo‘q. Unday odamning ustiga jild-jild kitoblar ortilgan eshakdan farqi yo‘q.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu bunday deydilar: “Ilm o‘rganib, unga amal qilinglar. Ilm ila chiroyli ko‘rinish uchun ilm o‘rganmang. Umringiz uzoq bo‘lsa, hali shunaqalarni ko‘rasiz, odamlar kiyim kiyib bezanganidek, odamlar ilm olib o‘zlariga oro beradilar”.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Imlni olimlarga maqtanish, u orqali esi past, johillar bilan talashib-tortishish yoki odamlarning e’tiborini o‘zingizga qaratish uchun o‘rganmang. Kim shunday qilsa, u jahannamdadir”[4], deganlar.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Mujodala surasi, 11-oyat.
[2] Imom Buxoriy rivoyati.
[3] Ibn Hibbon, Imom Hokim va Imom Bayhaqiy rivoyati.
[4] Ibn Moja rivoyati.