Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Sentabr, 2026   |   14 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:54
Quyosh
06:13
Peshin
12:15
Asr
16:28
Shom
18:20
Xufton
19:34
Bismillah
25 Sentabr, 2026, 14 Rabi`us soni, 1448

Ayollar uy ishlariga mas’ulmi?

14.12.2024   37460   6 min.
Ayollar uy ishlariga mas’ulmi?

Savol: Ayollar uy ishlariga mas’ulmi?

Javob: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Har biringiz o‘z qo‘l ostidagiga mas’uldir. Erkak o‘z xonadoni ahliga, ayol esa erining xonadoniga va bolalariga mas’uldir” (“Sahihi Buxoriy”. № 5200).

Imom Xattobiy aytadi: “Erkakning o‘z oilasi uchun mas’uliyati bu – ularga g‘amxo‘rlik qilish, oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan ta’minlash va yaxshi muomala bo‘lishni anglatadi. Ayolning mas’uliyatiga kelsak, bu uning uy ishlarini basharishi va qaramog‘idagilar, mehmonlarga yaxshilik qilishi sanaladi” (“A’lam al-hadis”. J. 1. – B. 580).

Manbalarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uy ichidagi ishlarga qizlari Fotima roziyallohu anhoni, uydan tashqaridagi vazifalarga esa Ali roziyallohu anhuni mas’ul etib tayinlaganlari rivoyat qilingan (“Musannaf” Ibn Abu Shayba).

Muhaddis Muhammad Obid Sindiy Ayyubiy aytadi: “Uydan tashqaridagi ish deganda o‘tin va suv tashish, oziq-ovqat bilan ta’minlash kabi ishlar tushuniladi, uy ichidagi ishlar esa, non pishirish, supur-sidir, ozodalikka oid ishlar nazarda tutiladi” (“Tavoli’ al-anvor”, J. 6. – B. 410).

Kunlarning birida Fotima roziyallohu anho qo‘llaridagi qadoqlardan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga shikoyat qilib, xizmatkor so‘radilar. Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga yotishdan oldin tasbih aytish xizmatkordan ko‘ra yaxshiroq ekanini aytganlar (“Sahihi Buxoriy”. № 5361).

“Al-Hidoya” asarining muallifi Imom Marg‘inoniy rahimahulloh aytadilar: “Agar ayol o‘ziga yaxshilik qiluvchilardan bo‘lsa, u ovqat tayyorlashi va non pishirishi, uy yumushlari bilan band bo‘lishi kerak. Chunki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam uy yumushlarini Fotima roziyallohu anhoga topshirganlar” (“Muhtorot an-Navozil”. J. 2. – B. 194).

Faqih Imom Saraxsiy rahmatullohi alayhi bunday deganlar: “Ayol kishi uy ishlarini diniy burch sifatida bajarishi shart, lekin qozi tomonidan uy supurish, kir yuvish, ovqat tayyorlash va non pishirish, bolaga qarash kabi ishlarni bajarishga majburlash mumkin emas” (“Al-Mabsut”. J. 5. – B. 209).

Ayrim ulamolar “bolani emizish onaga majburiyat bo‘lganidek, uy yumushlarini bajarish ham ona vazifasidir” deb aytganlar.

Bir rivoyatga ko‘ra, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotima roziyallohu anhoga bunday deganlar: “Allohdan qo‘rqqin, ey Fotima! Robbing oldidagi farz amallaringni ado et va oilang yumushlari bilan shug‘ullangin” (Abu Dovud. “Sunan”. 2988).


Oisha roziyallohu anho va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam

Ahli suffalardan biri rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni va bir guruh ahli suffalarni uylariga taklif qildilar hamda: “Bizga ovqat ber, ey Oisha”, dedilar. Onamiz ovqat qilib keldilar, birozdan keyin: “Bizga yana olib kel, ey Oisha”, degandilar Oisha roziyallohu anho onamiz sut solingan idish olib keldilar...” (Abdurrazzoq “Musannaf”. № 20712. Ibn Abu Shayba. “Musnad”. № 607. Abu Dovud. “Sunan”. № 5040).

