Sayt test holatida ishlamoqda!
11 May, 2025   |   13 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:35
Quyosh
05:09
Peshin
12:24
Asr
17:22
Shom
19:34
Xufton
21:01
Bismillah
11 May, 2025, 13 Zulqa`da, 1446
Maqolalar

Shaytonning 3 amalidan uzoq bo‘ling!

16.12.2024   4600   20 min.
Shaytonning 3 amalidan uzoq bo‘ling!

Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Xamrning harom qilinishidan ko‘zlangan hikmat nima edi, xamrning harom qilinishi tarixi qanday bo‘lgan?
Xamrning harom ekaniga qanday hujjat-dalillar bor? Shu va shunga o‘xshash savollarga quyida javob berib o‘tamiz.

Alloh taolo mo‘minlarga qarata bunday xitob qiladi: “Ey iymon keltirganlar, xamr (mast qiladigan ichimlik ichish), qimor (o‘ynash), tiklab qo‘yilgan butlar (ya’ni, ularga sig‘inish) va cho‘plar (bilan folbinlik qilish) shayton amalidan bo‘lgan nopok ishdir. Bas, undan uzoq bo‘lingiz, shoyad najot topsangizlar! Xamr va qimor sababli shayton o‘rtalaringizga buzg‘u adovat solishni hamda sizlarni Allohni zikr qilishdan va namoz o‘qishdan to‘sishni istaydi, xolos! Endi to‘xtarsizlar!” (Moida surasi, 90-91 otlar).

Mazkur ikki oyatda xamr – mast qiluvchi ichimliklarning hamma turi harom ekani va mo‘min-musulmon banda undan o‘zini ehtiyotlab yurmog‘i lozimligi ochiq-oydin aytilmoqda. Bu yerda, shuningdek, qimor (narda, karta va shu kabi o‘yinlar) o‘ynash, but-sanamlarga ibodat qilish, har xil vositalar yordamida folbinlik qilib, g‘aybiy narsalarni bilishga urinish ham la’nati shaytonga xos bo‘lgan ishlardan ekani, kimki bu ishlarni qilsa, vaqtida shu ishidan qaytib, tavba qilmasa, shayton amalini qilib, oqibati ayanchli bo‘lishi ta’kidlanmoqda.
Mazkur oyatlarni yaxshilab tushinib olish uchun ularning har biriga alohida to‘xtalib o‘tish lozim.

Ushbu oyatda harom qilingan narsalardan to‘rttasi zikr qilinmoqda. Ularning birinchisi “xamr”dir.
“Qimor” o‘yini oyatning asl arabiy matnida “maysir” so‘zi bilan ifodalangan. “Qimor” so‘zi asli arabcha bo‘lsa ham, bu yerda uning murodifi (sinonimi) ishlatilmoqda. “Maysir” so‘zi “yengillik, osonlik” ma’nolarini anglatadi. Chunki qimorda kimdir hech bir qiyinchiliksiz katta miqdordagi pulni yutib oladi va shu yo‘l bilan boyib ketadi.
“Tiklab qo‘yilgan butlar” johiliyat davrida mushriklar ibodat qilib, o‘z jonliqlarini so‘yadigan but-sanamlardan iboratdir. Alloh taolo bu yerda iymon keltirganlarni o‘sha shirk amaldan qaytarmoqda.
“Cho‘plar (bilan folbinlik qilish)”. Alloh taolo Moida surasining avvalida “... cho‘plar bilan qismatingizni bilishga urinishingizni harom qildi” (3-oyat) degan.
Cho‘plar bilan fol ochish johiliyat davri arablariga xos odatlardan edi. Ularning biriga: “Qil”, ikkinchisiga: “Qilma”, uchinchisiga hech narsa yozilmasdi. Agar ular turmush qurmoqchi, safarga chiqmoqchi yoki biron muhimroq ishni boshlamoqchi bo‘lsalar, shu yo‘l bilan o‘z “baxt”larini sinab ko‘rib, fol ochishardi. Agar ularga birinchi yozuv, ya’ni “qil” degan yozuv chiqsa, ular o‘sha ishni kuchli azmu-qaror bilan amalga oshirar, agar ikkinchisi chiqsa, uni butunlay tark qilar, uchinchisi chiqsa, fol ochishni qaytadan amalga oshirar edilar. Bu narsa g‘ayb ilmini bilishga bo‘lgan urinish va kohinlik ishlaridan sanalgani bois Alloh taolo bundan amallardan bandalarini qat’iy qaytargan.
Alloh taolo bu oyatlarda xamr, qimor, but-sanamlarga ibodat qilish va folbinlik bilan shug‘ullanishni jamlab zikr qilmoqda. Zero, ular zarar jihatidan bir-biriga yaqindir. Ya’ni, xamr va qimor, but-sanamlarga topinish va folbinlik, ham haromlik jihatidan, ham gunoh jihatidan bir-biriga tengdir. Bularning barchasi johiliyat davri ishlaridandir.

