Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Avgust, 2025   |   3 Rabi`ul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:19
Quyosh
05:43
Peshin
12:30
Asr
17:09
Shom
19:10
Xufton
20:27
Bismillah
26 Avgust, 2025, 3 Rabi`ul avval, 1447
Yangiliklar

03.01.2025   6629   1 min.
Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar

Ummatning eng qalbi yaxshilari

25.08.2025   3400   3 min.
Ummatning eng qalbi yaxshilari

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

عَنْ أَبِي سَعِيدٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كَانَ بَيْنَ خَالِدِ بْنِ الْوَلِيدِ وَبَيْنَ عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ عَوْفٍ شَيْءٌ، فَسَبَّهُ خَالِدٌ فَقَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: لَا تَسُبُّوا أَحَدًا مِنْ أَصْحَابِي، فَإِنَّ أَحَدَكُمْ لَوْ أَنْفَقَ مِثْلَ أُحُدٍ ذَهَبًا مَا أَدْرَكَ مُدَّ أَحَدِهِمْ وَلَا نَصِيفَهُ. رَوَاهُ الْأَرْبَعَةُ. وَلِلتِّرْمِذِيِّ: إِذَا رَأَيْتُمُ الَّذِينَ يَسُبُّونَ أَصْحَابِي فَقُولُوا لَعْنَةُ اللهِ عَلَى شَرِّكُمْ.

Abu Sa’iyd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Xolid ibn Valid bilan Abdurrahmon ibn Avfning o‘rtasida bir gap o‘tgan edi. Bas, Xolid uni so‘kdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

«Sahobalarimdan birortasini ham so‘kmanglar! Sizlardan biringiz Uhud mislicha oltin nafaqa qilsa ham, ulardan birining muddicha yoki yarim muddichasiga yeta olmas», dedilar».

To‘rtovlari rivoyat qilganlar.

Termiziyning rivoyati:

«Qachon sahobalarimni so‘kayotganlarni ko‘rsangiz, «Sizning sharringizga Allohning la’nati bo‘lsin», denglar», dedilar».

«Mudd» – og‘irlik o‘lchovi.

Ushbu hadisi sharifdan bir necha xulosalar kelib chiqadi:

1. Sahobai kiromlarni mutlaqo so‘kib bo‘lmasligi.

2. Sahobai kiromlarning qilgan amallari, jumladan, sadaqalarining savobi ham ko‘p martaga ziyoda qilib berilishi.

3. Sahobai kiromlarni so‘kish sharr – yomonlik ekanligi.

4. Sahobai kiromlarning so‘kilayotganiga guvoh bo‘lib qolgan kishi u zotlarni himoya qilmog‘i lozimligi.

5. Sahobai kiromlarni so‘kkan odamlarga: «Sizning sharringizga Allohning la’nati bo‘lsin», deyish lozimligi.

Oyati karimalar va hadisi shariflar sahobai kiromlarning fazllari qanchalik ulug‘ ekanligini, ularni ehtirom qilish va e’zozlash lozimligini ko‘rsatadi. Biz, musulmonlar bu ishni ixlos bilan bajarmog‘imiz lozim. Shu bilan birga, o‘zimiz bu ulug‘ insonlarning hech birlarini so‘kishga jur’at qilmasligimiz, ba’zi bir ushbu nobakorlikni qiladiganlar chiqib qolgudek bo‘lsa, ularni bu ishdan qaytarishimiz kerak bo‘ladi.

Endi sahobai kiromlar haqida asar bo‘lib qolgan ba’zi bir fikrlarni ham o‘rganaylik.

Abu Nu’aym «Hilyatul avliyo»da Abdulloh ibn Mas’udning quyidagi gaplarini keltiradi:

«Alloh taolo bandalarining qalblariga nazar solib, Muhammad sollallohu alayhi vasallamni ixtiyor qildi va u zotni O‘z risolasi ila yuborib, O‘z ilmi ila tanlab oldi. So‘ngra u zotdan keyingi odamlarning qalblariga nazar soldi va u zotning sahobalarini tanlab oldi. Bas, ularni O‘z dinining yordamchilari va Nabiysining vazirlari qildi».

Abu Nu’aym Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:

«Kim birovning sunnatini oladigan bo‘lsa, vafot etgan kishining sunnatini olsin. Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sahobalari ushbu ummatning eng qalbi yaxshilari, eng ilmi chuqurlari va eng takallufi ozlari edilar. Ular Alloh taolo tomonidan U Zotning Nabiysiga sahoba bo‘lish uchun va U Zotning dinini naql qilish uchun tanlab olingan qavm edilar. Bas, ularning axloqlari va tutgan yo‘llariga o‘xshashga urininglar. Ka’baning Robbisi bo‘lgan Alloh ila qasamki, Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sahobalari mustaqim hidoyatda edilar».

Sahobai kiromlarni ehtirom qilish va ularga nisbatan beodoblik qilmaslik haqidagi shuncha ta’limotlarga qaramasdan, keyinchalik ba’zi bir tomonlar u buyuk zotlarga nisbatan beodoblik qilishga o‘tdilar. Orada ko‘plab tortishuvlar bo‘ldi. Nihoyat, «Ahli Sunna va jamoa» aqiydaviy mazhabining ulamolari sahobai kiromlarga nisbatan mo‘min musulmonlar qanday munosabatda bo‘lishlari kerakligi haqidagi gaplarni aqiyda kitoblariga bitib qo‘ydilar.

«Hadis va hayot» kitobining 21-juzidan olindi