Har birimiz hayotimiz davomida kasal bo‘lamiz. Bilsak kasallik ham gunohlarimizga kafforot ham sinovdir. Bemor dori-darmonlarni iste’mol qilish bilan birga Qur’oni karim va hadislarda vorid bo‘lgan duolarni o‘qishi ham lozim. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bemor inson salomatligini asrashi uchun qilgan ba’zi tavsiyalarini keltirib o‘tamiz.
Avvalo inson salomatligi uchun me’yorida ovqatlanishi lozim. Chunki ortiqcha ovqatlanish insonning ham jismonan, ham ruhan zaiflashiga sabab bo‘ladi. To‘g‘ri ovqatlanish inson salomatligining asosiy omillaridandir. Shu sababli, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam biz ummatlariga ovqatlanish odobini o‘rgatib bunday deganlar: “Odam bolasi to‘ldiradigan idishlarning eng yomoni qorindir. Odam bolasiga qaddini tutadigan yemak kifoyadir. Agar juda lozim bo‘lsa, taomi uchun uchdan bir, ichimligi uchun uchdan bir va nafasi uchun uchdir bir” (Imom Ahmad, Termiziy rivoyati).
Bir qator mutaxassislar olib borgan tadqiqotlarga ko‘ra, qora sedana inson quvvatini oshirishda, ko‘plab kasalliklarga qarshi kurashda samarali hisoblanadi.
Uchinchidan, Yaratgandan sihat-salomatlik so‘rab duo qiling. Barcha dard ham, shifo ham Allohning irodasi bilan bo‘ladi. Alloh ist’emol qiladigan dori-darmonimizni sabab qilib O‘zi shifo beradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qachonki biror yerlari og‘risa muborak qo‘llarini og‘riyotgan joyga qo‘yib uch marotaba “Bismillah” deb, yetti marotaba bunday der edilar: “A’uzu billahi va qudratihi min sharri ma ajidu va uhoziru” (Imom Ahmad, Imom Muslim rivoyati).
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, kimki kasal bo‘ladimi, yo sog‘ bo‘ladimi hamisha Allohning roziligiga intilish lozim. Albatta, Alloh har narsaga Qodir, ne’matlarini beminnat beruvchi va har narsadan xabardor Zotdir.
Davron NURMUHAMMAD
Ayni kunlarda yurtimizda o‘tayotgan nufuzli xalqaro forum doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi Bosh muftiysi Ahmad Ibrohim Hasanot bilan uchrashuv o‘tkazdilar.
Muloqotda ikki davlat rahbarlarining do‘stona va oqilona munosabatlari diniy-ma’rifiy sohadagi aloqalarni yuqori darajaga ko‘tarishga mustahkam zamin bo‘layotgani e’tirof etildi. Xususan, “Yo‘l xaritasi” doirasida Fatvo markazi ulamolari Iordaniyaning Podshoh Abdulloh II nomidagi Voizlar tayyorlash instituti o‘quvlarida ishtirok etayotgani, fatvolar ishlab chiqishda hamkorlik qilinayotgani, diniy soha xodimlarining o‘zaro tajriba almashishi yo‘lga qo‘yilgani kabilar alohida qayd etildi.
Iordaniya bosh muftiysi O‘zbekiston buyuk alloma va mutafakkirlari bilan butun dunyoga mashhur ekani, xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘iloniy va Qaffol Shoshiy kabi buyuk allomalar merosi bilan nafaqat o‘zbek xalqi, balki butun dunyo musulmonlari faxrlanishini e’tirof etdi.
Ahmad Ibrohim Hasanot O‘zbekiston zaminida o‘tkazilayotgan birinchi xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi juda dolzarb ahamiyatga ega ekani turli mamlakatlardan kelgan davlat arboblari, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, muftiylar, olimlar, tadqiqotchilar va ekspertlarni yagona maqsad – islom sivilizatsiyasining insonparvarlik g‘oyalarini keng targ‘ib etishda muhim maydon vazifasini o‘tashini ta’kidladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati