O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 18 dekabr kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, diniy ta’lim, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 30 iyun kuni Davlatimiz Rahbari Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda juda muhim masalalar kun tartibiga chiqdi.
– Bilinglar, endi davlatlar hududi bilan emas, bilimi bilan, aholi soni bilan emas, texnologiyasi bilan, tabiiy boyliklari bilan emas, inson kapitali bilan raqobatga kirishmoqda, – dedi muhtaram Prezidentimiz. – Bilim, ilm-fan va tafakkur mahsuli bo‘lgan yangi “Bilimlar iqtisodiyoti” hal qiluvchi kuchga aylanib bormoqda.
Men bilaman, o‘g‘il-qizlarimizning har birida katta salohiyat bor, iste’dod bor, iqtidor bor. Sizlar o‘z davrida buyuk kashfiyotlari bilan dunyo sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan, Birinchi va Ikkinchi Renessansning “aql chirog‘i” bo‘lgan buyuk ajdodlarimizning munosib vorislarisiz. Albatta, vorislik faqat faxrlanish emas, vorislik bu ulkan mas’uliyat hamdir!
Ajdodlarimiz insoniyat taraqqiyoti uchun qanday buyuk ishlar qilgan bo‘lsa, sizlar Yangi O‘zbekistonda yangi uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan kuch bo‘lishingiz kerak!..
Kecha Prezidentimiz ana shunday o‘g‘il-qizlarimizdan bir guruhini “Kelajak bunyodkori” medali va “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlash haqidagi farmon va qarorni imzolagan edi. Bugun ushbu mukofotlar o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
– Aziz o‘g‘il-qizlarim! Men sizlardagi shijoat, bilimga tashnalik va yangilikka intilishni ko‘rib, doim ruhlanaman.
Siz – aziz farzandlarimdan bir narsani so‘rayman: katta-katta marralar sari olg‘a qadam tashlang, o‘qing, yangi bilim, yangi kasb va zamonaviy texnologiyalarni egallang, qiyinchilikdan cho‘chimang, mehnatdan qochmang!
Shuni bilingki, ortingizda sizlarni katta umidlar bilan voyaga yetkazgan ota-onangiz bor, sizlarga bilim va tarbiya bergan, kasb o‘rgatgan ustoz va murabbiylaringiz bor, sizlarga hamisha tayanch va suyanch bo‘ladigan, ishonadigan va doim qo‘llab-quvvatlaydigan Prezidentingiz bor!
Yo‘lingiz ochiq, niyatingiz ulug‘, qaddingiz baland bo‘lsin! – dedi Prezidentimiz yoshlar bilan muloqot yakunida.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati