Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2026   |   22 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:18
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2026, 22 Rajab, 1447
Maqolalar

Mushriklarni qatl qilishni man qilib yozilgan maktub

14.12.2024   5718   2 min.
Mushriklarni qatl qilishni man qilib yozilgan maktub

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Imom Molik Kufa ahlidan bo‘lgan bir kishidan rivoyat qiladi:

«Umar ibn Xattob roziyallohu anhu o‘zi yuborgan bir lashkar omiliga: «Menga yetgan xabarga ko‘ra, sizlardan ba’zi kishilar ajam kofirni quvar ekan. U toqqa chiqib berkinsa, «nametars» (qo‘rqma), der ekan. Lekin tutib olgach, o‘ldirar ekan. Allohga qasamki, menga kim o‘shandoq qilgani haqida xabar yetsa, albatta, uning bo‘ynini chopaman», deb maktub yozdi».

Qarang-a, qanday oliyjanoblik! Urush vaqti. Bir dushman toqqa qochib, yashirinib oldi. Lekin uni quvib borgan musulmonning yolg‘on va’da berib, dushmanni o‘ldirishga haqqi yo‘q. Agar yolg‘on va’da berib, biror mushrikni o‘ldirsa, u o‘z hukumati tomonidan o‘lim jazosiga hukm qilinadi.

Imom al-Voqidiy va Ibn Asokir Abdulloh ibn Abu Hadrad al-Aslamiydan rivoyat qiladilar:

«Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bilan Jobiyaga keldik. U ahli zimmadan bir cholning taom tilanib yurganini ko‘rib qolib, uning kimligini so‘radi. «U ahli zimmadan, yoshi ulg‘ayib, zaif­lashib qolgan», deyildi.

Umar uning zimmasidagi jizyani bekor qildi. Keyin: «Undan jizya olib, zaiflashgan chog‘ida taom tilantirib qo‘ydingizmi?!» deb, Baytulmoldan o‘n dirham nafaqa joriy qildi. Uning oilasi bor edi».

Abu Ubayd va Ibn Zanjavayh rivoyat qiladilar:

«Umar roziyallohu anhu bir qari zimmiy cholning masjid eshigi oldida tilanib turganini ko‘rib qoldi va:

«Senga nisbatan insof qilmabmiz. Yoshliging­da sendan jizya olibmiz. Katta bo‘lganingda seni zoye qilibmiz», dedi. So‘ngra Baytulmoldan unga yetarli maosh joriy qildi».

«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Girdobdan chiqish imkoni bormi?

07.01.2026   7359   3 min.
Girdobdan chiqish imkoni bormi?

Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, axborot oqimi misli ko‘rilmagan darajada tezlashgan asrda inson ongi eng katta kurash maydoniga aylandi. Bu maydonda esa eng xavfli qurol mutaassiblik va radikallashuvdir. Ko‘pincha "haqiqatni izlash" niqobi ostida boshlangan yo‘l, afsuski, ko‘plab insonlarni jamiyatdan uzilishga, oilasidan kechishga va oxir-oqibat fojiaga olib kelmoqda.

Biroq eng muhim savol ochiq qolmoqda: Xato qilgan, adashgan va mutaassiblik ko‘chasiga kirib qolgan inson uchun ortga yo‘l bormi?

Hech kim bir kunda radikal bo‘lib qolmaydi. Bu jarayon odatda bilimsizlikdan boshlanadi. Diniy yoki dunyoviy bilimlarning yuzakiligi insonni manipulyatsiya quroliga aylantiradi. Vaholanki, islom dini birinchi navbatda insonni fikrlashga va ilm olishga chaqiradi. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:

«Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!» (Zumar surasi, 9-oyat)

Bu oyat insonni ko‘r-ko‘rona kimgadir ergashishdan emas, balki aql va ilm bilan fikr yuritishga undaydi. Mutaassib inson esa izlanishdan to‘xtagan va faqat muayyan bir guruhning fikrini mutlaq haqiqat deb biladigan kishidir.

Mutaassiblikning eng katta xavfi dunyoni faqat "qora" va "oq"qa ajratishdir. Unda bag‘rikenglik yoki boshqacha fikrlashga joy yo‘q. Inson bu girdobga tushganda, atrofidagi hammani, hatto ota-onasini ham "osiy" sifatida ko‘ra boshlaydi.

Ammo tarix va bugungi kun tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ortga qaytish nafaqat imkon bor, balki zarur hamdir.

Adashgan insonning ortga qaytishiga ko‘pincha qo‘rquv va jamiyatning nafrati xalaqit beradi. Bu yerda eng katta mas’uliyat yaqinlari va jamiyat zimmasiga tushadi. Adashgan insonni jarlikka itarib yuborish emas, balki unga qo‘l uzatish lozim. Zero, Payg‘ambarimiz alayhissalom marhamat qilganlaridek:

«Alloh taolo muloyimdir va muloyimlikni yaxshi ko‘radi. U Zot muloyimlik uchun qattiqqo‘llikka bermagan ajr-mukofotni beradi». (Imom Muslim rivoyati)

Tavba va qaytish yo‘lidagi ilk qadamlar:

  • Muloqotni uzmang: Nafrat bilan emas, mehr bilan yondashing.
  • Tanqidiy fikrlashni uyg‘oting: Savol berishga va voqelikka xolis baho berishga o‘rgating.
  • Ilmga yo‘naltiring: Faqat bitta manba emas, balki sof diniy va ilmiy manbalardan foydalanishga undang.

To‘g‘ri yo‘lga qaytish imkoni har doim bor. Inson xato qilishi mumkin, lekin xatoda oyoq tirab turish — haqiqiy mag‘lubiyatdir. Mutaassiblikdan qaytish — bu faqat fikrni o‘zgartirish emas, bu — hayotga, oilaga va kelajakka qaytishdir.

Shermuhammad Boltayev,

Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo

masjidi imom-xatibi

MAQOLA