Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Faqihlar hukmlarni tatbiq qilishadi. Bu hukmlar esa mujtahidlarning so‘zlaridan olingan bo‘ladi. Shundan kelib chiqadiki, bu borada ikkita ilm bor: hukmni chiqarib olish ilmi va uni amalga tatbiq qilish ilmi. Bu birinchi fikr.
Endi boshqa oxirgi fikrga o‘tsak.
Hozirgi kunga kelib, zamonimizdagi ba’zi odamlarda fiqhga shubha bilan qarash paydo bo‘lyapti. Bu ish tahallul yo‘nalishida keng tarqayapti. Ular: «Fiqh dinning tarkibiy qismi emas, dindan ayri narsa», deyishyapti. Ularga qanday javob beramiz? Ularga shunday deymiz: «Din to‘g‘ri e’tiqod, namunali xulq va solih amaldan iborat. Demak, fiqh ham dinning bir qismidir».
Ular: «Abu Hanifaning gapidan chiqish dindan chiqish emas», deyishdi, keyin esa: «Umuman, biror mazhabni ushlash shart emas», deb yuborishdi. Tahallul yo‘nalishi tarafdorlari biror hukm haqida: «Bu Abu Hanifaning so‘zi, Abu Hanifaning fikri», deyishdi. Ularga shunday deymiz: «Bu Abu Hanifaning shaxsiy fikri emas. Bu «Choy ichgim kelyapti», «Qahva ichaman», «Falon taomni yegim kelyapti», deganga o‘xshagan fikr emas. Bu ilmiy fikr. Siz shifokorning huzuriga borib, uning ilmiy fikrini eshitish uchun pul to‘laysiz. Xuddi shuningdek, bu hukmlar ham Abu Hanifaning ilmiy fikridir. Abu Hanifaning ilmga asoslangan fikri esa dindir. Qanday qilib, deysizmi? Alloh taolo: «Bilmasangiz, zikr ahlidan so‘rang», degan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ijtihod qilganlar, sahobalar ham ijtihod qilishgan. Mana shu narsa asta-sekin dinni fahmlashga aylandi. Biz ham dinni fahmlashga buyurilganmiz. Abu Hanifaning so‘zi avvaldan o‘zi paydo bo‘lgan shariatmi? Yo‘q! Uning fikri Alloh va Uning Rasuli iroda qilgan narsani bayon qilib, ochib berishdir. Qanday qilib? Abu Hanifa ilm o‘rgandi, shayxlarning qo‘lida o‘qidi, qoidalar ishlab chiqdi, shu tariqa unda muayyan shartlar shakllandi. Shuning uchun u endi dinni, Allohning irodasini fahmlashga, to‘g‘ri tushunishga qodir bo‘ldi. Endi uning gaplari shaxsiy fikr emas, balki Allohning dinini fahmlashga aylandi. Uning vazifasi Alloh va Uning Rasuli iroda qilgan narsalarni qoidalarga muvofiq bayon qilib berish bo‘lib qoldi, chunki uning so‘zlari shaxsiy fikrga emas, Qur’on va Sunnatga asoslangandir.
Biz tibbiyot, muhandislik va shu kabi boshqa barcha ilmlarga asoslanib, binolar quramiz, bemorlarni davolaymiz. Bularning hammasi ham ilmiy fikrga asoslangan. Mana shu ilmiy fikrlarga qarab jamiyatni quramiz, davolanamiz, hamma ishlarni ilm asosida bajaramiz. Bular ham fikr-ku! Lekin muhandislarning fikrini ularning o‘z shaxsiy fikri desak, binoni ishonch bilan qura olamizmi? Shifokorning tavsiyasini uning shaxsiy fikri desak, qanday qilib davolanamiz? Agar biz mana shu fikrda yuraversak, binolar ham qurilmaydi, muhandislik ham bo‘lmaydi, umuman, har qanday ilm to‘xtab qoladi.
Shuning uchun biz bularni ilmning qoida va asoslari ustiga qurilgan ilmiy fikrlar, deb ataymiz. Boshqa sohalarda mutaxassislarning fikrini e’tiborga olganimiz kabi, shar’iy ilmlarda ham shunday qilamiz. Shar’iy ilmlarning qolgan barcha ilmlarga nisbatan ustunligi bor, chunki ulardagi qoidalar Qur’on va Sunnatdan olingan. Demak, xulosa shu bo‘ldiki, fiqh dinning bir qismi ekan.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan
“Mazhab” so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, “yo‘l”, “yo‘nalish” ma’nolarini bildiradi. Shar’iy istilohda esa, “biror diniy masala, muammo bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘lidir”. Sahoba va tobe’inlar davrida mazhablar ko‘p bo‘lgan. Ammo vaqt o‘tishi bilan ular orasida to‘rt yirik: hanafiy, molikiy, shofeiy, hanbaliy mazhablari rivoj topgan. Mazkur to‘rt mazhab vujudga kelishining asosiy omili – bular qolgan mazhablarning ta’limotini ham tadqiq qilib, qamrab olganidir.
Bu haqda alloma Ibn Rajab o‘zining “To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” asarida quyidagi so‘zni aytganlar: “Ko‘plab mazhablar orasidan aynan to‘rt mazhab saqlanib qolishi xuddi Qur’oni karimning yetti qiroatidan faqat bittasi qolganiga o‘xshaydi. Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamga Qur’oni karim yetti xil lahjada nozil bo‘lgan. Keyinchalik islom dini atrofga keng yoyilib, musulmonlarning soni ortib bordi va qiroat borasida ular o‘rtasida ba’zi ixtiloflar kelib chiqqach, Usmon ibn Affon raziyallohu anhu mus'hafni yetti qiroatdan faqat bittasining lahjasida yozdirishga qaror qildi. Oqibatda bugun yer yuzi musulmonlari Qur’onni faqat bitta mus'hafdan ya’ni, Usmon mus'hafida yozilgan xatidan o‘qiydigan bo‘ldi. Demak, ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan”.
Mazkur to‘rt mazhabning to‘g‘riligi va haq ekanligi haqida barcha musulmon ummati ijmo, ittifoq qilganlar.
Alloma Ibn Rajab rahmatullohi alayh yana shunday deydi: “Alloh taolo shariatni saqlash va dinni muhofaza qilish uchun o‘z hikmati bilan odamlar ichidan to‘rt zabardast imomlarni chiqarib berdi. Ularning ilmu ma’rifatda bir martabaga erishganlarini va chiqargan fatvo va hukmlarini haqiqatga o‘ta yaqinligini barcha ulamolar bir ovozdan e’tirof qilganlar. Barcha hukmlar o‘shalar orqali chiqariladigan bo‘ldi. Bu narsa mo‘min bandalar uchun Alloh taoloning lutfu karami va marhamati bo‘ldi”.
Ulamolarimiz fiqhiy mazhablar imomlarini va ularning ishlarini quyidagi misol bilan tushuntiradilar: “Allohning roziligiga erishib, jannatiy bo‘lish xuddi tog‘ning cho‘qqisiga chiqishdek bo‘lsa, mazhab imomlari – Qur’on, hadis va shularga asoslangan manbalardan foydalanib, cho‘qqiga chiqishning eng oson va bexatar yo‘lini topib, belgi qo‘yib, osonlashtirib qo‘ygan kishilardir. Cho‘qqiga chiquvchilar mazkur buyuk to‘rt imom ko‘rsatgan yo‘ldan birini tutsalar osongina, qiynalmasdan maqsadiga erishadi”.
Imom Badruddin Zarkashiy “Bahrul muhit” kitobida shunday yozadi: “Musulmonlarning e’tirof qilingan to‘rt mazhabi haqdir va undan boshqasiga amal qilish joiz emas”.
Imom Ali ibn Abdulloh Samhudiy o‘zlarining “Iqdul farid fi ahkomit-taqlid” nomli asarlarida shunday deganlar: “Bilingki, ushbu to‘rt mazhabdan birini ushlashda katta foyda bor. Undan yuz o‘girishda esa, katta muammo va ixtiloflar bor. Bir mazhabda yurishdagi foydalardan biri – sahoba va tobe’inlarning shariat ilmini o‘rganishdagi odatlariga ergashishdir. Chunki, tobe’inlar shariat ishida bir-birlariga yoki sahobalarga ergashar edi, sahobalar esa, bir-birlariga yoki Rasulullohga ergashganlar”.
U zot yana shunday deganlar: “Bir mazhabda yurishdagi foydalardan yana biri – Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qilgan quyidagi hadisga amal qilish bor: ya’ni: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyati).
To‘g‘ri mazhablardan faqat mana shu to‘rttasi qolgan ekan, ularga ergashish katta jamoaga ergashish hisoblanadi.
Shamsuddin Xapizov,
Namangan tumani "Halil hoji" jome masjidi imom-xatibi
Manba: @Softalimotlar