Maqolaning audio shakli
Sahobalar ichida eng zehni o‘tkiri Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: “Kunlardan birida bozorga bordim. Odamlarning mol-dunyo bilan ovora ekanliklarini ko‘rib ularga:
– Siz bu yerda savdo-sotiq bilan mashg‘ulsiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning meroslari tarqatilayotganidan xabaringiz yo‘qmi? – dedim. Savdogarlar qo‘llaridagi mollarini tashlab:
– Yo‘q, qayerda? – deb hovliqib so‘radilar.
– Falon masjidda, – deb javob berdim. Ular shoshib masjid tomon yugurib ketishdi.
Ammo birozdan so‘ng qaytib kelib:
– Nega bizni aldadingiz? Masjidda hech qanday meros tarqatilmayapti-ku? –deyishdi.
Men:
– Qanday qilib? Axir masjidda kimlarni ko‘rdingiz? – deb so‘radim.
Ular:
– Qur’on o‘qiyotgan qorilarni va hadis o‘rganayotgan tolibi ilmlarni, –deyishdi.
– Ana shu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning meroslaridir, – deb javob berdim.
“O‘zimdan so‘ng sizga ikki narsa qoldirdim, agar ularni mahkam tutsangiz hargiz adashmaysiz. Ular Allohning kitobi va Payg‘ambarning hadisidir”, degan sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavotu salomlar bo‘lsin”.
Davron NURMUHAMMAD
Islom dini odamlarning tafriqaga bo‘linishni qoralaydi. Mintaqamiz va yurtimiz musulmonlari Qur’on va hadisdagi aqidaviy va fiqhiy masalalarni tushunishda Ahli sunna val jamoaning moturidiy aqidasi va hanafiy mazhabidalar.
Ahli sunna val jamoa islom tarixining barcha davrlarida musulmonlarning katta qismini tashkil qilgan. Afsuski, hozirgi kundagi o‘zini Ahli sunna val jamoadanman deb da’vo qiladigan kimsalarning aytayotgan gaplari va tutayotgan yo‘llari sunnatga zid hisoblanadi. Alloh subhonahu va taolo ham Qur’oni karimda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini mahkam ushlashni alohida buyurgan:
“Payg‘ambar sizga nimani bersa, o‘shani olinglar va nimadan qaytarsa, o‘shandan qaytinglar" (Hashr surasi, 7-oyat).
Demak, "Ahli sunna val jamoa"dan ajramaslik lozim ekan. "Kim jannatning qoq o‘rtasini iroda qilsa, jamoatni lozim tutsin" deyilgan.
Jamoatdan ajrab qolish oqibati ham sahih hadisi shariflarda o‘z aksini topgan. Jumladan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kimki jamoatdan bir qarich ajralsa, o‘ladigan bo‘lsa, faqatgina johiliyat o‘limi ila vafot etadi!” (Imom Buxoriy, Muslim rivoyati).
Har bir firqa vakillari o‘zlarini ahli sunna val jamoa vakili deb biladi va o‘zlarining guruhlaridan boshqalarni bu yo‘ldan ayrilgan, deb biladi. Chunki, har qanday firqa va oqimning bir necha yuzlab, balki minglab va millionlab vakillari bo‘lishi mumkin va bu o‘ziga xos jamoatni yuzaga keltiradi, albatta.
Ahli sunna val jamoa aytganimizdek, musulmonlarning mutlaq ko‘pchiligi bo‘lganlar va sunnatga amal qilib kelgan musulmonlarning katta jamoasini tashkil qiladi.
Shunday ekan, Alloh taolo barchalarimizni, xususan yoshlarni tug‘ri yo‘lda sobit qadam qilsin.
Kosonsoy tuman bosh imom-xatibi Azizov Qodirxon
Manba: @Softalimotlar