Saudiya Arabistonida xizmat safarida bo‘lib turgan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev va muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklaridagi delegatsiya Makka shahridagi mehmonxonada ziyoratchilarimiz uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Soha rahbarlari bilan muloqotda bo‘lgan yurtdoshlarimiz muborak amallarni bekamu ko‘st ado etish uchun qilingan sharoitlardan benihoya mamnunliklarini izhor etib, mana shunday ezgu ishlarga rahnamolik qilayotgan muhtaram Prezidentimiz va mutasaddilardan cheksiz minnatdor ekanlarini bildirdilar.
Haqiqatan, hamyurtlarimiz uchun barcha sharoitlar muhayyo qilingan. Mazkur mehmonxonaning foyelari keng bo‘lib, qulay o‘rindiqlar joylashtirilgan va ziyoratchi o‘z xonasiga ko‘tarilmoqchi bo‘lsa, yetarli adadda liftlar ishlamoqda. Shu joyning o‘zidan ishchi guruh vakillari ziyoratchilarimiz talab-istaklariga doimo hozirjavob bo‘lishmoqda.
Har bir xonada yuvinish xonasi mavjudligi, sovutkich, muzlatkich, stol-stul, jurnal stoli, telefon, televizor va zamonaviy mebellar bilan jihozlanganini ta’kidlash kerak. Shuningdek, qibla ko‘rsatkichi, joynamoz, Qur’oni karim va televizor ham mavjud.
Bir necha yuz kishilik oshxonada ibodatga quvvat bo‘ladigan uch mahal laziz taomlar, sarxil mevalar, salatlar, shirinliklaru sharbatlar tortiq qilinmoqda.
Mehmonxonada tibbiyot xonasi va ishchi guruhi shtabi tashkil etilgan bo‘lib, malakali shifokorlar va tajribali mutaxassislar uzluksiz ziyoratchilar xizmatida bo‘lmoqda. Harami sharifga 24 soat davomida avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan.
Mana shunday sa’y-harakatlar yurtimizdagi “Inson qadri – ulug‘”, degan yuksak tamoyil fuqarolarimiz dunyoning qaysi burchagida bo‘lsa ham amalda ekanini yaqqol namoyon etadi. Shu bois ham muqaddas zaminlarda ulug‘ ibodat uchun yaratilgan qulaylik, e’tibor va ehtiromdan benihoya ruhlangan ziyoratchilarimiz muhtaram Prezidentimizga samimiy tashakkurlarini yetkazishni soha rahbarlaridan iltimos qildilar.
Muftiy hazratlari ziyoratchilarimiz bilan birga peshin namozini ado etib, yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi, haj va umra ibodatlari bardavom bo‘lishi va bu borada davlatimiz Rahbarining olib borayotgan ishlariga xayru baraka so‘rab duolar qildilar.
Shifokorlardan biri aytadi: “Bir kuni mening qabulimga yoshi oltmishlardan o‘tgan kishi o‘zining taxminan yoshi o‘ttizlarda bo‘lgan o‘g‘li bilan kirdi. Yigit otasining qo‘lidan ushlab olgan, unga nihoyatda g‘amxo‘r edi. Uning u yoq-buyoqlarini tuzatib qo‘yar, unga behad e’tiborli edi. Uning otasi bemor ekan. Ularning muammosini so‘rash va tahlillarga ko‘z tashlash asnosida otasining harakatlari g‘ayritabiiy ekanligini sezdim. O‘g‘li otasining aqli zaif ekanligini aytdi. Men otasiga kim qarashi haqida so‘rasam o‘g‘li “men” dedi. Men: “Nega endi biror-bir xizmatkor olmaysiz?”, deb so‘radim.
O‘g‘li dedi: “Chunki otam yosh bolaga o‘xshab qolganlar. Hech shikoyat qilmaydilar. Xizmatkor u kishiga aziyat berib qo‘yishi yoki xizmatda nuqsonga yo‘l qo‘yishi mumkinmi deb qo‘rqaman”. Men o‘g‘ilning otasiga bo‘lgan e’tiboridan hayratda qoldim. Undan uylanganmisiz, deya so‘radim. U: “Ha, farzandlarim ham bor. Xotinim otamning xizmatlarini jon-dildan bajaradi. U kishiga ovqatlarini pishirib taqdim qiladi. Ammo men xotirjam bo‘lishim uchun otam bilan birga ovqatlanaman. Otamning qon bosimlari ham baland. Ustiga- ustak qand kasalliklari ham bor”.
Men u yigitdan yanada ajablandim. Ko‘z yoshlarimni yashirdim. Yashirincha otaning tirnoqlariga nazar soldim. Uning tirnoqlari olingan, toza edi. Shunda ota o‘g‘liga qarab: “Qachon menga chips olib berasan?”, dedi. O‘g‘li: “Otajon, hozir do‘konga borib chips sotib olamiz”, dedi. Otasi bundan xursand bo‘ldi. Shunda o‘g‘li menga qarab: “Otam xursand bo‘lsalar men ham xursand bo‘laman. U kishi mening kichik o‘g‘limdek bo‘lib qolganlar!”, dedi. Men undan: “Bemorlik vaqtingizda otangiz sizga qaraganini, siz uchun g‘am chekkanini eslay olasizmi, siz xursand bo‘lganingizda xursand, xafa bo‘lganingizda xafa bo‘lganlari yodingizda bormi?”, deb so‘radim. O‘g‘li: “Doktor! Otam bir bechora inson. Men o‘n yoshimdan beri u kishining xizmatlarini qilaman. Yoshligimdan beri men u kishiga qarayman, g‘amxo‘rlik qilaman!”.
Men unga kerakli muolaja ro‘yxatini yozib berdim. Dorilarni tushuntirdim. O‘g‘il otasining qo‘llaridan tutib men bilan xayrlashdi-da otasiga: “Ketdik otajon, do‘konga!”, dedi. Ular chiqib ketishi bilan ushlab turgan ko‘z yoshimni qo‘yib yubordim. Bu bola otasiga yaxshilik qiladigan haqiqiy farzand ekan. Vaholanki, otasi unga tarbiya bermagan, g‘amxo‘rlik qilmagan, kechalari o‘g‘li uchun bedor bo‘lmagan, uning dardi bilan alam chekmagan, u yig‘laganda yig‘lamagan ekan. Shunday bo‘lsada o‘g‘il otasiga bunaqa xizmatlarni taqdim qilayapti. Biz sog‘lom ota-onalarimiz uchun bu yigit o‘zining aqli zaif otasiga qilgan xizmatlarini qila olayapmizmi?!
Doktor Samir Muhammad Ayyub