Cavol: Men bozorda bir do‘konni ijaraga olib, ulgurchi tarqatuvchilardan har-bir mahsulotdan bittadan olib kelib, rastaga qo‘yaman. Qachon sotilsa, o‘rniga yana olib kelaman. Yaqinda eshitib qoldim. Bu ishim joiz emas ekan. Chunki o‘zimniki bo‘lmagan narsani sotishga kirar ekan. Shu to‘g‘rimi? Men qanday yo‘l tutsam to‘g‘ri ish qilgan bo‘laman?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Agar mahsulotlarni sotib olib, sotsangiz, joiz bo‘ladi. Lekin ularni sotib olmagan bo‘lsangiz bu ishingiz durust emas. Chunki siz o‘zingizniki bo‘lmagan narsani sotgan bo‘lasiz. Shuningdek, bir mahsulotni “Qachon, sotilsa, pulini beraman” degan shart bilan olsa ham savdo durust bo‘lmaydi.
Agar mahsulotni sotib olmoqchi bo‘lmasangiz, mahsulot egasining vakili sifatida sotib, bu ishingiz uchun xizmat haqqi olishingiz ham joiz. Lekin bu holatda qanchaga sotilsa, hammasini mol egasiga berish lozim bo‘ladi ("Al-Bahrur-roiq" kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
"Ular yengillikda ham, og‘irlikda ham nafaqa qiladiganlar, g‘azabini yutadiganlar va odamlarni afv qiladiganlardir. Alloh yaxshilik qiluvchilarni yoqtiradir" (Oli Imron surasi, 134-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: "Kim jannatda binolar qurilishini va darajalari ko‘tarilishini xohlasa, zulm qilganni afv etsin, bermaganga bersin va orani uzganga silai rahm qilsin" (Imom Hokim rivoyati).
Boshqa hadisda Nabiy alayhissalom: "Qiyomat kuni bir jarchi, odamlarni afv qilganlar qani? "Robbingiz huzuriga mukofotingizni olgani keling", deb chaqiradi. Afv qilgan har bir musulmon jannatga kirishga haqlidir", deganlar.