Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
«Fiqh» so‘zi «fahmlash», «anglash» degan ma’noni bildiradi. Bu yerda «fahm» so‘zi juda muhim, chunki yuqorida aytib o‘tganimizdek, Ahli sunnani boshqalardan ajratib turgan jihat – bu fahmdir. Salaflar Qur’on va Sunnat bilan birga, bizga Qur’on va Sunnatni fahmlashni ham yetkazishgan. Demak, bizning ustunligimiz fahmlashda, to‘g‘ri fahmlashdadir. Keyinroq fahmning nimaligi haqida batafsil gaplashamiz.
Fiqh – bu fahmlash degani, lekin bu fahmlash «fiqh» so‘zining lug‘aviy ma’nosigina emas, balki aynan dalillarni chuqur va teran anglash deganidir. Buning mohiyatini darslar davomida tushunib boramiz. Biz fiqh maktablarining fahmini, ilmning fahmini va yakka shaxslarning fahmini o‘rganib o‘tdik. Dinni, Qur’on va Sunnatni tushunish qanchalik muhim? Demak, fahm deganda, mana shuni tushunamiz. Birinchi to‘xtalmoqchi bo‘lganimiz mana shu nuqtadir.
Fiqhning istilohiy ma’nosiga kelsak, uning quyidagicha mashhur ta’rifi bor: «Fiqh – bu shariatning tafsiliy dalillardan chiqarib olingan amaliy hukmlari haqidagi ilmdir». Mana shu umumiy ta’rifdir. Bu ta’rifga qisqacha to‘xtalamiz, hamma biladigan gaplarni takror aytib o‘tirmaymiz. Ma’lumotimiz fan doktori darajasidagi odamlar uchun ham manfaatli bo‘lishi uchun ta’riflarni qo‘shimcha sifatida aytib o‘tamiz, xolos.
Yuqorida aytganimizdek, to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishning sababi noto‘g‘ri fahmlashdir. Mana shuni bayon qilish uchun avval hamma biladigan ta’riflarni aytib o‘tish kerak bo‘ladi. Ularni sizlarga o‘rgatish uchun emas, balki bu boradagi qo‘shimcha ma’lumotlarni keltirish uchun zikr qilib o‘tamiz.
Demak, fiqh shariatning tafsiliy dalillardan chiqarib olingan amaliy hukmlari haqidagi ilm ekan. Ilm esa bir narsaning voqelikka muvofiq kelishidir. Fiqh mana shu hukmlar ilmidir. Shuning uchun ham bizning bahsimiz muayyan zotlar haqida emas, ilm haqida bo‘ladi. Fiqh shar’iy amallar haqidagi ilmdir, aqliy ilmlar haqidagi emas. U amaliy hukmlar haqidagi ilmdir. Shar’iy ilmlar aqoid, fiqh va tarbiyani o‘z ichiga olsa, bizning mavzu bularning ichidan faqatgina amaliy hukm bo‘lmish fiqh ilmi haqida bo‘ladi. Bu ilm Qur’on va Sunnatdan olingan, Qur’on va Sunnatdan chiqarib olingan. «Tafsiliy dalillardan» degani shuki, masalan, «Namozni ado etinglar» degan oyat tafsiliy dalil bo‘ladi, undan chiqarib olinadigan hukm namozning farzligi bo‘ladi. Demak, tafsiliy dalil muayyan bir hukmga xos dalildir.
