Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Iyul, 2025   |   9 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:11
Quyosh
04:55
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
04 Iyul, 2025, 9 Muharram, 1447

Mazhab sohiblarining aytgan so‘zlari

07.01.2025   14239   7 min.
Mazhab sohiblarining aytgan so‘zlari

Ergashilayotgan mazhab sohiblarining bu xususda aytgan so‘zlari

«Fatavoi hindiyya» kitobida hanafiy olimlariniig keltirishlaricha: «Mayyit dafn etilgach, qabr oldida bir hayvonni so‘yib, go‘shtini taqsimlab bo‘lguncha muddatda tilovat qilib, mayyitga duo qilish mustahabdir».

Muhammad ibn Hasan: «Hanafiy mazhabi mashoyixlari mana shu so‘zni olishgan», dedilar.

Ammo molikiy mazhabi mashoyixlari nazdidagi e’timodli narsa bu amalning mustahab ekanligidir.

Dasuqiyning «Sharhul kabiyr»ga yozgan xoshiyasida Ibn Habib mazkur amalni «mahbub» deb atagan va: «Agar imom Molik ushbu amalni sunnat qilib olgan kishini bilsalar, karih ko‘rardilar», degan.

Ushbu so‘zni Ibn Rushd ham naql qilgan. Xuddi mana shu so‘zni Ibn Yunus ham naql qilgan. Imom Lahmiy esa «Qiroat mahbub», deb eshitishni a’lo ko‘rmagan. Ibn Habib Yosin surasini o‘qishni «mahbub» deganlar. Bu ikkovlaridan boshqalarning so‘zlaridan ham qiroat mutlaq holatda mahbub ekani bilinadi.

Vazzoniy Molikiy «Navozilus-sug‘ro» kitobida keltirishicha, qabrdagi qiroat xususida Ibn Rushd «Ajviba» kitobida, Ibn Arabiy «Ahkamul Qur’on» kitobida, Furtubiy «Tazkira» kitobida misollar keltirib, mayyitning – xoh qabrda bo‘lsin, xoh uyida bo‘lsin, – qiroatdan manfaat olishi aytilgan.

Ushbu fikrni molikiy mazhabining ko‘plab ulamolari ham naql qilishgan. Ular orasida Abu Sa’id ibn Lubb, Ibn Hubayb, Ibn Hojib, Laxmiy, Ibn Arafa, Ibn Mavok va boshqalar ham bor.

Shofe’iy mazhabi ulamolaridan imom Navaviy «Majmu’» kitobida quyidagilarni aytadi:

«Qabrlarni ziyorat qiluvchilar uchun avvalo salom berish va ziyorat qilayotganda barcha qabr ahliga duo qilish mustahabdir. Ana shu salomi va duosi hadisdagi narsalarga muvofiq bo‘lishi lozim. Va Qur’ondan muyassar bo‘lganicha o‘qib, ortidan duo qilishi kerak». Imom Shofe’iy va u kishining sohiblari mana shunga ittifoq qilib, dalil keltirishgan.

Imom Navaviy «Al-Azkor» kitobida keltirishlaricha, mayyit dafn qilib bo‘lingach, bir hayvonni so‘yib, taqsimlangunicha muddatda uning huzurida o‘tirish mustahab amaldir. O‘tirganlar esa Qur’on tilovati, mayyitga duo, va’z, xayr ahlining hikoyalari va solihlarning holatlari haqidagi suhbatga mashg‘ul bo‘lishadi. Imom Shofe’iy va u zotning as'hoblari: «Qur’ondan ba’zi qismlar o‘qiladi. Agar Qur’onning barchasi xatm qilinsa, yaxshiroq bo‘ladi», deb ta’kidlashgan.

Shuningdek, hanbaliy olimlar ham qabr oldida Qur’on tilovatining joizligini aytishgan.

Alloma Mirdoviy «Insof» kitobida: «Qabr oldida qiroat qilish, ikki rivoyatning sahihrog‘iga qaraganda, karohiyatli emas», deb aytgan.

«Furu’» kitobida imom Ahmad ham dalil keltirganlar. Ushbu kitobning sharhida: «Bu imom Ahmaddan mashhurdir», deyilgan.

Xallol va u kishining sohiblari: «Qiroat karohiyatli emas», deyishgan. Ko‘pgina sohiblar ham shunga ittifoq qilishgan. Ulardan biri imom Qoziy bo‘lib, u kishi bu fikrni «Vajiz», «Furu’», «Mug‘niy», «Sharh» kitoblarida keltirgan. Ibn Tamim esa «Foiq»da keltirgan.