Manbalarda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizga “Pichoqni tosh bilan o‘tkirlang” deb aytganlari ham rivoyat qilingan (Qarang: “Sahih Muslim”. № 5086).

Biroq, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning go‘zal xulqlaridan biri uy ishlarida ahli ayollariga yordam berishlari edi (“Sahihi Buxoriy”. № 676).

 

Asmo roziyallohu anho va Zubayr roziyallohu anhu

Abu Bakr roziyallohu anhuning qizi Asmo roziyallohu anho aytadilar: “Zubayrga turmushga chiqqanimda uy yushumlari bilan band bo‘lardim. Uning otiga ham qarardim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Zubayrga bergan yerlaridan xurmolarni uzib, boshimda ko‘tarib kelardim. U ikki mil uzoqlikda edi”.

Imom G‘azzoliy rahimahulloh “Ihyo” asarlarida bu voqeani keltirib, ayollarni uy yumushlariga chorlaganlar (“Ihyo ulumid-din”. J. 3. – B. 232-3).

Qozi Iyoz rahmatullohi alayhi Asmo roziyallohu anhoning uydan tashqarida qilgan ishlari, ya’ni ot parvarishlashi va xurmo ko‘tarib yurishi uning zimmasiga yuklatilgan vazifalar emas, balki qo‘shimcha bo‘lganini izohlaganlar (“Ikmal al-Mu’lim”. J. 7. – B. 75).

 

Ummu Sulaym roziyallohu anhu va Abu Tolha roziyallohu anhu

Anas roziyallohu anhu aytadilar: “[O‘gay otam] Abu Tolhaning [onam] Ummu Sulaymdan o‘g‘li vafot etdi. Ummu Sulaym roziyallohu anho: “Men o‘zim aytmagunimcha, Abu Tolhaga o‘g‘lining vafoti haqida aytmanglar”, dedi.

Abu Tolha roziyallohu anhu uyga qaytib keldi. Ayoli darhol kechki ovqatni tayyorlab, uning oldiga qo‘ydi, u yedi va ichdi. Birozdan so‘ng, ayoli: “Ey Abu Tolha, nima deb o‘ylaysiz bir qavm boshqasidan vaqtinchalikkka bir narsani olib tursa, u ularda Alloh xohlaganicha qolsa-da, keyin egalari qaytarib olsa, vaqtinchalik olib turganlar xafa bo‘lishi kerakmi?” dedi.

“Yo‘q, albatta” dedi Abu Tolha.

“O‘g‘lingiz bu dunyoni tark etdi”, dedi Ummu Sulaym....

 

Xulosa

Demak, yuqoridagi ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, sahobiya ayollar o‘z majburiyatlarini qanday qilib yaxshiroq bajarish va turmush o‘rtoqlarining og‘irini yengil qilish haqida qayg‘urganlar. Ularning asosiy tashvishi turmush o‘rtoqlariga ko‘proq yordam berish, oilaga baraka kirishiga hissa qo‘shish edi.

Davron NURMUHAMMAD

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ustozga ehtirom — ezgu an’ana

25.09.2026   21659   1 min.
Ustozga ehtirom — ezgu an’ana

1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan «Vaqf» xayriya jamoat fondi Xorazm viloyat filiali tomonidan «Imom Faxriddin ar-Roziy» o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan ustoz va murabbiylarning ilm-ma’rifat yo‘lidagi sharafli mehnati e’tirof etilib, ularga samimiy tilaklar bildirildi. Bayram munosabati bilan 8 nafar ustozga 5 million so‘mdan, jami 40 million so‘m miqdorida pul mukofotlari topshirildi.

Shuningdek, boshqa o‘qituvchi va murabbiylarga oziq-ovqat mahsulotlaridan tashkil topgan jamlanmalar hamda maishiy texnika vositalari bayram sovg‘asi sifatida taqdim etildi.

Bayram tadbiri davomida ustoz va murabbiylarga ezgu tilaklar bildirilib, ularning mas’uliyatli va sharafli faoliyatlariga muvaffaqiyatlar tilandi. Zero, ustozga ko‘rsatilgan ehtirom — ilmga, ma’rifatga va kelajak avlodga ko‘rsatilgan ehtiromdir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari