Bugun, 12 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisligida Ulamolar Kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi, viloyatlar hamda Toshkent shahar bosh imom-xatiblari, tajribali ulamolar va diniy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.
Qur’on tilovati bilan boshlangan majlisda 2024 yilgi ish faoliyat natijalari va kelgusidagi rejalar tahlil qilindi. Shuningdek, Adliya vazirligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotnomalar muhokama etildi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilishda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlar, yangi ochilgan masjid-madrasalar va qayta qurilgan jomelar, Fatvo markazi savol-javoblari, madrasalarlar ilmiy salohiyatini takomillashtirish, imom-xatiblar kasb-mahoratini oshirish va ehtiyojmand oilalarga yordam ko‘rsatish ishlari to‘g‘risida axborot berdilar.
Yig‘ilishda tizimdagi soha xodimlarining lavozim yo‘riqnomalari, hujjat yuritishi, mehnat qonunchiligi, moliya-xo‘jalik va ustav faoliyatiga oid xato-kamchiliklari tanqid qilindi. Shuningdek, belgilangan tartib-qoidalarga rioya etmaganlarga tegishli choralar ko‘rilgani aytildi.
Muftiy hazratlari yurtimiz aholisi huquqiy davlat va qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda istiqomat qilishini ta’kidlash barobarida soha xodimlariga bunday dedilar: “Jamiyatda kim qanday martaba va maqomda bo‘lishidan qat’i nazar qonun-qoidalarga amal qilishi shart. Qonunga itoat – rahbarga itoat, bu esa dinimiz talabidir”.
Majlisda imom-xatiblar faoliyatini rivojlantirish, mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta’minlash, ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash va bugungi davr talablariga javob berish yuzasidan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish kabi vazifalar topshirildi.
Shuningdek, imom-xatiblar mas’uliyatini oshirish va mehnat faoliyatini tahlil qilish uchun SPI baholash mezonini joriy etish, kelgusida imom-xatiblarni rag‘batlantirish, lavozimini ko‘tarish yoki ta’sir choralarini ko‘rishda mazkur tizim asos bo‘lishi qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida tegishli qarorlar qabul qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV