Bosh kotib, Musulmon ulamolari uyushmasi raisi, shayx doktor Muhammad bin Abdulkarim Al-Iso ushbu qaror dunyoda xavotirli salbiy qarash kuchayib borayotgan bir sharoitda juda muhimligini ta'kidlab, “Islom rahm-shafqat, bag'rikenglik, adolat va osoyishtalik dini sifatida tinchlik, poklik, insoniylik, mehr-muruvvat, vatanparvarlik, ilm olishga chaqiruvchi din” ekanini qo'shimcha qildi.
Uyushma ekstremistik g'oyalarga qarshi kurash, tinchlik, birgalikda yashash, din va tsivilizatsiyalar o'rtasidagi o'zaro hurmat va qadriyatlarni rag'batlantirishga qaratilgan har qanday xalqaro sa'y-harakatni qo'llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi.
Eslatib o'tamiz, joriy yil 15 mart kuni BMT Bosh Assambleyasi islomofobiyaga qarshi kurash rezolyutsiyasini qabul qildi. Pokiston tomonidan taqdim etilgan hujjatda, jumladan, ushbu masala bo'yicha maxsus vakil tayinlashga chaqirilgan.
Muslimlarga nisbatan zo'ravonlikka qarshi kurashga muvofiqlashtirilgan yondashuvni ham talab qiladigan rezolyutsiyani 113 davlat yoqladi. 44 davlat bu masalada betarafligini bildirdi. Hech bir davlat qarshi ovoz bergani yo'q. Bosh Assambleya Yevropaning bir necha davlati tomonidan taklif qilingan, rezolyutsiya matniga juz'iy o'zgarish kiritish, masalan Maxsus vakil o'rniga Koordinator tayinlash, muqaddas kitobni tahqirlaganga qarshi chora ko'rish to'g'risidagi havolani olib tashlash chaqirig'idan iborat tuzatishlarni qabul qilmadi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish o'z bayonotida odamlarni ajratuvchi, faktni buzib ko'rsatuvchi ritorika butun aholi qoralanishiga olib kelishi, xalqaro hamjamiyat murosasizlik, stereotip va tarafkashlikka qarshi kurashish uchun birlashishi kerakligini uqtirdi.
“Onlayn nafrat so'zlari real hayotda zo'ravonlikni kuchaytiradi”, deya raqamli platformalar nafratni ifodalaydigan kontentni o'zgartirishi, foydalanuvchilarni ta'qibdan himoya qilishi shartligini ta'kidladi.
– Biz aqidaparastlikka qarshi turishimiz, har qanday salbiy ko'rinishlarni yo'q qilishimiz kerak, – ta'kidladi BMT rahbari. – Rahbarlar g'azablantiruvchi so'zni qoralashi, diniy erkinlikni himoya qilishi lozim.
Darvoqe, 15 mart – Halqaro islomofobiyaga qarshi kurash kuni. BMT bu sanani 2019 yil Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahridagi masjidlarga 51 kishining o'limiga sabab bo'lgan hujumlar uyushtirilishi munosabati bilan belgilagan.
Muharrama Pirmatova, O'zA
Albert Enshteyn dars o‘tish jarayonida to‘qqiz masalani to‘g‘ri yozib, o‘ninchisining javobini atay xato chiqardi. Sinfda o‘tirganlar kulib yubordi. Shunda Enshteyn ham qo‘shilib kulib qo‘ydi va so‘zida davom etdi:
“Men to‘qqiz masalani to‘g‘ri yozganimda hech kim meni tabriklamadi. Ammo birgina xato qilganimda hamma kulib yubordi. Hayotda juda ko‘p odam voqea-hodisalarga, kishilarning tutumlariga shunday yondashadi. Ya’ni, o‘zidan boshqalarning yutug‘ini nazardan qochirib, xatosini tez ko‘rishadi. O‘ziga nisbatan esa, unday emas... Sizlarga bu masalani atay xato ishlab ko‘rsatishimdan maqsad, ertangi hayotingizda ana shunday vaziyatlarga to‘g‘ri yondashing. Zero, xato qilmaydigan yagona odam bu – hech narsa qilmaydigan odamdir”.
Darhaqiqat, biz ojiz bandalar Allohning huzurida qancha xatolar, gunoh ishlar qilamiz va Uning mag‘firatidan umidvor bo‘lamiz. Lekin bir inson xato qilsa tezda qo‘limizni bigiz qilib ko‘rsatamiz. Ayniqsa, bizga nisbatan nimadir sodir etib qo‘ysa, kechirmaymiz. Jag‘imiz tolguncha shikoyat qilaveramiz. Bu sinovli, o‘tkinchi dunyoda yondashuvimizni to‘g‘rilab olaylik, azizlar! Shunda yashash ham osonlashadi, halovatimiz ham yo‘qolmaydi...
Akbarshoh Rasulov