Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Sentabr, 2026   |   7 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:47
Quyosh
06:06
Peshin
12:17
Asr
16:38
Shom
18:32
Xufton
19:47
Bismillah
18 Sentabr, 2026, 7 Rabi`us soni, 1448

Kelinlikka nomzod shaxsning huquq va odoblari

26.12.2024   13708   3 min.
Kelinlikka nomzod shaxsning huquq va odoblari

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Kelinlikka nomzod shaxsning ham o‘ziga yarasha huquqlari va odoblari mavjud.

1. Kelinlikka nomzod shaxs o‘zini xushro‘y ko‘rsatish uchun ziynatlanishga haqli.

Ulamolarimiz bunga misol qilib, Subayha binti Horis roziyallohu anhoning hadisini keltirishadi. Unda «Qachonki nifosdan poklanganda, sovchilar uchun ziynatlandi» degan jumla bor. Boshqa bir rivoyatda: «...surma surtib, xino qo‘yib tayyorlandi», deyilgan.

2. Kelinlikka nomzod shaxs kuyovlikka nomzodni ko‘rishga haqli.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Mug‘iyra roziyallohu anhuning hadisidagi: «Unga nazar sol, chunki bunday qilish ikkingiz orangizda bardavomlikka kerakdir», deganlari kelinlikka nomzodga ham tegishli.

3. Kelinlikka nomzod shaxs kuyovlikka nomzod bilan suhbatlashishga haqli. Bu – tabiiy holat. Ko‘rishgandan keyin, oila qurish niyati bo‘lgandan keyin, o‘rtada suhbat bo‘lishi turgan gap.

4. Kelinlikka nomzod shaxs muayyan erkakni yoqtirish va unga nikohlanish istagini bildirishga haqli.

قَالَتْ أُمُّ سَلَمَةَ وَلَدَتْ سُبَيْعَةُ الْأَسْلَمِيَّةُ بَعْدَ وَفَاةِ زَوْجِهَا بِنِصْفِ شَهْرٍ، فَخَطَبَهَا رَجُلَانِ أَحَدُهُمَا شَابٌّ وَالْآخَرُ كَهْلٌ، فَحَطَّتْ إِلَى الشَّابِّ، فَقَالَ الشَّيْخُ: لَمْ تَحِلِّي بَعْدُ، وَكَانَ أَهْلُهَا غَيَبًا وَرَجَا إِذَا جَاءَ أَهْلُهَا أَنْ يُؤْثِرُوهُ بِهَا، فَجَاءَتْ رَسُولَ اللهِ r، فَقَالَ: قَدْ حَلَلْتِ فَانْكِحِي مَنْ شِئْتِ. رَوَاهُ مَالِكٌ.

«Ummu Salama aytadilar:

«Subayha Aslamiya erining vafotidan yarim oy o‘tib tug‘di. Unga ikki kishi sovchi qo‘ydi. Ulardan biri yosh, boshqasi qari edi. U yoshiga moyil bo‘ldi. Chol: «Hali halol bo‘lganing yo‘q», – dedi. Ayolning ahli g‘oyib edi. Chol ayolning ahli kelganda uni o‘ziga berishlaridan umidvor bo‘ldi. Ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga bordi. Bas, u zot: «Sen halol bo‘lding. Kimni istasang, o‘shanga nikohlan», dedilar» (Molik rivoyat qilgan).


Ikki taraf rioya qilishi lozim narsalar

Kelinlik va kuyovlikka nomzodlar nikohdan oldingi uchrashuv va boshqa munosabatlarda rioya qilishlari lozim bo‘lgan narsalar quyidagilardan iborat:

1. Ikkovlari bir-birlariga nomahram ekanliklarini unutmasliklari zarur.

Chunki asli mahram bo‘lmagan ikki jinsdagi shaxsning nikohdan boshqa narsa mahram qila olmaydi, jumladan, sovchilik qilish va unashtirish ham.

2. Ikkovlari uchrashmoqchi bo‘lsalar, faqat mahramlarining ishtirokida uchrashishlari shart.

3. Ikkovlari uchrashganda qo‘l berib ko‘rishishlari mutlaqo mumkin emas.

4. Nikohdan oldin ikkovlari xoli qolishlari mutlaqo mumkin emas.

"Baxtiyor oila" kitobidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

"Ey o‘g‘ilginam..."

18.09.2026   2394   3 min.

Luqmonning farzandiga aytgan nasihatlaridagi buyuk hikmatlar


Ba’zi so‘zlar borki, oradan qancha asrlar o‘tmasin, o‘z qimmatini yo‘qotmaydi. Chunki ular inson qalbiga yo‘l topadi, uni yaxshilikka chorlaydi va hayotda to‘g‘ri yo‘lni tanlashga undaydi.

