O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh ko‘p tavba qiluvchilar va ko‘p poklanuvchilarni suyadi. Hatto u bandasining tavbasidan xursand bo‘ladi. Uning xursandligi jazirama, qush uchsa qanoti kuyadigan cho‘lda tuyasida ichimligi va taomlari bilan ketayotib uni yo‘qotib qo‘ygan, qidira-qidira umidini uzib o‘limga tayyorlana boshlagan va xushidan ketgan hamda o‘ziga kelib tuyasini topib olgan kishining xursandchiligidan ko‘ra qattiqroq bo‘ladi. Alloh taolo O‘zining mo‘min bandalariga bunday marhamat qiladi:
﴿وَتُوبُوا إِلَى اللَّهِ جَمِيعًا أَيُّهَا الْمُؤْمِنُونَ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ﴾
“Allohga barchangiz tavba qiling, ey mo‘minlar! Shoyadki, najot topsangizlar” (Nur surasi, 31-oyat).
Tavba – ko‘z yoshlar suvi va nadomat olovi bilan qalbni poklashdir. Tavba qalbda olov, nafsda alam, ko‘ngilda siniqlik va ko‘zdagi yoshdir. U Alloh tomon yuruvchilar yo‘llarining boshi va muvaffaqiyatga erishganlarning sarmoyasidir. Tavba qiluvchi inson tazarru qilib yolvoradi, ho‘ngrab yig‘laydi, insonlar xotirjam bo‘lsalarda uning qalbi sokinlashmaydi, maxluqotlar tinchlansada uning qo‘rquvi tinmaydi. Shuning uchun ham kechalari Robbisining huzurida mahzun qalbi, g‘amga to‘lgan ko‘ngli bilan qaltirab turadi. Agar xatolari ko‘pligi va gunohlari katta ekanini his qilsa qalbi qaytadan yonib ketadi, ko‘z yoshlari sel bo‘lib oqadi va bu dunyoni oddiy bir matoh deb bila boshlaydi.
Shu’la: Ijobiy va optimist bo‘lib fikrlang. Agar kunlaringiz yomonlashib ketgan bo‘lsa, bu – tez orada keladigan shodlik va sururga to‘lgan kunlarning boshlanishidir.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan