Barcha musulmonlar ommasi o‘tganlarga atab, jumladan, qabristonda Qur’on tilovat qilishga odatlanganlar. Turli mazhablarning ulamolari bu ishga o‘z fatvolarini berganlar. Ammo ba’zi kishilar bu ishga ham xilof qilishgan. Ular «Dastlabki paytda bu ish bo‘lmagan» degan gap bilan odamlarni o‘tganlarga atab Qur’on tilovat qilishdan qaytaradilar. Ha, boshqalarni qaytaradilar. O‘zlari bu ishni qilmaslik bilan kifoyalanmaydilar, aynan boshqalarni ham qaytaradilar. Ularning bu borada avval aytib o‘tilgan gapdan boshqa dalillari yo‘q. Ammo «Dastlabki paytda bu ishning ommaviy ravishda bo‘lmaganining o‘zi uni qilmaslikka dalil bo‘la oladimi?» degan gap ularning xayollariga ham kelmaydi.
Muhtaram o‘quvchilarimizga o‘zimizga bu masalada kelgan ko‘plab savollarga berilgan javoblardan birini namuna tariqisida taqdim etamiz.
Savol: Assalomu alaykum, Shayx hazratlari!
Qabristonda Qur’on tilovat qilish haqida ma’lumot bersangiz.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Imom Jaloluddin Suyutiy o‘zlarining «Sharhus-suduri bi sharhi holil mavta val quburi» nomli kitoblarining «Dafn paytida aytiladigan narsalar bobi»da jumladan, quyidagilarni keltiradilar:
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Agar sizlardan biror kishi vafot etsa, uni ushlab turmanglar. Qabriga tez olib boringlar. Bosh tomonida Fotiha o‘qilsin. Qabrning oyoq tomonida Baqara surasining oxiri o‘qilsin», deganlarini eshitdim».
Tabaroniy va Bayhaqiy rivoyat qilishgan.
Abdurrahmon ibn Alo ibn Lajlajdan rivoyat qilinadi. U o‘g‘illariga:
«Qachon meni qabrimga qo‘ysang, «Bismillahi va ala sunnati Rasulillahi sollallohu alayhi vasallam», denglar. So‘ngra ustimga tuproq tortinglar. Keyin bosh tarafimda Baqaraning avvali va oxirini qiroat qilinglar. Chunki men Ibn Umarning shuni mustahab sanaganini ko‘rganman», dedi».
Bayhaqiy rivoyat qilgan.
Yana o‘sha kitobning «Mayyitga yoki qabrga Qur’on qiroat qilish bobi»da imom Jaloluddin Suyutiy rahmatullohi alayhi quyidagilarni yozadi:
«Musulmonlar barcha asrlarda hech qanday inkorsiz jamlanib, o‘liklariga qiroat qilib kelmoqdalar. Shunday ekan, bu narsa ijmo’ bo‘ladi. Bularning hammasini Hofiz Shamsuddin Abdul Vohid Mavdisiy Hanbaliy shu masala bo‘yicha ta’lif qilgan juzida zikr qilgan.
Qabr tepasida qiroat qilishga kelsak, bizning as'hoblarimiz va boshqalar uning shariatda borligiga jazm qilganlar.
Za’faroniy aytadi: «Shofe’iy rahimahullohudan qabr oldida qiroat qilish haqida so‘radim. «Hechkisi yo‘q», dedi.
Imom Ahmad ibn Hanbal avval buni inkor qilar edi, chunki unga biror rivoyat yetmagan edi. Unga rivoyat yetganda, o‘z fikridan qaytgan».
Imom Jaloluddin Suyutiyning «Sharhus-suduri bi sharhi holil mavta val quburi» nomli kitobida zikr qilingan, qabr ustida qiroat qilishga hujjat bo‘lgan rivoyatning imom Ahmad ibn Hanbalga qanday yetganini shayx Abdulfattoh Abu Fudda rahmatullohi alayhining «Salasu rasoila fiy istihbobi duoi va raf’ul yadayni fiyhi ba’das-salavotil maktuba» nomli kitobiga yozgan muqaddimasida o‘qiymiz:
«Ibn Qayyum «Kitobur-ruh»ning avvalida zikr qiladi: «Hallol aytdi:
«Hasan ibn Ahmad Varrovdan, u Ali ibn Muso Haddoddan rivoyat qiladi:
«Ahmad ibn Hanbal va Muhammad ibn Qudoma Javhariy bilan birga janozada edim. Mayyit dafn etilgach, ko‘zi ojiz bir kishi qabr oldida o‘tirib, tilovat qila boshladi. Shunda Ahmad ibn Hanbal unga:
«Ey sen! Qabrning yonida qiroat qilish bidatdir!» dedi.