Zamaxshariy aytadilar: “But-sanamlarga ibodat qilgan, Allohga shirk keltirgan, xamr ichgan va qimor o‘ynaganlar orasida hech qanday farq yo‘qdir!”.


“Ey iymon keltirganlar...” Bu yerdagi nido barcha mo‘minlarga tegishlidir. Oyati karimada hammaga emas, balki faqat iymon keltirganlarga xitob qilinayapti, chunki Allohga iymoni bo‘lmagan odam U Zotning amr va qaytariqlariga ham quloq tutmaydi.
Ya’ni: Alloh taologa haqiqiy va yaqiyn iymon keltirgan ey mo‘minlar, albatta aqlni to‘sib, kishini to‘g‘ri fikr yuritishdan to‘suvchi xamrni iste’mol qilish va u bilan bog‘liq boshqa holatlar, tasodifga asoslangan qimor o‘yini va u orqali pul topish, qurbonlik va ibodat qilish uchun tiklab qo‘yilgan butlarga sig‘inish hamda kishi kelajagini bilishga qaratilgan fol cho‘plari bilan fol ko‘rish “shayton amalidan bo‘lgan nopok ishdir”. Bu yuqorida sanab o‘tilgan to‘rt narsaning sifatidir.
Ya’ni: mana shu narsalar, ularni iste’mol qilish va shug‘ullanish nopok va harom ishlardandir. Ularni to‘g‘ri fikr va sog‘lom alq egalari qabul qilmaydi, balki inkor etadi. Zero, bu ishlarni insonga shayton ziynatlab, chiroyli qilib ko‘rsatadi. Zero, shaytonning o‘zi nopokdir, nopok esa faqat nopoklikka chaqiradi. Ayni paytda shayton insonning ashaddiy dushmani bo‘lib, u odam bolasiga yomonlikdan boshqa narsani ravo ko‘rmaydi.
Bu ishlar shaytonga nisbat berilishidan ularning o‘ta qabih va manfur ishlardan ekanini bilib olamiz.

“Bas, undan uzoq bo‘lingiz, shoyad najot topsangizlar!”. Bu yerdagi “undan” olmoshi “nopok ish”ga, nopok ishlar sirasiga kiruvchi to‘rt illat – xamr, qimor, tiklab qo‘yilgan butlar va folbinlik qilish cho‘plariga tegishlirdir. Oyatda “undan” deb birlik shaklda aytilishiga sabab shuki, xamr, qimor, but-sanamlarga sig‘inish va folbinlik qilish – bularning hammasi “nopok ish” deb jamlanmoqda va so‘ngra o‘sha nopok ishdan uzoq bo‘lishga chaqirilmoqda.
Ya’ni: vaholanki, mana shu to‘rt narsa sog‘lom aql tasdiqlamaydigan nopok va najas narsalar sirasiga kirar ekan, bas, ey mo‘minlar, dunyo va Oxiratda najot topishingiz uchun ularni tark qiling, yaqiniga ham yo‘lamang! Men sizlarni bu razil ishlarni nafaqat tark etishga, balki undan uzoq yurishingizga amr qilaman!
Shundan so‘ng Alloh taolo xamr va qimorning dunyoviy va uxroviy zararlarini bayon qiladi:

“Xamr va qimor sababli shayton o‘rtalaringizga buzg‘u adovat solishni hamda sizlarni Allohni zikr qilishdan va namoz o‘qishdan to‘sishni istaydi, xolos!”.
Ya’ni: shayton mana shu munkar ishlarni sizlarga ziynatlab ko‘rsatish bilan o‘rtalaringizda bo‘lib turgan munosabatlarga rahna solish, oralaringizga hasad, nafrat va adovat urug‘larini sochishni xohlaydi.
Bularning barchasi xamr va qimor sababidan yuzaga keladi. Agar aroqxo‘rlar mast bo‘lib olsalar, aql-xushni yo‘qotib, hidoyatdan mahrum bo‘ladilar, yaxshini yomondan, yomonni yaxshidan ajrata olmay qoladilar, dushmanni do‘st tutib, hatto o‘zlarining yaqin do‘stlarini ham dushman sanay boshlaydilar, bir-birlari bilan janjallashib, jiqqa-musht bo‘ladilar. Mana shu narsalar odamlar orasida nafrat va adovat olovini yoqadi va natijada kishilar o‘rtasida kelishmovchilik va nizolar kelib chiqadi. Buni Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu misolida ham ko‘rishimiz mumkin.
Qimor ham xuddi shunday. Qimorda faqat bir tomon yutadi, ikkinchi tomon bor butidan, mol-mulkidan ajraydi. Yutqazgan odam bunga beparvo qarab turmaydi, endi u yutgan odamga bor kuchi bilan adovat qila boshlaydi. Chunki inson tabiatan mol-dunyoga harismand bo‘lib, ko‘z o‘ngida bir zumda mol-mulkidan mahrum bo‘lgan odam uni qaytarishga, juda bo‘lmaganda o‘sha raqibiga biron zulm qilishga, aziyat yetkazishga harakat qiladi. U, avvalo, qalbida unga bo‘lgan kuchli adovat va qasos olish rejasini tugib qo‘yadi, kuni kelib uni amalga oshiradi. Natijada talon-tarojlik, qotillik, o‘g‘rilik kabi jinoyatlar sodir etiladi.
Shunday qilib, xamr va qimor odamlar orasidagi munosabatlarga rahna solib, o‘zaro aloqalarning uzilishiga sabab bo‘ladi. Bu xamr va qimorning dunyoviy zararlari edi. Oyati karima davomida u ikkisining uxroviy zararlari haqida ham to‘xtalib o‘tiladi:

“... hamda sizlarni Allohni zikr qilishdan va namoz o‘qishdan to‘sishni istaydi, xolos!”.
Ya’ni: shayton sizlar xamr ichish va qimor o‘ynash bilan shug‘ullanishingiz tufayli Allohning zikridan, U Zotga ibodat qilib, qurbat hosil qilish hamda Dinning eng asosiy ustunlaridan bo‘lgan namozni bekamu-ko‘st ado etishdan to‘sadi, mashg‘ul qilib qo‘yadi.
Aroqxo‘r mast bo‘lishi bilan aqlini yo‘qotadi. Aql ketganidan keyin esa banda Allohga itoat etish, U Zot buyurgan amallarni, xususan namozni bajarishga qodir bo‘lmaydi. Bu haqiqat hali xamr butkul harom qilinmasidan avval o‘z tasdig‘ini topgan. Abdurahmon ibn Avf ismli sahobiyning uyiga sahobalar yig‘ilishib, u yerda taom iste’mol qiladilar va xamr ichadilar. Shom namozi vaqti kirganida, ulardan biri imomlikka o‘tib, qiroatida xatolikka yo‘l qo‘yadi. Mana shuning o‘zi xamr bandani namozdan to‘sishiga yaqqol misoldir!
To‘g‘ri, banda ham namoz o‘qib, ham aroq iste’mol qilishi va shu kabi holatlar kuzatiladi. Lekin bunda u namozni talab etilgan darajada – xushu’-xuzu’ bilan to‘liq ado etolmaydi. Qolaversa, hadislarning birida bir marta xamr iste’mol qilgan odamning qirq kunlik namozi qabul bo‘lmasligi aytilgan. Balki oyatdagi “namozdan to‘sadi” degani “namozning qabul qilinmasligi”ni anglatar. Vallohu A’lam!