Keltirilgan bu ta’rifimiz usul ulamolarining ta’rifidir. Bu ta’rif bizga hukmni Qur’on va Sunnatdan qanday qilib chiqarib olish haqida umumiy tushuncha beradi. Usul ulamolari fiqhga «ilm» deb ta’rif berishyapti. Nima uchun? Usul ilmi nimani o‘rganadi? Usul hukmlarni Qur’on va Sunnatdan qanday qilib chiqarib olishni o‘rgatadi. Shuning uchun ta’rifda: «Tafsiliy dalillardan chiqarib olingan», deb aytilyapti. Demak, har bir fiqhiy hukmning dalili bo‘ladi. Usul ulamolari tomonidan bunday ta’rif berilishining sababi shuki, bu fan hukmlarni Qur’on va Sunnatdan qanday chiqarib olishni o‘rganadi.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan
Ibn Javziy rahimahulloh aytadi: “Bir ajoyib holat haqida fikr yuritdim: ba’zida mo‘minning boshiga bir ish tushsa, u astoydil duo qiladi, ammo duolarining ijobati ko‘rinmaydi. Umidsizlikka tushay deganda, uning qalbiga qaraladi. Agarda u Allohning fazlidan umidini uzmagani holda taqdiriga rozi bo‘lsa, duoning ijobati tezlashadi. Bu ma’nolar Alloh taolo nozil qilgan oyati karimada o‘z ifodasini topgan: «...Hatto Payg‘ambar va iymonli kishilar: “Allohning yordami qachon (kelar ekan)?» degan edilar. Ogoh bo‘lingki, Allohning yordami (hamisha) yaqindir”»[1].
Shunday holat Ya’qub alayhissalom bilan ham bo‘lgan. U zotning o‘g‘illari Yusuf alayhissalom dom-daraksiz yo‘qolib qolganida, kushoyish kelishidan noumid bo‘lmaganlar. Keyingi o‘g‘illari ham tortib olinganida, u zot Allohning fazlidan umidlarini uzmaganlari holda: «...Shoyadki, Alloh ularning (Yusuf, Binyamin va Misrda qolgan o‘g‘limning) barchalarini (bag‘rimga) qaytarsa...»[2], deganlar.
“Duoyimning ijobat bo‘lish muddati uzayib ketdi”, deb qayg‘urmang. Alloh taolo sizning tazarruingiz, yalinib-yolvorishlaringizni ko‘rishni iroda qilmoqda. Sizni qilgan sabringizga ajr ila mukofotlamoqchi. Siz shayton bilan jang qilishingiz uchun ham duoyingizning ijobatini kechiktirish ila sizni sinayapti.
Gohida Alloh taolo sizning aziymat, qat’iyatingiz naqadar quvvatli ekani va baloga qanchalik sabrli ekaningizni ko‘rish uchun ham dard berib imtihon qiladi. Agar sabr qila olsangiz, demak, siz itoatkor bandalar safidasiz. Bordi-yu, irodasizlik qilsangiz, ziyonkorlardan bo‘lasiz. Sabrdan keyin faqat va faqat yechim, yorug‘ kunlar bor.
Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: “Sabr qilsang, ajrga ega bo‘lasan, baribir yozilgani bo‘ladi. Sabrsizlik qilsang, gunohkor bo‘lib qolasan, baribir yozilgani bo‘ladi”, deganlar.
Shoir aytadi:
Baloyu imtihon kelsa, alarga har on rizo ko‘rsat,
Sinov bergan sihatni ham O‘zi bergay aniq, albat.
Bandasiga ne hukm etsa, hikmati bor, itoat qil,
Bitganidan qutulmoqlik chorasizdir, bil, ey g‘ofil!
Noumidlik xanjarini ko‘kragingga urma ammo,
Ki Allohning qudratila yechilgaydir har muammo.
Allohdan umidingizni uzmang. Sinovlarga sabr qiling, shundagina ulkan ajrlarni qo‘lga kiritasiz. Fazl ibn Sahl aytadi: “Kasalliklarda ne’matlar bor”. Bu borada quyidagilarga e’tiborli bo‘ling:
– gunohlardan tozalash;
– savobni qo‘lga kiritish;
– g‘aflatdan uyg‘onish;
– sog‘lik ne’matini eslab qo‘yish;
– tavbaga shoshilish.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Baqara surasi, 214-oyat.
[2] Yusuf surasi, 83-oyat.