Siyrat, tarjimayi hollar va tarix kitoblarini o‘qiganlar ham salaflarning bu xususdagi amallarini va ummatning hech qanday inkorsiz unga ergashganlarini, xususan, Hanbaliy va ahli hadis bo‘lmish birodarlarning ham bunga muvofiq ekanini ko‘radi. Biz so‘zimizning tasdig‘i uchun Hofiz Zahabiyning «Siyaru a’lomun-nubalo» kitobida Abu Ja’far Hoshimiy Hanbaliy (hijriy 470 yilda vafot etgan) haqida yozilgan ba’zi ma’lumotlarni keltirish bilan kifoyalanamiz. Bu zot o‘z asrlarida hanbaliylarning shayxi bo‘lgan. Vafot etganlarida imom Ahmadning qabrlari yoniga dafn etilganlar. Odamlar bir muddat u zotning qabrlarini lozim tutib o‘tirishgan. Aytilishicha, qabrlari ustida o‘n mingta xatmi Qur’on qilingan.

Hatto «Qabr oldida Qur’on tilovati bid’at va bunday qilish salaf hamda xalaflarning ishiga xilof», degan shayx Ibn Taymiya vafot etganida ham qabri va uyida xatmi Qur’on qilingan. Buni Abdul Hodiy Hanbaliy va boshqalar zikr qilishgan.

Shuningdek, mayyitga talqin qilib turish ham mustahab amaldir. Roshid ibn Sa’d, Zamra ibn Habib va Hakim ibn Umayrdan rivoyat qilinadi. Ular Xims ahlidan bo‘lgan tobe’inlardan edi. Ular: «Mayyitni yerga qo‘yib, ustidan tuproq tortilganidan keyin, odamlar tarqalishgach, o‘sha mayyitning qabri ustida turib: «Ey falonchi! «Laa ilaaha illallohu, ashhadu allaa ilaaha illallohu», deb uch marta ayt. Ey falonchi! «Robbim Alloh, dinim Islom, Nabiyim Muhammad alayhissalom», deb aytgin», deydi-da, keyin tarqaladi», deb aytishgan.

Abu Umoma Boxiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U kishi shunday dedilar: «Agar vafot etsam, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘liklarga bajarilishini buyurgan narsalarni menga ham bajaringlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga quyidagilarni buyurdilar: «Agar birodarlaringizdan biri vafot etsa, qabriga tuproq tortilgach, ichingizdan biri qabr boshida tursin-da, so‘ngra: «Ey falonchi o‘g‘li falonchi», desin. U eshitadi-yu, ammo javob bera olmaydi. «Ey falonchi o‘g‘li falonchi», desin. Shunda haligi kishi o‘tirib oladi. «Ey falonchi o‘g‘li falonchi», desin. Mayyit: «Alloh rahmat qilgur, bizni to‘g‘ri yo‘lga boshla», deydi, lekin sizlar buni his qilmaysizlar. Shunda atrofdagilar: «Dunyodan chiqayotganingdagi narsani zikr qil. Ya’ni «Laa ilaaha illallohu va anna Muhammadan Rasululloh». Sen Allohni Robb deb, Islomni din deb, Muhammad alayhissalomni Nabiy deb, Qur’onni imom deb rozi bo‘lgansan», desin. Chunki Munkar va Nakirning har biri o‘z sohibining qo‘lidan ushlab: «Biz bilan yur. Hujjati talqin qilingan kishining huzuriga bizni o‘tirg‘izilmaydi», deydi. Alloh taolo uning hujjatini ikkovi orasida to‘siq qiladi». Shunda bir kishi: «Ey Allohning Rasuli!

Agar onasini bilmasa-chi?» degan edi, u zot: «(Butun insoniyatning onasi bo‘lmish) Havvoga nisbat berib: «Ey Havvo o‘g‘li falonchi», deyiladi», dedilar».

Hofiz ibn Hajar ushbu hadisning sanadini «solih» deganlar. Imom Ziyo ham «Ahkom»larida uni «kuchli» deganlar.

Imom Navaviy «Ravza» kitobida ushbu hadisni «zaif» deganlar. Lekin fazilat haqidagi hadislarda ilm ahli bo‘lmish muhaddis tomonidan ishlatishga ruxsat berilgan. Ushbu hadisni boshqa sahih hadislar mustahkamlaydi. Masalan, «O‘liklarga subutni so‘ranglar» degan hadis yoki Amr ibn Osning vasiyatlari kabi. Shom ahli bu talqinga avvalgi asr, ya’ni ergashiladiganlar zamonidan buyon amal qilib kelishadi. Alloh taolo: «Eslatgin, chunki eslatma mo‘minlarga manfaat beradi», degan (Zoriyot surasi, 55-oyat). Demak, banda eslatmaga bu holatda undan-da hojatliroqdir.

