Sizdagi bor va yo‘q ne’matlar haqida fikr yuritib, o‘zingizni tanishingiz uchun ikkita varaq qog‘oz oling. Birinchi varaqqa o‘zingizda bor ne’matlarni, masalan, ibodatga, oilaga, tanangizga, salomatligingizga, ijtimoiy aloqalarga oid hamma ne’matlarni yozing. Ikkinchi varaqqa esa sizda bo‘lmagan ne’matlarni – ibodatga, oilaga, tanangizga, salomatligingizga, ijtimoiy aloqalarga oid va hokazo, barcha ne’matlarni yozing.
Endi sizda yo‘q ne’matlar yozilgan varaqni olib, ular haqida bir kun davomida mulohaza qiling, keyin ularni atrofingizdagi insonlarda bor ne’matlar bilan solishtirib chiqing. Kechqurun esa nimalarni his qilganingizni yozib qo‘ying.
Keyingi kuni sizga berilgan ne’matlar yozilgan varaqni olib, u haqda ham kun bo‘yi fikr yuriting. Keyin uni atrofingizdagi kishilarda yo‘q ne’matlar bilan solishtirib chiqing. Bu haqdagi his-tuyg‘ularingizni ham kechki payt yozib qo‘ying.
Ishonchim komilki, bu tajribadan keyin hayotingiz ijobiy tarafga o‘zgarib ketadi, baxtu saodatga to‘lib ketadi.
Yaxshilab o‘ylab, mana shu savolga javob bering: bu oyatni o‘qib, unga amal qilish uchun Alloh sizga bergan qaysi ne’matlarni, kimga aytib berishni o‘yladingiz?
Albatta, bu ne’matlar borligini birinchi navbatda o‘zingizga aytishingiz kerak. Shuning uchun Alloh sizga bergan ne’matlarini o‘zingizga kerak bo‘lsa har kuni eslatib turing. Allohning sizga ko‘rsatgan marhamati haqida o‘zingizga o‘zingiz so‘zlasangiz, ne’matlarni unutishdan, qayg‘uga tushishdan qutulasiz. Shayton sizda yo‘q narsalarga e’tiboringizni tortib, sizni o‘yin qilishiga imkon bermang! Qog‘oz-qalam olib, Alloh sizga bergan ne’matlarni yozib chiqish, bu ro‘yxatga har kuni sizga ato etilayotgan yangidan-yangi ne’matlarni qo‘shib borishingiz naqadar go‘zal! Bu ro‘yxat kundan kunga ko‘payib, son-sanoqsiz bo‘lib ketadi hali. Chunki Alloh taolo "Allohning ne’matlarini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmaysiz. Alloh mag‘firatlidir, rahmlidir" (Nahl surasi, 18-oyat).
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.
Bugun Hakim Termiziy majmuasi muzeyida buyuk allomaning 1200 yillik yubileyi munosabati bilan kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Ko‘rgazmada Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan chop etilgan Hakim Termiziyning ilmiy-ma’naviy merosiga oid kitoblar o‘rin oldi.
Ushbu nashrlar orqali buyuk mutafakkirning ilmiy qarashlari, asarlarining mazmun-mohiyati va bugungi kundagi ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazishga alohida e’tibor qaratildi.
Allomaning boy ilmiy-ma’naviy merosi bugun ham o‘z qiymatini yo‘qotmagan. Unda ilgari surilgan ezgulik, ma’rifat va yuksak axloq g‘oyalari yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga Hakim Termiziyning hayoti, ilmiy faoliyati va ma’naviy merosi haqida hikoya qiluvchi maxsus videolavha ham namoyish etildi.
Mazkur ko‘rgazma allomaning ilmiy merosini keng targ‘ib etish, asarlarini o‘rganishga qiziqishni oshirish hamda ajdodlarimiz qoldirgan bebaho ma’naviy xazinani kelajak avlodlarga yetkazishga xizmat qiladi.
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Matbuot xizmati