Qimor o‘ynaydigan odam shu yo‘l bilan pul topish halol deb biladi. Bunday kishida sof iymon halovati va sog‘lom aql bo‘lmaydi. Natijada u Alloh buyurgan ibodatlarni bajarish u yoqda tursin, ular haqida o‘ylab ham ko‘rmaydi.
Alusiy rahmatullohi alayh aytadi: “Shaytonning xamr tufayli bandani Allohning zikri va namozdan to‘sishiga sabab shuki, aroqxo‘rda mastlik va “quvonch” paydo bo‘ladi, u jismoniy lazzatlarga g‘arq bo‘ladi. Bunday holda u o‘z-o‘zidan ibodatdan chetda bo‘ladi. Qimor o‘ynaydigan odam agar yutsa, qalbi quvonchga to‘lib, g‘alaba va mol-dunyoga bo‘lgan muhabbati uni ibodatdan to‘sadi. Agar mag‘lub bo‘lsa, umidsizlikka uchrab, g‘am-tashvish ichida qoladi va u endi faqat va faqat o‘z dushmani ustidan yutish haqida o‘ylay boshlaydi. Bunday holatda uning xayoliga ibodat qilish kelarmidi?!”.

“Endi to‘xtarsizlar!” Bu xamr, qimor va shu kabi harom ishlarning dunyoviy va uxroviy zararlari bayon qilingach ham ularni iste’mol qilishda davom etadiganlar uchun qattiq malomat va tergov ma’nosida aytilmoqda.
Ya’ni: bu harom ishlardan tezda to‘xtanglar! Zero, Men sizlarga ularning zararlarini bayon qildim. Sizlar xamr ichishdan to‘xtaysizlarmi, yo‘qmi?!
Baqara surasida xamr haqidagi oyat nozil bo‘lgach, undan so‘ng Niso surasidagi namoz paytida mast holda namozga yaqinlashmaslik to‘g‘risidagi amrlardan so‘ng ham musulmonlar taraddudda, ikkilanishda edilar. Ular xamrni butunlay tashlab yubormadilar. Ba’zilar tashlasalar, ba’zilari namozdan boshqa paytlarda ichar edilar. Bu oyatda esa musulmonlarga qattiq ohangda nido qilinib, ularni xamr ichishdan butunlay, batamom to‘xtashga chaqirilmoqda.

Tibbiyot sohasi rivojlangani sari xamrning sihat-salomatlikka o‘ta zararli ekani ma’lum bo‘lmoqda. Avvalo, xamr miya hujayralariga katta ziyon yetkazadi, uning ish faoliyatini susaytirib, miyaning charchashini tezlatadi. Shuningdek, xamr ichish natijasida miyaga qon quyiladi va bu esa katta miqdorda miya hujayralarining halok bo‘lishiga olib keladi.
Xamr ichish natijasida jigar hujayralari nobud bo‘ladi. Natijada jigarda chandiqlar paydo bo‘ladi. Jigarga to‘xtovsiz ravishda oqib kelayotgan va jigarda qayta ishlanib yurakka boradigan vena qonlari bu chandiqlardan o‘ta olmay to‘plana boshlaydi. Bu to‘planish boshida jigarning kattalashuvi va unda og‘riqlar paydo bo‘lishi bilan aniqlanadi. So‘ngra jigar kichraya boradi. Jigardan qon o‘ta olmagani sababli oyoq, qo‘l, qorin va yuzlarda ishishlar paydo bo‘la boshlaydi. Oxir-oqibat bu narsa bemorning ayanchli suratda halok bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Xamr nasl va zurriyotga katta zarar yetkazishi ham olimlar tomonidan isbotlangan. Ichkilikka ruju’ qo‘ygan erkaklarning jinsiz bez hujayralari mast qiluvchi ichimliklar ta’sirida nimjon, kam harakatli, yaroqsiz bo‘lib, ular orasida to‘liq yetilmaganlari ham ko‘p bo‘ladi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, bunday urug‘lar otalantirishga qodir bo‘lmaydi. Natijada bepushtlik kasali vujudga keladi. Xamr iste’mol qiluvchi ayollarda ham xuddi shunday holat kuzatiladi. Ilmiy tekshiruvlar shuni ko‘rsatadiki, xamr iste’mol qiluvchi onalarning birontasidan ham sog‘lom bola tug‘ilmagan, aksincha ulardan ma’naviy buzuq, maishatga o‘ch va shahvatparast, qotilliklar sodir etuvchi, zehni past, ruhiy xasta va bepusht bolalar dunyoga keladi. Bu ham xamrning zurriyotga naqadar xavfli ekanini anglatadi.
Shuningdek, xamr iste’mol qilish bir qator og‘ir ruhiy xastaliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Qimorning zararlari haqida gapiradigan bo‘lsak, shuni aytish mumkinki, qimorda boshqalarning molini botil-harom yo‘l bilan yeyish bor. Bu narsa esa oqibatda qimor o‘ynaguvchilarni o‘g‘rilik, talonchilik, mol-dunyoni zoye qilish, oilalardagi notinchlikka olib boruvchi hatti-harakatlar, zimdan birovlarga adovatda bo‘lish va yana ko‘plab qabih jinoyatlar, razolat ishlarga undaydi.
Aqlni ketkazadigan xamrda ham, mol-dunyosi garovga qo‘yilib, bir zumda kambag‘allikka uchrab qolish xavfi bo‘lgan qimorda ham hech qanday yaxshilik yo‘q. Bu ikkisining ozroq manfaati ular keltiradigan behisob zararlar tomonidan yuvib yuboriladi.

Rivoyat qilinishicha, A’mash ismli kishi Islomni qabul qilish uchun Madinaga qarab ketayotganida, yo‘lda unga ba’zi mushriklar yo‘liqib: “Qayerga ketayapsan?” deb so‘rashadi. U esa Muhammad sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga ketayotganini aytadi. Shunda ular: “Uning oldiga borib nima qilasan? U seni namoz o‘qishga buyuradi”, deyishdi. “Parvardigorga xizmat qilish vojibdir”, dedi u. Shunda ular: “U senga mol-dunyoyingni kambag‘allarga berishga amr qiladi”, deyishdi. U: “Albatta yaxshilik qilish lozim”, dedi. Shunda unga: “U seni zinodan qaytaradi”, deyildi. A’mash bo‘lsa: “Albatta zino fahsh ishdir, ustiga-ustak men qarib qolgan bo‘lsam, unga hojatim yo‘q”, dedi. Shundan so‘ng unga: “U seni xamr ichishdan qataradi”, deyildi. U bo‘lsa: “Bunisiga chidolmayman”, dedi va ortiga qaytdi. A’mash o‘zicha: “Bir yil to‘yib xamr ichaman, Muhammadning oldiga keyin boraman”, dedi. Ammo u niyat qilgan manziliga yetib borolmadi – tuyadan yiqilib, yelkasi sindi va to‘satdan vafot etdi (“Bahrul-’ulum”, 1-juz’, 183-bet).

Ibn Umar roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Har bir mast qiluvchi narsa xamrdir va har bir xamr haromdir” (Imom Muslim, Nasoiy, Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyati).


“Har bir xamr haromdir” degani mast qiluvchi ichimlik yoki taomlarning har qanday turi haromligini anglatadi.
Alloh mast qiluvchi ichimliklarni nima sababdan harom qildi? U Zot bizlarning ichmay yurishimizga muhtojmi? Yo‘q, aslo unday emas. Alloh taoloning bandalariga bo‘lgan mehribonligi shu qadar yuksakki, U bandalariga zarari bo‘lgan har qanday narsani harom qilgan, bu narsalardan va ularni iste’mol qilishdan qaytargan. Lekin buning asl haqiqatini yaxshi tushunmaganlar xamr va shu kabi nopok narsalarning harom qilinishini xuddi o‘zlariga qilingan zulm deb qabul qiladilar. Go‘yo ularning nazarida xamrning harom qilinishi bandalarni ne’matdan cheklab qo‘yish sanalarmish. Biroq bu tor fikrlash va qisqa o‘ylashdan boshqa narsa emas.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Har bir mast qiluvchi narsa xamr sanalishi.
2. Xamrning har qanday turi harom ekani.
3. Mo‘min-musulmon odam harom narsalardan uzoq yurishi lozimligi.

Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhu aytadi: “Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizning oldimizga chiqib: “Albatta Robbim menga (va menining ummatimga) xamrni, qimorni, “mizr”ni, “kuvba”ni va “qinniyn”ni harom qildi”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
“Mizr” arpa, bo‘g‘doy va jo‘xoridan tayyorlanadigan xamr turi ekani yuqorida aytib o‘tildi.
“Kuvba” so‘ziga turlicha ta’rif berilgan. Al-Xattobiy “Maolim”da: “Kuvba do‘mbira ma’nosini anglatadi”, deb aytgan. Ba’zilar uni narda deb tushuntirishgan. Umumiy tarzda oladigan bo‘lsak, barcha cholg‘u asboblari, shu qatorda ud va kishini ibodatdan chalg‘ituvchi, bekorchi narsalar “kuvba” sirasiga kiradi. Sufyon aytadi: “Men Ali ibn Baziymadan “kuvba” haqida so‘radim. U: “Kuvba do‘mbiradir”, deb javob berdi” (Abu Dovud va Imom Ahmad rivoyati).
“Qinniyn” so‘ziga ham ulamolar tomonidan turli xil ta’riflar berilgan. Ibn Qutayba: “Qinniyn rumliklar qimor o‘ynaydigan vosita”, degan. Ba’zilar esa: “Qinniyn habashlarning tamburidir”, deyishgan (Ibn Manzur, “Lisanul arob”, 5 juz’, 3759-bet).
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Alloh taolo harom qilgan narsalarning eng avvalida xamr turishi.
2. Xamrdan tashqari qimor, har xil lag‘v va chalg‘ituvchi narsalarning harom ekani.

Muoviya roziyallohu anhu aytadi: Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning shunday deganlarini eshitganman: “Har bir mast qiluvchi narsa har bir mo‘min (erkak va ayol)ga haromdir” (Ibn Hibbon “Sahih”da rivoyat qilgan).
Mazkur hadisda xamr mo‘min kishi uchun harom ekani ta’kidlanmoqda. Chunki faqat mo‘min kishigina bunga ishonadi va iymon keltiradi. Xamrning harom ekanini bilish uchun kishidan iymon va Islom talab etiladi. Kofir, mushrik yoki munofiqlar esa, xamrning haromligiga iymon keltirmaydilar va bu ishdan qaytmaydilar.

Har birimiz yaxshilab bilib olmog‘imiz lozimki, xamr va uni iste’mol qilish, shak-shubhasiz, haromdir. Mo‘min odam xamrning haromligiga iymon keltirishi va uni iste’mol qilishdan uzoq yurishi lozim. Agar kimki xamr (masalan, aroq)ni harom emas yoki uning o‘zi harom emas, faqat kayfi harom desa, iymondan chiqib, kofir bo‘ladi. Kim o‘zini bu harom ichimliklardan saqlab yursa, mast qiluvchi narsalarni iste’mol qilmasa, ulug‘ ajr-savobga ega bo‘ladi.
Biz mo‘minlar xamr va shu kabi harom narsalardan nafsimiz xohlamagani yoki sog‘lig‘imiz uchun zararli bo‘lgani tufayli emas, balki aynan Alloh taolo harom qilgani uchun tiyilsak, inshaalloh, ulug‘ savoblarga doxil bo‘lamiz. Agar biron mo‘min kishi xamrning haromligiga iymon keltirib, ammo o‘zini tiya bilmasa, ojizlik qilsa, u katta gunoh sodir etgan bo‘ladi va Oxirat kuni qattiq azob-uqubatga duchor bo‘ladi.
Shuni bilib olishimiz lozimki, agar o‘zini musulmon sanab yurgan kishi xamrni “bismillah” deb ichsa, iymonidan ayriladi. Chunki “bismillah” kalimasi faqat halol taom va ichimliklar iste’mol qilishdan oldin aytiladi. Xamrni “bismillah” bilan ichgan kimsa harom narsani halol sanagan bo‘ladi. Aqoid ulamolari halolni harom yoki haromni halol degan kimsaning iymondan chiqishini ta’kidlab o‘tganlar.

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li

Maqolalar
Boshqa maqolalar

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

08.05.2025   23743   1 min.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi

 

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasini boyitish va takomillashtirishga qaratilgan loyihalar doirasida ishchi guruh rahbarlari bilan muhokama yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati