Bismillahir Rohmanir Rohiym
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu
Bugun sizlarga 6 yoshli bir qizaloq haqida so‘zlab beraman. Qizaloqning ismi Tessi bo‘lib, u kambag‘al oilada yashardi. Uylarining birinchi qavatida dorixona joylashgan edi.
Qizaloq kunlarning birida ota-onasiga bildirmasdan shu dorixonaga bordi. Dorixonachi uzoq yil ko‘rishmagan chikagolik bir do‘sti bilan suhbat qurardi. Ular dorixonaga kirgan qizaloqni payqamay, gaplashishda davom etardilar. Oxiri Tessi stolni taqillatib, qo‘lidagi bir dollarni sotuvchining oldiga qo‘ydi-da: “Iltimos menga mo‘jiza berib yuboring” dedi.
Sotuvchi hayron bo‘lib: “Senga nima kerak qizaloq?” dedi.
Qizaloq: “Mana bir dollar, menga mo‘jiza kerak” dedi.
“Biz mo‘jiza sotmaymiz” dedi sotuvchi.
Qizaloq bu gapni eshitishi bilan yig‘lab yubordi. “Iltimos qilaman, menda yana 11 sent ham bor, menga mo‘jiza topib bering”.
Sotuvchi: “Menda sen izlayotgan narsa yo‘q. Kechirasiz, lekin men senga yordam berolmayman”, dedi.
Dorixonachining oldida turgan do‘sti tiz cho‘kib, qizaloqdan so‘radi: “Siz qanday mo‘jiza sotib olmoqchisiz?”.
“Ukam, ukam.... kasal. U yuqori qavatdagi uyimizda ahvoli og‘ir holatda yotibdi. Hozirgina shifoxonadan keldi. Lekin miyasidagi shishni davolab bo‘lmayapti. U o‘lib qoladi, ukam yashashi uchun menga mo‘jiza kerak” dedi jajji qizaloq ko‘zlari yoshga to‘lib.
Ha, qizcha mo‘jizani sotib olsa bo‘ladigan narsa deb o‘ylardi. Chunki u shifokorning ukasi og‘ir kasal ekani, buning uchun katta mablag‘ kerakligi haqida aytgan so‘zlarini eshitgandi. Shifokorning bu so‘zlaridan keyin Tessi ko‘zlari yoshga to‘lgan otasining umidsizlik bilan aytgan ushbu so‘zlarini ham eshitgandi: “Endi...endi o‘g‘limizni faqat mo‘jiza qutqara oladi”.
Shuning uchun qizaloqqa mo‘jiza juda zarur edi.
“Sizda necha pul bor?” deb so‘radi haligi chikagolik odam.
“Bir dollarim va yana o‘n bir sentim bor”, dedi Tessi.
“Qanday ham yaxshi, mening mo‘jizam uchun aynan shuncha kerak bo‘ladi” deb jilmaydi va jajji mushtiga pullarini qisib olgan qizchaning qo‘lidagi pulni olib, “Qani menga uyingni ko‘rsat-chi, ukangni ko‘rmoqchiman” dedi.
Ma’lum bo‘lishicha, bu odam taniqli neyroxirurg shifokor Karlton Armstrong ekan. U dunyodagi eng yaxshi neyroxirurglardan biri edi.
Shifokor qizaloq bilan birga uyga bordi va Tessining ukasini ko‘rib: “Men sizning farzandingizni mutlaqo bepulga davolayman”, dedi. Tessining oilasi bundan nihoyatda xursand bo‘lishdi. Mo‘jiza sodir bo‘layotganiga ishonishmasdi.
Shifokor Armstrong jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli amalga oshirdi va uning bu amaliyotda qo‘llagan uslubi butun dunyo tibbiyot maktablarida o‘rgatiladigan bo‘ldi.
Tez orada Tessining ukasi butunlay sog‘lom holda uyga qaytdi. “Sizning o‘z oyoqlaringiz bilan uyimizga kelib qolishingiz bu – haqiqiy mo‘jiza. Pulimiz ham yo‘q edi. Nahotki, bepulga shunday murakkab amaliyotni qilib bergan bo‘lsangiz”, dedi qizaloqning otasi. Bu gaplarni qizaloq Tessi eshitib qolib, yugurib keldi: “Yo‘q, kechirib qo‘yasiz hech bepul emas. Men bu mo‘jiza uchun 1 dollar va 11 sent to‘laganman”, dedi. Qizaloqning ota-onasi hayratlanib: “Yo‘g‘e, bu sening ishingmi?” deyishdi. Shifokor: “Ha, hammasiga shu jajji qizaloq sababchi”, dedi.
Ushbu hikoyadan o‘zimizga qanday foydalarni olishimiz mumkin:
Avvalo, yosh bolalarning beg‘uborligi, sof tabiat ekani. Bir narsaga shak-shubhasiz ishonishlari.
Ikkinchidan, Alloh taoloning rahmati kengligi.
Uchinchidan, agar bir narsaga chin qalbdan ishonsak va unga erishish uchun astoydil harakat qilsak, albatta mo‘jiza bizdan uzoq emasligiga guvoh bo‘lamiz.
Qissada guvohi bo‘lganingizdek, qizaloqning qat’iy ishonchi sababli Alloh taolo shifokorni yubordi. Natijada, qizaloqning ukasi tuzalib ketdi, mo‘jiza sodir bo‘ldi. Buning uchun bor yo‘g‘i 1 dollaru 11 sent sarflandi.
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga kelib: «Men qiynalgan kishiman», dedi. Ya’ni, och ekanini bildirdi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam xotinlaridan biriga ovqat so‘rab odam yubordilar. «U zotni haq ila jo‘natgan zotga qasam ichib aytamanki, uyimda suvdan boshqa hech narsa yo‘q!» dedi u.
Xuddi shunday qilib barcha xotinlariga ovqat so‘rab odam jo‘natdilar. Ularning bari yuqoridagidek javob berdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bu kecha bu odamni kim mehmon qiladi, Alloh unga rahm qilsin», dedilar. Shunda ansorlardan bir kishi turib: «Yo Allohning Rasuli! Uni men mehmon qilaman», dedi. So‘ngra uni uyiga olib ketdi. Borib xotiniga bunday dedi:
— Bu odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mehmonlari. Unga taom hozirla!
Xotin dedi:
— Bolalarimizning ovqatidan boshqa ovqat yo‘q.
Er dedi:
Bolalaringni uxlatib ovqatni olib kel. Mehmon ovqatga qo‘l uzatganida chiroqni o‘chirib qo‘y. Biz qorong‘ida o‘zimizni ovqat yeyayotgandek ko‘rsatamiz. Ammo yemaymiz. Mehmon shunda ozgina ovqatga to‘yadi.
Ular shunday qilib och uxlashdi. Mehmon to‘ydi. Ertalab ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borishgach, u zot dedilar:
— Alloh taolo sizning ishingizdan ajablandi. Siz haqingizda Qur’on nozil qildi:
«Garchi o‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham (boshqalarni) o‘zlaridan ustun ko‘radilar. Kim o‘z nafsining baxilligidan saqlansa, unday kishilar ha, ana o‘shalar najot topguvchilardir» (Hashr surasi, 9-oyat).
Dunyo charxpalakdir. Zamon aylanib turadi. Bugun puling bor. Ertaga yo‘q, ishing orqaga ketadi. Bugun faqirsan, ammo ertaga boyib ketishing mumkin. Faqirlik ayb emas, boylik fazilat emas.
Muhimi qalbdagi narsadir, cho‘ntakdagi emas. Muhimi insonning boylik va faqirlik paytidagi axloqidir.
Tasavvur qilyapsizmi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hech bir ayollari uyidan ovqat topilmayapti! U kishi Allohning Rasuli bo‘lish bilan birga davlat rahbari ham edilar. Uylarida suvdan boshqa hech vaqo yo‘g‘-a?!
Faqirlikni uqubat, boylikni esa mukofot deb o‘ylashdan ehtiyot bo‘ling. Dunyo bor-yo‘g‘i imtihon, xolos. Imtihon savollari qanchalar qiyin bo‘lmasin, o‘tirib qolmang.
Aqlli inson boshqalarning hojatini chiqarishga harakat qiladi. Ularni qiyin ahvolda qoldirmaydi. Kishilarga ehson qilganingizda ular o‘zini aybdor va nuqsonli sanashmasin!
Bemor kishining faqirligini bilib qolsangiz, u so‘rashidan oldin ahvolidan xabar olishingiz oqilona ishdir. Ba’zilarning iffati so‘rashdan to‘sadi. In’omning eng afzali insonlarning iffatni ehtirom qilib, obro‘larini muhofaza qilib berilgan in’omdir!
Ehson qilishning ham odoblari bor. Bir kishiga hammaning oldida sadaqa yoki ehson bersangiz, uni xijolatga qo‘yasiz, iffatini jarohatlaysiz, ojizligini yuziga solgandek bo‘lasiz... Bunaqa sadaqa-ehson qilgandan ko‘ra, qilmaganing afzaldir!
Yuqorida keltirilgan ansoriyning odobiga boqing. Ovqati ozligi uchun xotiniga chiroqni o‘chirishni buyurdi. Maqsadi mehmonni xijolat qilmaslik edi. Chiroq yonib turganida mehmon ovqatning kamligini ko‘rib, uyalib, ovqat barchaga yetishi uchun ehtimol to‘yib yeya olmasdi.
Kishilardan noqulaylikni ketkazish ham ularni xotirjam qilishdir. Xotirjam qilish esa, ibodatdir!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi