Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ey, iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro'za farz qilindi. Shoyadki, taqvodor bo'lsalaringiz” (Baqara surasi, 183-oyat).
Taqvo – Ramazon ro'zasining g'oyasidir. Ya'ni ro'zadan ko'zlangan maqsad – taqvodir. Buning uchun banda Alloh taolo harom qilgan amallardan qaytishi, buyurgan amallarni ado etishi lozim.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim yolg'on gapirishni va unga amal qilishni qo'ymasa, uning taomi va sharobini tark qilishiga Allohning ehtiyoji yo'q”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Axir, inson faqat taomdan hamda ichimlikdan o'zini tiysa-yu, lekin yolg'on so'zlashni, g'iybatni, sudxo'rlikni, odamlarning obro'sini to'kishni tark etmasdan ro'za tutishi mumkin-mi?!
Ro'za bandani nafsiga qarshi turishga, g'azabini yutishga va odamlardan etgan ozorlarga sabrli bo'lishga o'rgatadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: «Ro'za qalqondir. Ro'zador fahsh so'z aytmasin, johillik ham qilmasin. Agar biror kishi u bilan urishmoqchi yoki so'kishmoqchi bo'lsa, “Men ro'zadorman”, desin».
Ro'za bandani Alloh taolo uni hamisha kuzatib turganini his qilishga hamda har bir ishni faqat xolis Alloh uchun ado etishga o'rgatadi.
Shunday ekan, ro'za faqat taom va sharobdan tiyilish emas, balki nafsni taqvo bilan tarbiyalashdir.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Albatta, taqvodorlar jannatu anhorlardadirlar. Sidq o'rindiqda, qudratli Podshoh huzuridadir” (Qamar surasi, 54-55-oyatlar).
Davron NURMUHAMMAD
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi