Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyul, 2025   |   12 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:14
Quyosh
04:57
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:38
Bismillah
07 Iyul, 2025, 12 Muharram, 1447

Muhammad ismi bor xonadonga baraka yog‘iladi

13.01.2025   8717   2 min.
Muhammad ismi bor xonadonga baraka yog‘iladi

Ota-onalar o‘g‘illariga Muhammad deb ism qo‘yishni afzal ko‘radilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak ismlari sahobalar davridan boshlab hozirgacha U zot alayhissalomga muhabbat yuzasidan farzandlarga qo‘yib kelinadi. Qolaversa, bir qancha hadisi shariflarda, ulamolarning so‘zlarida bu muborak ismni farzandlarga qo‘yish tavsiya qilingan va maqtalgan. Jumladan Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ismimni qo‘yinglar, ammo kunyam bilan kunyalanmanglar”, deganlar.

Imom Molik raziyallohu anhu aytadilar: “Madina ahli shunday der edi: “Muhammad ismli kishisi bor hech bir oila yo‘qki, unga ko‘plab yaxshiliklar berilmagan bo‘lsa”.

Ammo, “qasamki, kimki sening isming Muhammad bilan atalsa, hech qachon do‘zax o‘ti unga tegmaydi”, “Qiyomat kuni, ey ismi Muhammad bo‘lgan banda, jannatga kirish uchun o‘rningda tur, deb nido qilinadi” kabi uydirma  hadislar ko‘plab uchraydi. Mazkur muborak ismga oid bir qancha uydirma hadislar kitoblarga kirib qolganini ulamolar aniqlagan va musulmonlarni ogoh etish uchun uydirma hadislarga oid yozgan kitoblariga kiritganlar.

Muhammad ismi do‘zaxdan asrashi, qiyomatda foyda berishi kabi fazilatlar bayon qilingan yuqorida zikr etilgan hadislar haqida Imom Shomiy asarida bunday degan: “Muhammad ismi bandaga foyda keltirishi haqida bironta sahih hadis yo‘q”.

Bakr Abu Zayd aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Muhammad yoki Ahmad ismli kishini maqtagani yoki birovni bu ikki ism bilan chaqirishni man qilgani haqidagi har qanday hadis sahih emas” (“Tasmiyatul mavlud”, 17-bet).

Yana bir muhim jihat, bu ism sharafli ismlardan, ammo ism insonga odamlar orasida afzallik bermaydi. Agar bu ismni biror insonga qo‘yilsa, o‘sha insonning ismi hisoblanadi. Bu insonni chaqirilsa yoki ismi aytilsa, unga salovat aytish kabi Rasululloh sallallohu alayhi vasallamga oid hukmlar qilinmaydi.

Asosiy va muhim jihat Muhammad deb nomlanish emas, balki U zotga ergashish ekanligini ulamolar ta’kidlaganlar. Insonga solih amallari va Allohdan qo‘rqishi dunyo va oxiratda foyda beradi.

Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi
katta o‘qituvchisi.

Boshqa maqolalar

Qiz bolaga qilingan nafaqa

07.07.2025   1048   2 min.
Qiz bolaga qilingan nafaqa

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Odatda odamlarda «Qiz bola birovning hasmi, erta-indin erga tegib ketib qoladi. Undan nima foyda bo‘lishi mumkin», degan salbiy fikr bo‘ladi. «O‘g‘il bola esa doimo xizmatda bo‘ladi. Uni uylab qo‘ysang, kelin ham xizmatingni qiladi. U qariganingda ham joningga oro kiradi», kabi tushunchalar bor. Bu noto‘g‘ri fikr. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qizlarga nafaqa qilishning fazli haqida o‘z hadislarida qayta-qayta bayon qilganlar. O‘zlari to‘rt nafar qizlariga qilgan muomalalari bilan barchaga namuna ko‘rsatganlar.

Ushbu hadisi sharif va rivoyatlarda ham shu ma’nolar ilgari surilgan.

عَنِ الزُّهْرِيِّ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «مَنْ كَانَتْ لَهُ بِنْتَانِ فَصَبَرَ عَلَى لَأْوَائِهِمَا وَنَفَقَتِهِ عَلَيْهِمَا كَانَتْ لَهُ بِنَفَقَتِهِ عَلَيْهِمَا الْجَنَّةُ».

Zuhriydan rivoyat qilinadi:

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimning ikki qizi bo‘lsa va ularning mashaqqatlariga va nafaqasiga sabr qilsa, ularga qilgan nafaqasi uchun unga jannat bo‘ladi», dedilar.

Sharh: Qiz boqish oson narsa emas, buni hamma yaxshi biladi. Bu ishni amalga oshirish uchun sabr-matonat kerak, harakat, g‘ayrat kerak, topganini sarflash kerak. Baribir shu qiz ertami, indinmi, birovning uyiga ketishi, kelin bo‘lishi borligini o‘ylab, yurak uvushib ham turadi. Ayniqsa qizi ko‘p bo‘lsa, bu holat aniq bilinadi. Ana shularni bilib turib va sabr etib, qizlarini yaxshi tarbiya qilgan odam o‘zi uchun oxiratning katta bir martabasini kasb qilgan bo‘lar ekan.

Ayni paytda qizlarni nafaqa bilan ta’minlash ham lozim ekan. Bu ish uchun ham sabr-bardosh kerak bo‘ladi.

Ikki qizning tarbiyasidagi mashaqqatlarga, xususan, qizlarning nafaqasini ta’minlashdagi qiyinchiliklarga sabr qilish ota-ona uchun katta savob hamda jannatga kirishga sabab bo‘ladigan amallardan biri hisoblanar ekan.


«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz