Sport bilan muntazam shug‘ullanish, ayniqsa, futbol o‘ynash va shaxmat donalarini surib turish aqlni peshlaydi, tafakkurni teran qiladi, kishida tez qaror qabul ko‘nikmasini shakllantiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 32 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi imom-xatiblari va imom noiblari o‘rtasida shaxmat va mini futbol sport musobaqalari o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov ishtirok etib, musobaqani kirish so‘zi bilan ochib berdilar.
Tabiiyki, har bir musobaqada g‘oliblar aniqlanadi. Bu bellashuvlarda ham g‘alaba kuchlilarga, tajribalilarga kulib boqdi.
Hakamlar hay’ati a’zolarining xulosasiga ko‘ra shaxmat bo‘yicha:
I o‘rin Dilshodbek domla Umirtoyevga (Shayxontohur tumani);
II o‘rin Komiljon domla Nuraliyevga (Yashnobod tumani);
III o‘rin Sarvar domla Muhammadiyevga (Sergeli tumani) nasib etdi.
Shuningdek, mini futbol bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi:
I o‘rinni Chilonzor tumani imom-xatiblari jamoasi;
II o‘rinni Yunusobod tumani jamoasi;
III o‘rinni Uchtepa tumani vakillari qo‘lga kiritishdi.
Musobaqa g‘oliblari tashkilotchi va homiylarning qimmatbaho esdalik sovg‘alari hamda tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Mo‘min kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga yaqin bo‘lishni, U zotga yaqinlashtiruvchi amallarni bajarishni ko‘zlab yashaydi. Alloh taolo Qur’oni karimning Ahzob surasi, 56-oyatida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga qurbat hosil qilishning bosh omili deya salavot va salom yo‘llash ekanini aytib o‘tgan:
إِنَّ ٱللَّهَ وَمَلَـٰۤىِٕكَتَهُۥ یُصَلُّونَ عَلَى ٱلنَّبِیِّۚ یَـٰۤأَیُّهَا ٱلَّذِینَ ءَامَنُوا۟ صَلُّوا۟ عَلَیۡهِ وَسَلِّمُوا۟ تَسۡلِیمًا
“Albatta Alloh va Uning farishtalari Nabiyga salovot ayturlar. Ey, iymon keltirganlar! Siz ham unga salovot ayting va salom yuboring!”.
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh alayhi vasallam: “Menga juma kuni va juma kechasi salavot aytishni ko‘paytiringlar. Kim menga bir salavot aytsa, Alloh unga o‘nta salavot aytadi”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Nabiy alayhi vasallamga salavot aytish Qur’on orqali ham, hadislar bilan ham buyurilgan amaldir. Nabiy ssllallohu alayhi vasallamga Alloh taolo, farishtalar va payg‘ambarlar ham salavot aytishadi. Biz mo‘minlar ham salavot aytishga buyurilganmiz. Bu, nafaqat Alloh oldidagi bandalik vazifamiz, balki ikki olam saodatini ko‘rsatgan ikki olam Sarvari oldidagi ummatlik tashakkurimizdir!
Ya’ni, salavot tilimiz oson aytadigan, yengil qaraladigan oddiy kalima emas, aksincha, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga minnatdorchilik bildirishimiz, rahmat aytishimiz hamda Alloh huzurida yanada darajalari ko‘tarilishini so‘rab bergan duoimizdir.
Salavot so‘zi – duo, rahmat, ulug‘lash va maqtash ma’nolarini anglatadi.
Salavot kimdan hosil bo‘lishiga ko‘ra turli ma’nolarni ifoda etadi. Salavot Alloh taolodan bo‘lsa rahmat, farishtalardan bo‘lsa istig‘for, insonlardan esa duo va ulug‘lashdir. Demak, biz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning haqqilariga salavot ila duo qilgan, sha’ni obro‘larini yanada ulug‘lagan bo‘lamiz. Salavotni ko‘paytirgan sari, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga yaqinlashib boramiz.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salavot aytish maxsus vaqt, kun yoki makonga xoslanmaydi. Biroq, quyidagi holatlarda salavot aytishga yanada diqqatli bo‘lish talab qilinadi:
Duoning avvalida, o‘rtasida va oxirida;
Masjidga kirayotganda va chiqayotganda;
Musulmon birodarlari bilan ko‘rishganda;
Bir majlis va yig‘ilishga to‘planganda;
Xayrli so‘zlarni gapirishdan avval;
Ertalab va kech kirganda;
Uyquga ketishdan avval va uyg‘onganda;
Quloqqa g‘uvullagan ovoz eshitilganda;
Biror narsani unutib qo‘yganda;
G‘am, qayg‘u qiyinchilik vaqtida.
Bundan boshqa o‘rinlarda ham salavot zikr sifatida aytilaveradi. Ko‘p salavot aytishning foydasi ulkan bo‘lib, foydalarning eng ulug‘i qiyomat kuni Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan yaqin bo‘lish va u zotning shafoatlariga erishishdir.
Ibn Masud raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kuni menga eng yaqin odamlar menga ko‘p salavot aytganlaridir”, deganlar.
Shuningdek, salavot aytish nifoqdan pok bo‘lish va do‘zaxdan najot topishga sabab bo‘ladigan ulug‘ amaldir. Va yana dunyo-yu oxiratda hojatlar ravon bo‘lishining sababi hamdir.
Jobir raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga har kuni 100 marta salavot aytsa, Alloh taolo uning 100 ta hojatini ravon qiladi. 70 tasi oxiratda, 30 tasi esa dunyoda”, dedilar.
Salavot aytgan kishiga yaxshilik eshiklari ochiladi faqirlik eshiklari esa yopiladi, gunoh va xatolari kechirilishiga sabab bo‘ladi.
Salavot aytishning bu dunyoda foydalari sanab sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan darajada ko‘p bo‘lsa, oxiratda ham xuddi shunday. Masalan, salavot sohibi uchun qiyomat kuni sirotdan o‘tishda nur, qiyomatning daxshatli holatlaridan najot va omonlik bo‘ladi.
Shu bilan birga, sirotdan o‘tishni ham yengillashtiradi. Hattoki salavot aytgan kishi jannat xushxabarini olmaguncha vafot etmaydi.
Buning dalili Ibn Qoyyim rahimahulloh “Jilaul afham”da Anas ibn Molikdan rivoyat qilgan hadis bo‘lib, Rasululloh alayhi vasallam: “Kim bir kunda ming marta salavot aytsa, jannatdagi o‘rnini bilmay turib o‘lmaydi” (Zaif hadis).
Salavot lafzining eng afzali har namoz ichida aytiladigan mashhur salavotdir. Asosiysi, sanoq yoxud adad emas – ixlos va muhabbat ila aytilgan salavotdir!
Abdulloh Sirojiddinning “Nabiy alayhi vasallamga salavot aytish” kitobi asosida
“Hadis va islom tarixi” kafedrasi katta o‘qituvchisi
N.Saidakbarova va 2-kurs talabasi M.Nigmatova tayyorladi