Qabristondan chiqqach, Muhammad ibn Qudoma Ahmad ibn Hanbalga:
«Ey Abu Abdulloh! Mubashshir Xalabiy haqida nima deysiz?» dedi.
«Ishonchli odam» dedi. So‘ng: «Undan biror narsa yozganmisiz?» dedi.
«Ha», dedi.
«Mubashshir menga Abdurrahmon ibn Alo Lajlajdan, u otasidan xabar berdi. O‘sha odam dafn qilinganidan so‘ng bosh tarafida Baqaraning avvali va oxirini o‘qishni vasiyat qilgan va «Ibn Umarning shunday vasiyat qilganlarini eshitganman», degan ekan», dedi.
Shunda Ahmad:
«Qaytib borib, haligi odamga ayting, tilovat qilaversin», dedi».
Imom Ahmadni Alloh rahm qilsin. U bilan haqning orasida adovat yo‘q edi» (7-8-betlar).
Ibn Abbos roziyalllohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ba’zi as'hoblari qabr ustiga kapa tikib oldi. U yerning qabr ekanini bilmasdi. U yerda bir inson «Tabaarokallazii biyadihil mulku» surasini oxirigacha qiroat qilibdi. U Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Ey Allohning Rasuli! Men qabr ustiga kapa tikib oldim. U yerning qabr ekanini bilmasdim. U yerda bir inson «Taborak mulk» surasini oxirigacha qiroat qildi», dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «U («Taborak» surasi) man qiluvchidir. U najot beruvchidir. Unga qabr azobidan najot beradi», dedilar».
Termiziy va Tabaroniy rivoyat qilishgan.
O‘likning qabr ichida turib Qur’on qiroat qilgani sobit bo‘lganidan keyin, tiriklarning qabr ustida turib qiroat qilishlarini nima uchun man qilish kerak?!
Shuning uchun bizda dafndan keyin Taborak surasini qiroat qilish odat bo‘lgan.
Boshqalarda, masalan, Libiyada Yosin surasini qiroat qilish odat bo‘lgan.
Ahli sunna val jamoa mazhabi bo‘yicha, ruh, ya’ni bayonga, nutq qilishga va xitobni fahmlashga qodir bo‘lgan jon jasadning o‘limi bilan yo‘q bo‘lib ketmaydi. U mavjud holda bo‘ladi. O‘lganlarning ruhlari to‘planadi. Azob va savob ham ruhga, ham badanga bo‘ladi. Ruh badandan ajraganidan keyin ham uning ne’matlanishi yoki azoblanishi davom etadi.
Mayyit o‘zining tirik yaqinlarining holini bilib turadi. Ularning yaxshi ishlaridan xursand, yomon ishlaridan xafa bo‘ladi.
Mayyit o‘zini ziyorat qilganlarni biladi va ular ma’ruf ish qilsalar, foyda oladi, munkar ish qilsalar, ozorlanadi.
Hanafiy mazhabi bo‘yicha, qabrlarni ziyorat qilish erkak va ayollarga mandubdir. Boshqa mazhablar, ayollarning qabrlarni ziyorat qilishi joiz emas, deganlar.
Qabr ziyorati juma, shanba, dushanba va payshanba kunlari bo‘lgani yaxshi. Ziyorat va duo tik turgan holda bo‘lgani afzal.
Ziyoratchi Yosin surasini qiroat qilishi mandubdir. Buni «Al Bahrur-roiq» kitobining sohibi va Zayla’iy Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilganlar. Unda Rasululloh alayhissalom:
«Kim qabristonga kirganda Yosin surasini qiroat qilsa, Alloh o‘sha kuni ularga yengillik beradi va unga o‘sha yerdagi narsalar adadicha hasanotlar bo‘ladi», deganlar.
Imom Ahmad, Ibn Moja, Abu Dovud va Hokim Ma’qal ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi:
Ma’qal ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «O‘liklaringizga Yosinni qiroat qiling», deganlar.
