Bir yigit nonvoyning oldiga kelib: -– Amaki, singlimning qorni juda och. Lekin pulimiz yo‘q. Iltimos, unga bir dona non bering. Hech bo‘lmasa bir burda non bering. Pul topishim bilan to‘lab ketaman,– deya yolvora boshladi.
Nonvoy uning gapiga quloq tutay demasdi. Bola ham yolvorishdan to‘xtamay “singlim och, singlim och” derdi.
Oxiri nonvoy: – Bu yerga kelchi? Qani singling? Bu yerga olib kel, – dedi. Bola yugurgancha ko‘chaning narigi tomonida turgan singlisini chaqirdi.
Nonvoy: – Isming nima?, – dedi qizchaga.
Qizcha: – Maryam.
Sotuvchi: – Ochmisan?
Qizcha uyalibgina “Ha” dedi.
Nonvoy: – Men sizlarga ikki dona non beraman.
Yigitcha: – Yo‘q, amaki faqat bir dona so‘radim.
Sotuvchi: – Olaver, olaver uyalma – dedi.
Yigitcha: – Amaki rahmat. Pul topganimda albatta beraman deb xursand bo‘lgan holda ketdi.
Nonvoy: – Qachon sen va singling och qolsangiz darhol mening oldimga kelinglar, – deb yigitning qo‘liga ikkita non berdi.
Aka-uka, opa-singlingiz bormi? Ularning doim qadriga yeting. Ularning haqqiga duo qiling. Hech bo‘lmasa telefon orqali bo‘lsa ham, hollaridan xabar oling. Vaqti soati kelganda ularni topolmay qolishingiz mumkin.
Akbarshoh RASULOV tarjimasi
Istig‘for insonning Alloh taolodan gunohlarini kechirishini so‘rashi va uning rahmatiga yuzlanishidir. Islom ta’limotida istig‘for nafaqat gunohlarning kechirilishiga, balki inson hayotida baraka, xotirjamlik va yaxshiliklar ko‘payishiga sabab bo‘luvchi amal sifatida ta’kidlangan.
Bir kishi Tobe’inlarning buyuk olimlaridan Hasan Basriy huzurlariga kelib: Ey imom! osmondan yomg‘ir yog‘mayapti, dedi.
U zot: Allohdan mag‘firat so‘rang (istig‘for ayting), – dedilar.
Keyin boshqa bir kishi kelib: Xotinim farzand ko‘rmayapti, – dedi.
U zot: Allohdan mag‘firat so‘rang, – dedilar.
Yana bir kishi kelib: hayot qiyinchiliklaridan, qashshoqlikdan shikoyat qilaman, – dedi.
U zot: Allohdan mag‘firat so‘rang, – dedilar.
Shunda majlisdagi kishilardan biri: Ajab ekan, ey imom! Kim qanday hojat bilan kelmasin, hammasiga istig‘for aytishni buyuryapsiz, – dedi.
Hasan Basriy bunday javob berdilar: Alloh taoloning ushbu so‘zini o‘qimadingizmi?
“Bas, Parvardigoringizdan mag‘firat so‘ranglar. Albatta, U o‘ta Mag‘firatlidir. Shunda U sizlarga osmondan ketma-ket yomg‘ir yog‘diradi. Mol-dunyo va farzandlar bilan madad beradi, sizlar uchun bog‘lar va anhorlar ato etadi” (Nuh surasi, 10–12-oyatlar).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi
Humoyuddin Xusniddin o‘g‘lining tarjimasi.