Ibn Qayyum «Ruh» nomli kitobida quyidagilarni aytadilar: "Odamlar qadim paytlardan to hozirgi vaqtimizgacha, hadis sobit bo‘lmasa ham, barcha shahar va asrlarda hech qanday inkorsiz bunga amal qilib kelishmoqda. Bu ummat mag‘ribdan mashriqqacha ushbu odatni tatbiq qilgan. U ummatlarning aql va ma’rifat jihatidan eng mukammali bo‘lib, hech qachon eshitmaydigan va aql yuritmaydigan kishiga xitob qilmaydi. Bu narsani biror inkor qiluvchi inkor ham qila olmaydi. Balki bu avvalgilarning keyingilarga sunnati bo‘lib, keyingilar avvalgilarga ergashishadi".

Keyingi mavzu:

O‘lganlarga atab Qur’on tilovat qilishning hukmi;
Mavlid va bid’at haqidagi ixtilof.

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Xudkushlik qahramonlik emas

01.07.2025   10207   2 min.
Xudkushlik qahramonlik emas

Inson zimmasida bir nechta omonatlar borki, bularni qadrlash zarur hisoblanadi. O‘z joniga o‘zi qasd qilish esa ana shu omonatga xiyonat qilishdir. Binobarin, Quroni karim Niso surasi 29-oyatida Haq taolo  xitob qilgan: "Bir-birlaringizni o‘ldirmangiz".

Jundab ibn Abdulloh roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Sizlardan ilgari o‘tganlardan bir kishi jarohatlandi. Besabrlik qilib pichoq oldi-da, qo‘lni kesib tashladi va ko‘p o‘tmay, qon yo‘qotib vafot etdi. Alloh: "Bandam joniga qasd etdi, unga jannatni harom qildim", dedi" (Muttafaqun alayh).

Yana bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kimki tog‘dan o‘zini tashlab, joniga qasd qilsa, u jahannam olovida abadulabad o‘zini pastga tashlaydi. Kimki zahar ichib joniga qasd qilsa, u qo‘lida zaharini tutib, jahannam olovida abadulabad o‘zini zaharlaydi. Kimki o‘zini temir bilan o‘ldirsa, u qo‘lida temirini tutib, jahannam olovida abadulabad u bilan o‘zini uradi" (Imom Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyati).

Mo‘tabar fatvo kitoblarimizdan “Fatavoi Sirojiya”da: “Qachon kema yona boshlasa, undagilarning agar o‘zlarini dengizga tashlashsa, suzish bilan xalos bo‘lib ketishga gumonlari g‘olib bo‘lsa, shunday qilishlari vojib bo‘ladi. Agar o‘zlarini dengizga tashlasalar ham g‘arq bo‘lishlari yoki tashlashmasa, kuyib ketishlari ehtimoli bo‘lsa, u holda kemada qolish va dengizga o‘zlarini otish orasida ixtiyorlidirlar. Kimki o‘zini o‘ldirsa, uning gunohi boshqa birovni qatl qilgandan ko‘ra qattiqroqdir!”

Yuqorida keltirilgan manbalardan ko‘rinib turibdiki dinimiz inson o‘z joniga qasd qilishga emas, balki bu omonatni asrashga qadrlashga chaqiradi. Lekin, jamiyatda ba’zi insonlar borki, o‘z joniga qasd qilishga, xudkushlikka rag‘bat qiladilar. Aslini olganda o‘zini-o‘zi o‘ldirish Alloh bergan ne’matni mutlaqo mensimaslikdir. Shu bilan birga bunday holat o‘sha jamiyatga ham musibat hisoblanadi.

O‘zini-o‘zi o‘ldirishning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq va kattaroq hisoblanadi. Endi, salgina hayot tashvishi deb, ozgina g‘am va alam deb o‘zini o‘ldirayotganlarning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq ekanligini bildik. Biroq, bundan ham eng achinarlisi, birovlarning yolg‘on-yashiq gaplariga uchib, “fatvo”lariga aldanib, begunoh mo‘min-musulmonlarni o‘ldirishga qasd qilib o‘zini o‘ldirishning gunohi bundan necha barobar og‘irroq hisoblanadi. Bu shahidlik emas, bu qahramonlik ham emas, balki xudkushlikdir.

Uychi tumani "Devona bobo" jome masjidi imom-xatibi

Abdufattoh Musaxanov

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA