Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Iyun, 2025   |   5 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:08
Quyosh
04:53
Peshin
12:27
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:45
Bismillah
30 Iyun, 2025, 5 Muharram, 1447
Maqolalar

Nega nuringizni ortingizda qoldirasiz?

25.12.2024   6042   4 min.
Nega nuringizni ortingizda qoldirasiz?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu

Bugun siz azizlarga so‘zlab beradigan hikoyam Makka shahrida bundan bir necha yuz yillar oldin sodir bo‘lgan hayotiy voqea haqidadir. Bu voqea bilan Saudiyada nashr etiladigan gazetalardan birida tanishganman.

Umra ibodatini ado etish uchun Makka shahriga borganimda gazetadagi “Nima uchun nuringni ortingda qoldirding?” degan maqolaga ko‘zim tushdi. Bu qiziqarli sarlavha meni o‘ziga jalb qildi. Bu nima degani ekan deb qiziqdim. Hikoyani o‘qib, uning mazmunini angladim.

Qadim zamonda o‘ta badavlat odam yashagan ekan. U paytlar qullik davri edi. Bu boyning ham barcha shaxsiy ishlarida unga xizmat qiladigan quli bor edi.

Bomdod namoziga azon aytilganda, xizmatkor tahorat uchun suv tayyorlar va xo‘jayinini uyg‘otardi. Tahoratga yordamlashib bo‘lgach, miltillab yonadigan fonusi bilan yo‘lini yoritib masjidga olib borardi. Bu davrlarda hali elektr tok, chiroqlar yo‘q, yo‘llar zimiston, chang, ko‘chalarda tosh va chuqurlar ko‘p edi.

Shu zaylda qul 20 yildan ortiq xo‘jayiniga xizmat qildi. Kunlarning birida odatdagidek bomdod namoziga ketishayotganida boy yurishdan to‘xtab, joyida biroz jim turib qoldi-da, keyin: “Gaplarimni eshit ey Said”, dedi. Qulning ismi Said edi.

Boy: “Ey Said, men vasiyatnomamda vafot etganimdan keyin merosxo‘rlarim seni ozod qilishlarini yozdim. Bu senga 20 yildan beri menga qilgan sodiq xizmatlaring uchun mukofot bo‘ladi”, deb aytdi.

Lekin bu gapdan Said xursand bo‘lmadi, xo‘jayiniga tashakkur ham izhor etmadi, hatto bir og‘iz so‘z ham aytmadi.

Ertasi kuni yana odatdagidek masjid tomon fonusni yoqib yo‘lga tushishdi. Ammo bu safar har gal xo‘jayinning yo‘llarini yoritib ketadigan xizmatchi orqa tomonga o‘tib olgandi. Xo‘jayin nega bunday qilayotganini tushunmay: “Nega orqamdan ketayapsan? Said senga nima bo‘ldi? Nega oldinda yo‘lni yoritib ketmayapsan?” deb so‘radi.

“Chunki siz nuringizni ortda qoldirdingiz. Hayotlik vaqtingizda emas, balki vafot etganingizdan keyin meni ozod qilishingiz ham xuddi shunga o‘xshaydi. Tiriklik vaqtingizda meni ozod qilishni o‘ylamadingiz. Endi vafot etganingizdan keyin meni ozod qilishga va’da beryapsizmi? Siz qachon vafot etarkansiz, men shunda tezroq ozod bo‘laman deb o‘ylab yurishimni istaysizmi? Men uchun sizning umringiz uzoq bo‘lsa-yu, sizning xizmatingizni qilsam. Men shundoq ham umrbod sizga sodiq xizmat qilmoqchi edim. 20 yildan beri xizmatingizda bo‘layotgan bo‘lsam, biror marta meni ozod qilishingiz haqida aytmagansiz. Lekin endi aytishingiz go‘yoki sizning vafotingizni kutayotgandek bo‘laman. Nega nuringizni oldingizda emas, ortingizda qoldirdingiz?”.

Bu gaplarni eshitib boy odam qattiq ta’sirlandi. Unga: “Ey Said shu daqiqadan e’tiboran sen ozodsan”, dedi. Said uning bu taklifini rad etib: “Men sizning itoatkor xizmatkoringizman”, dedi.

Ushbu qissadan qanday ibrat olinadi. Ko‘pchilik o‘z nurini oldida emas, balki ortida qoldiradi. Bu nima degani? Ayrimlar: “Boy bo‘lsam falon-falon ishlarni qilaman”, “Vafot etsam kambag‘allarga to‘plagan boyliklarimni tarqatishadi”, “10 yildan keyin falon ishlarni qilaman” deyishadi. Nega o‘sha ishlarni hayotlik vaqtingizda, imkoningiz borida qilmaysiz? Nega nuringizni ortingizda qoldirasiz, oldingizda emas. Nega yaxshiliklar qilishni uzoq yillarga suramiz. Imkon borida darhol yaxshilik qilish haqida o‘ylamaymiz? Biror yaxshilik qilishni imkoningiz bormi, uni hozir qiling, shunda nuringiz oldinda bo‘ladi. Nuringizni aslo orqada qoldirmang!

Maqolaning videolavha shakli

Davron NURMUHAMMAD

 

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Shavkat Mirziyoyev: Yoshlarimizning har bir muvaffaqiyati biz uchun kuch-qudrat

30.06.2025   406   3 min.
Shavkat Mirziyoyev: Yoshlarimizning har bir muvaffaqiyati biz uchun kuch-qudrat

Bugun mamlakatimizda Yoshlar kuni keng nishonlanmoqda. Asosiy bayram tadbirlari Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida bo‘lib o‘tmoqda.

O‘zbekiston yoshlarini tabriklash va qo‘llab-quvvatlash uchun bu yerga Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurdi.

Kongress markaziga kiraverishda yoshlarning turli sohalardagi loyihalari, kashfiyot va yutuqlari taqdimot qilindi. Masalan, “Yosh innovatorlar” ko‘rgazmasida muhandislik, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, uchuvchisiz qurilmalar namoyish etilgan. “Yashil” tashabbuslar” maydonchasida ekologiya, muqobil energetika, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarga oid ishlanmalar ko‘rsatilgan. “Kreativ loyihalar” bo‘limidan hunarmandlik, dizayn, tasviriy san’at, video va prodyuserlik faoliyatidagi yutuqlar o‘rin olgan. “Yoshlar tadbirkorligi va startaplar” maydonchasida ushbu yo‘nalishdagi muvaffaqiyatli loyihalar haqida ma’lumot berilgan.

Jumladan, toshkentlik Rustam Hamdamovning “Billz” dasturi kichik va o‘rta biznesni avtomatlashtirishga yordam beradi. Hozirgacha bu loyihaga Buyuk Britaniya, Singapur, Turkiya ishbilarmonlari 6 million 600 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritgan.

Qoraqalpog‘istonlik yosh fermer Sherzod Niyazimbetov organik pomidorlar yetishtirib, quyoshda quritib va qadoqlab, Italiya hamda Fransiya kabi davlatlarga eksport qilmoqda. Uning korxonasida 200 nafarga yaqin xodim ishlamoqda.

O‘zbekiston Prezidentining 2019 yildagi qarori bilan tashkil etilgan Yoshlar akademiyasi bugungi kunda 7 mingdan ziyod yosh olimlarni birlashtirgan. Ko‘rgazmada ular uchun keng o‘rin ajratilgan. Toshkentlik Sayfullo Qodirov ekin maydonlarini raqamli xaritalash va yuqoridan dori sepish imkonini beruvchi dronlar yasagan.

Olimlar orasida “Raqamli avlod qizlari” tanlovi g‘olibalari ko‘pligi ham diqqatga sazovor. Xorazmlik Lobar Abdullayeva onkologik kasalliklarga sun’iy intellekt orqali tashxis qo‘yishga mo‘ljallangan “AI Scan” dasturini ishlab chiqqan. Qoraqalpog‘istonlik Qumara Sagidullayeva quyosh energiyasida yuruvchi kichik traktor, toshkentlik Abdulloh Jamoliddinov bog‘ni avtomatik sug‘orish tizimini ixtiro qilgan.

Davlatimiz rahbari mazkur taqdimotlar bilan tanishib, ularning tashabbuskorlari bilan muloqot qildi.

– Yoshlarimizning har bir muvaffaqiyati biz uchun kuch-qudrat, mamlakatimiz kelajagiga tayanch. Bugun farzandlarimiz zamonaviy yo‘nalishlarni egallab, ancha ilgarilab ketyapti. Ularni qo‘llab-quvvatlasak, sifatli ta’lim berib, sharoit yaratsak, bundan ham katta natijalarga erishadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga ixtirochi yoshlarni tegishli vazirliklarga biriktirib, loyihalarini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.        

Yurtimizda bunday iqtidorli o‘g‘il-qizlar ko‘p. Bu ta’lim sohasiga, ayniqsa, STEAM yo‘nalishlariga qaratilayotgan e’tibor natijasi. So‘nggi yillarda matematika, fizika, kimyo va axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan ko‘plab maktablar tashkil etildi. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 325 ming yigit-qiz o‘qitildi.

Yosh tadbirkorlar tashkil qilgan 261 ta korxonaning yillik aylanmasi 100 milliard so‘mdan oshgan. Startaplarni  moliyalashtirishga 145 million dollar venchur sarmoya kiritilgan.

Bayram munosabati bilan o‘tgan uchrashuvda Prezidentimiz yoshlar uchun yanada keng imkoniyatlarni belgilab berdi.

Manba: https://president.uz

 

Shavkat Mirziyoyev: Yoshlarimizning har bir muvaffaqiyati biz uchun kuch-qudrat Shavkat Mirziyoyev: Yoshlarimizning har bir muvaffaqiyati biz uchun kuch-qudrat Shavkat Mirziyoyev: Yoshlarimizning har bir muvaffaqiyati biz uchun kuch-qudrat Shavkat Mirziyoyev: Yoshlarimizning har bir muvaffaqiyati biz uchun kuch-qudrat Shavkat Mirziyoyev: Yoshlarimizning har bir muvaffaqiyati biz uchun kuch-qudrat Shavkat Mirziyoyev: Yoshlarimizning har bir muvaffaqiyati biz uchun kuch-qudrat Shavkat Mirziyoyev: Yoshlarimizning har bir muvaffaqiyati biz uchun kuch-qudrat Shavkat Mirziyoyev: Yoshlarimizning har bir muvaffaqiyati biz uchun kuch-qudrat