«Ey o‘g‘ilginam...»


Luqmonning farzandiga aytgan bu murojaatida chuqur mehr, samimiyat va ulkan hayot hikmati mujassam. Uning nasihatlari nafaqat bir farzandga, balki har bir insonga tegishli bo‘lgan ibratli o‘gitlardir.


Luqmon farzandiga avvalo eng muhim haqiqatni eslatadi:


«Ey o‘g‘ilginam! Allohga hech narsani sherik qilma. Albatta, shirk katta zulmdir».


Inson hayotidagi eng muhim poydevor — to‘g‘ri e’tiqod. Dunyodagi boylik, mansab, obro‘ va barcha ne’matlar vaqtinchalik. Ammo insonning Alloh bilan bo‘lgan munosabati uning butun hayotiga ta’sir qiladi. Shuning uchun farzand tarbiyasi, avvalo, uning qalbiga iymon va Allohga bo‘lgan muhabbatni singdirishdan boshlanadi.


Shundan so‘ng Luqmon:

«Ey o‘g‘ilginam! Namozni to‘kis ado et...»

deb nasihat qiladi.


Namoz — insonning Robbisi bilan bog‘lanishidir. U qalbni poklaydi, insonni yaxshilikka undaydi va hayotiga tartib bag‘ishlaydi. Farzandga namozni o‘rgatish — unga faqat bir ibodatni emas, balki mas’uliyat, poklik va ma’naviy tartibni ham o‘rgatishdir.


Luqmon farzandini yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarishga ham chaqiradi. Chunki haqiqiy ezgulik faqat o‘zimiz uchun emas, atrofimizdagilar uchun ham manfaatli bo‘lishi kerak. Ba’zan bir og‘iz yaxshi so‘z insonning ko‘nglini ko‘tarsa, bir samimiy nasihat uning hayotini o‘zgartirishi mumkin.


Ammo yaxshilik yo‘li doimo oson emas. Shuning uchun Luqmon:


«Boshingga tushgan musibatlarga sabr qil», deydi.


Inson hayotida turli sinovlar uchraydi. Ba’zida rejalarimiz amalga oshmaydi, ba’zida kutilmagan qiyinchiliklarga duch kelamiz. Ana shunday paytlarda sabr insonga kuch beradi. Sabr — taslim bo‘lish emas, balki qiyinchilikka qaramay to‘g‘ri yo‘lda davom etishdir.


Luqmonning yana bir muhim nasihati — kibrdan saqlanish:


«Kishilardan kibr bilan yuz o‘girma va yer yuzida manmanlik bilan yurma».


Insonga berilgan boylik, ilm yoki martaba uni boshqalardan ustun qilib qo‘ymaydi. Aksincha, inson qanchalik ko‘p ne’matga ega bo‘lsa, shunchalik kamtar bo‘lishi lozim. Chunki haqiqiy ulug‘lik — o‘zini boshqalardan baland qo‘yishda emas, balki insonlarga hurmat va mehr bilan munosabatda bo‘lishdadir.


Nasihatlarda hatto insonning yurishi va ovozigacha e’tibor qaratilgan:


«Yurishingda o‘rtacha bo‘l va ovozingni pasaytir. Albatta, ovozlarning eng yoqimsizi eshaklarning ovozidir». Bu bizga odobning katta ishlardagina emas, balki kundalik odatlarimizda ham namoyon bo‘lishini ko‘rsatadi. Vazminlik, muloyimlik, me’yor va chiroyli muomala insonni bezaydi.


Bugun bizga ham kerak bo‘lgan nasihatlar


Luqmonning farzandiga aytgan o‘gitlari asrlar oldin aytilgan bo‘lsa-da, bugungi kun uchun ham nihoyatda dolzarb.


Bugun farzandlarimizga yaxshi kasb egasi bo‘lish bilan birga, yaxshi inson bo‘lishni ham o‘rgatishimiz kerak. Ularning qalbiga iymon, tiliga yaxshi so‘z, xulqiga kamtarlik, hayotiga sabr va mehrni singdirishimiz zarur.


Chunki farzandga qoldiriladigan eng qimmatli meros — mol-dunyo emas.


Eng buyuk meros — iymonli qalb, go‘zal axloq va to‘g‘ri tarbiyadir.


Shu bois Luqmonning:


«Ey o‘g‘ilginam...» deb boshlangan nasihatlari har birimiz uchun hamon o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Ularni o‘qishgina emas, hayotimizga tatbiq etish biz uchun eng katta ibratdir. 
 

Humoyuddin Husniddin o‘g‘li, 

Masjidlar bilan ishlash bo‘limi

                 yetakchi mutaxassisi tarjimasi 


                                      

Maqolalar