Shuningdek, Fotiha surasi, Baqara surasining avvalidan «muflihun»gacha, Oyatul-Kursiyni, «Amanar-rasulu»ni, Mulk surasini, Takaasur surasini, «Qul a’uuzu bi Robbil falaqi» hamda «Qul a’uuzu bi Rob-binnasi»ni uch martadan va Ixlos surasini uch, yetti yoki un bir marta o‘qisa, yaxshi bo‘ladi. Qiroatning savobini o‘tganlarga bag‘ishlab duo qilinadi. Vallohu a’lam.
Savol: Qabr boshida tilovat qilishni makruh deb bilar edim. Do‘stlarim menga ba’zi kitoblarni ko‘rsatib: «Mana bu yerda aytilishicha, qabr boshida tilovat qilsa bo‘lar ekan-ku», deb aytishmoqda. Yana «Mayyit ko‘milganda, savol-javob paytida kalovlanib qolar ekan, shuning uchun har qadamda, yo yetti qadamda tilovat qilish kerak», deyishmoqda. Men ularga dinning aslini, haqiqatini tushuntirmoqchi bo‘ldim. Isbot, dalil keltirolmaganim uchun ular gapimni hazm qila olishmayapti.
Javob:
Ma’qal ibn Yasor roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «O‘liklaringizga Yosinni qiroat qiling», dedilar».
Abu Dovud, Nasoiy, Ahmad va Ibn Hibbon rivoyat qilishgan.
Ulamolarimiz ushbu hadisi sharifni tushunishda uch xil ijtihod qilganlar.
Ba’zilari: «Hadisda «o‘liklaringizga» deganda «o‘lim to‘shagida yotganlar» nazarda tutilgan. Shuning uchun muxtazar kishiga Yosin surasini o‘qish lozim. Bu surada qayta tirilish, qiyomat, jannat va do‘zax, shaytonning fitnasidan hazir bo‘lish kabi masalalar zikr qilingani uchun aynan shu surani o‘qishga amr qilingan», deydilar.
Bu guruhdagi ulamolarning mashhurlari imom Molik va imom Shofe’iydir.
Ikkinchi toifa ulamolar imom Ahmad ibn Hanbal, hanafiylar, ba’zi molikiy va shofe’iylar bo‘lib, ular: «Qiroat o‘liklar uchungina qilinadi», deganlar va o‘z gaplariga mazkur hadisni va Islom ummatining amalini hujjat qilib keltirganlar. Shu bilan birga, o‘z nuqtayi nazarlarini quyidagicha sharhlaganlar:
1. Hadisda «o‘liklaringizga» deyilgan, «o‘lim to‘shagida yotganlaringizga» deyilgan emas. «O‘lik» lafzi haqiqatda o‘lib bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi. Bu so‘zni o‘lim to‘shagida yotgan kishiga nisbatan ishlatish uchun ko‘shimcha dalil yoki ishora kerak. Bu yerda u narsa yo‘q. Imom Shavkoniy shuni aytadi:
«Muhib at-Tobariy: «Mazkur hadisga umumiy jihatdan amal qilish haqdir. Buni Doraqutniy keltirgan quyidagi hadis ham qo‘llaydi», deb ushbu hadisni keltiradi:
«Kim qabristonga kirib, «Qul huvallohu ahad»ni o‘n bir marta o‘qib, savobini o‘liklarga bag‘ishlasa, unga o‘liklar adadicha savob beriladi».
2. Qiroatning hikmatlaridan biri yengillik keltirishdir. Bu narsa muhtazarga matlub bo‘lganidek, mayyitga ham matlubdir.
«Musnadul Firdavs»da: «Qaysi bir banda o‘lgandan keyin uning oldida Yosin qiroat qilinsa, albatta Alloh unga yengillik beradi», deyilgan.
Imom Ahmad: «Mashoyixlar: «Qachon mayyit uchun Yosin qiroat qilinsa, unga yengillik beriladi», der ekanlar», degan.
3. Janoza namozida Fotiha surasi o‘qilishiga qiyos qilinadi.
4. Hadislarda qabrlarni ziyorat qilishda o‘liklarga salom berish talab qilingan. Agar mayyit basharning kalomi bo‘lmish salomdan unsu ulfat topar ekan, nima uchun Allohning kalomidan uns olmasligi kerak?!
5. Qur’on qiroat qilingan joyga sakina va rahmat nozil bo‘lishi ma’lum va mashhur. Nima uchun mayyit bor joyga sakina va rahmat nozil bo‘lmasligi kerak ekan?!
6. Hadisi sharifda rivoyat qilinganki, safarga chiqqan bir odam bilmasdan qabr ustiga kapa tikib oladi. Keyin qabr ichidagi insonning Taborak surasini oxirigacha qiroat qilganini eshitib, buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga zikr qilganida, u zot:
«U (Taborak surasi) man qiluvchidir. U najot beruvchidir. Unga qabr azobidan najot beradi», deganlar.
O‘likning qabr ichida turib Qur’on qiroat qilgani sobit bo‘lganidan keyin, nima uchun tiriklarning qabr ustida turib qiroat qilishlarini man etish kerak?!
Qiroatni man qiluvchi hech qanday dalil yo‘q. Ma’lumki, shariat bo‘yicha biror ishni qilishga ham, qilmaslikka ham dalil-hujjat bo‘lishi kerak. O‘likka qiroat qilishni man qiladigan dalil yo‘q.
Ushbu toifa ulamolar: «Bu gaplar Qur’on qiroat qilib, savobini bag‘ishlaganda aytiladigan gaplardir, agar savobini bag‘ishlaydigan bo‘lsa, bu gaplarga ham o‘rin qolmaydi, chunki unda duo ma’nosiga aylanadi, duodan mayyit manfaat olishini hech kim inkor qila olmaydi», deydilar.
Keyingi mavzu:
Ushbu masalaga Misr muftiysining javobi
Tasavvuf masalasi ham salafiylar tomonidan qattiq tanqidga olingan va ko‘r-ko‘rona rad etiladigan mavzulardan biridir. Tasavvuf, tariqat, suluk, shayx, murid va shu kabi atamalarni eshitishlari bilan mavzuni inkor qilishga tushib ketadilar. Lekin aslida ham shundaymi?
Ming yillardan beri Islomning ruhi bo‘lib kelgan va Islom ummati og‘ishmay amal qilib kelayotgan bu mavzu rad etilishi kerakmi?!
Tasavvuf – bu Allohni tanish va nafsni poklashni o‘rgatadigan va shu yo‘ldagi harakatlarni ifodalaydigan, ularni anglatadigan va bu holatlarga erishish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradigan bir ilmdir. Tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, mavzusining sharafi bilandir.
Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma’rifatulloh – Allohni bilish-tanish ekan, u o‘z-o‘zidan islomiy ilmlarning eng sharaflisi bo‘ladi. Tasavvuf bizga nima qilsak, Alloh bizni sevadi? Nima qilsak, qalbimizda bo‘lishini istaganimiz “Alloh sevgisi” hosil bo‘ladi, kabi savollarga javob beradi va bu maqomga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.
Tasavvufga ulamolar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Shayx Ibrohim ibn Muvallid Roqqiy rahmatullohi alayh o‘zining kitoblarida bu ta’riflarni yuzdan oshig‘ini jamlagan.
Shayx Muhammad ibn Ali Qassob rahimahulloh: “Tasavvuf bu – saodat asrida sharafli qavmning eng oliyjanob kishisidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xulqlardir”, degan.
Shayx Abu Muhammad Jaririy rahimahulloh: “Tasavvuf – har bir go‘zal xulqni olish va har bir yomon xulqni tark qilishdir”, dedi.
Shayx Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib rahimahulloh: “Tasavvuf – go‘zal xulq bilan bir ma’noda bo‘lib, kimning xulqi senikidan go‘zal bo‘lsa, tasavvufi ham go‘zaldir”, degan.
Shayx Abu Hafs Naysoburiy rahimahulloh: “Tasavvuf – uning barchasi odobdir. U har bir vaqt, har bir hol va har bir maqomning odobidir”, degan.
Tasavvuf ba’zi kishilar: “Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin paydo bo‘lgan bid’at, avvalgi davrda bo‘lmagan. Qur’oni karim va hadisi sharifda “Tasavvuf” so‘zi biror marta zikr qilinmagan”, deb da’vo qilayotganidek keyin paydo bo‘lib qolgan bid’at ilm emas, balki u barcha shar’iy ilmlar qatori Islomning avvalidan mavjuddir.
Qur’oni karimda va hadisi shariflarda “Tasavvuf” so‘zini biror marta kelmagani uni islomiy ilm emasligiga dalil bo‘lmaydi. Chunki boshqa islomiy ilmlarning ham nomlari Qur’on va hadisda zikr qilinmagan. Agar Qur’on va hadisda zikr qilinmagan narsalarni inkor qilsak, juda ko‘plab narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.
Tasavvuf Islomning avvalgi asrlaridan beri mavjud bo‘lib, u ham boshqa islomiy ilmlar qatori Qur’on va sunnatdan olingan. Bunga Qur’on, hadis va tobeinlarning so‘zlarida dalillar bor. Avval aytganimizdek tasavvufning asosiy vazifasi insonning nafsini tarbiyalash, gunohlardan poklash va botiniy amallarini tartibga solishdir.
Alloh taolo An’om surasining 120-oyatida bunday marhamat qilgan:
﴿وَذَرُوا ظَاهِرَ الْإِثْمِ وَبَاطِنَهُ﴾
“Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar!”.
Alloma Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy rahimahulloh bu oyati karimani tafsir qilib: “Oshkora gunohdan tashqi a’zolar bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan. Maxfiy gunohdan qalb bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan” degan.
Zohiriy a’zolar bilan qilinadigan gunohlarni tark qilishni va unga beriladigan jazolarni fiqh fani o‘rgatsa, qalb kasalliklarini davolashni aynan tasavvuf o‘rgatadi. Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:
﴿قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا﴾
“Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi” (Shams surasi, 9-oyat).
Darhaqiqat, inson oxiratda yutuqqa erishishi uchun, jahannam olovidan omonda bo‘lishi uchun bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunoh va qalb kasalliklaridan o‘zini poklashi kerak.
Alloh taolo bu oyati karimalarda bandalarini kufr, shirk va gunohlardan o‘zlarini poklashga buyurmoqda. Mana shu poklashni o‘rgatadigan fanni “Tasavvuf” deb nomlash insonlar orasida urf bo‘lgan.
Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida tasavvuf ehson deb nomlangan. “Jabroil hadisi” deb nomlangan mashhur hadisi sharifda “ehson” ayni tasavvuf ekani namoyon bo‘ldi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: “Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber”, dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘liga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.
“Menga iymon haqida xabar ber”, dedi.
“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi.
“Menga ehson haqida xabar ber”, dedi u.
“Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
“Menga Soat (qiyomat)dan xabar ber”, dedi.
“So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas”, dedilar.
“Uning alomatlaridan xabar ber”, dedi.
“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:
“Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?” dedilar.
“Alloh va Uning Rasuli biluvchidir”, dedim.
“Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi”, dedilar».
Ushbu hadisi sharifda dinning asllari iymon, Islom, ehson, zohiriy va botiniy amallarni isloh qilish va oxirat kuni haqida va bularning barchasi din ekanligini xabari berilmoqda.
Hadisi sharifda zikr qilingan “Islom”ni fiqh ilmi o‘rgatadi. “Iymon” qismini aqoid ilmi o‘rgatadi. Bizning mavzumizga bevosita bog‘liq bo‘lgan “ehson” qismini esa tasavvuf ilmi o‘rgatadi va bu hadisi sharifda bunga amaliy namuna ham bor.
Jabroil alayhissalom: “Menga ehson haqida xabar ber”, deganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
Tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri ham banda qilayotgan har bir ibodatida, amalida Alloh uni ko‘rib turganini va bu amaliga qiyomat kuni albatta savol-javob bo‘lishini qalban his qildirishdir.
“Tasavvuf” so‘zi Islomning dastlabki asrida ishlatilmagan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda “so‘fiy” so‘zi ishlatilganini kuzatishimiz mumkin.
Ulamolar mutavotir hadisning qanday bo‘lishi va shartlarini bayon qilib aytadilarki “Mutavotir hadis – uning sanadidagi har bir tabaqada juda ko‘p roviy rivoyat qilgan. Ana shu roviylarning barchasi rivoyat qilingan hadisni o‘zgartirishga kelishib olishlari mumkinligini aql inkor etadi”.
Shunday ekan, tasavvuf ilmi ham ikkinchi asrdan (tobeinlar asridan) to shu kungacha minglab shariatimiz peshvolari orqali ham naqlan, ham amalan mutavotir holatda bizgacha yetib kelgan. Shuning o‘zi ham tasavvuf ilmining shar’iy ilm ekaniga yetarli dalil bo‘ladi.
Mashhur muhaddis olim, Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviy rahimahulloh: “Suhbatlarimiz va ta’lim-tarbiyamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sahih va mashhur sanad bilan yetib borgan tariqat odobidir”, degan.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi