Homidjon domla Ishmatbekov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari
Sayidjamol domla Masayitov, Habibulloh domla Jo‘raboyev,
Fatvo markazi ulamolari
Shu yilning 6-7 oktyabr kunlari Andijon viloyatida imom-xatiblar faoliyati samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar tashkil etiladi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligida Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi, Toshkent shahri va viloyatlar bosh imom-xatiblari ishtirok etadi.
Seminarda o‘zaro tajriba almashish, targ‘ibot ishlarini olib borish, imom-xatiblar kasb-mahoratini oshirish, aholi bilan muloqot qilish, mo‘min-musulmonlar ehtiyojlarini ta’minlash hamda xayriya tadbirlarini amalga oshirishdagi zamonaviy uslub va yondashuvlar bilan o‘rtoqlashiladi.
Ishtirokchilarga O‘zbekiston musulmonlari idorasining Andijon viloyati vakilligi faoliyati, yangicha ish yuritish tartibi, ta’sirchan targ‘ibot tadbirlari, raqamli moliya-xo‘jalik faoliyati, sifatli media kontent tayyorlash va fuqarolar murojaati bilan ishlashdagi ilg‘or tajribalari taqdimot qilinadi.
Seminar qatnashchilari viloyatdagi “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyati, zamonaviy ta’lim-tarbiya usullari va o‘quv-metodik jarayonlari bilan atroflicha tanishib, talabalar bilan dildan muloqot qiladilar.
Tadbirlar davomida bosh imom-xatiblar o‘zlariga biriktirilgan Andijon viloyatining tuman-shaharlarida keng aholi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazadilar. Shuningdek, ushbu hududlardagi masjidlar holati va imom-xatiblar faoliyatini rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar beradilar.
Seminarning ikkinchi kunida saxovat, muruvvat va mehribonlik uylari, ziyoratgohlar va oxirgi yillarda qayta qurilgan masjidlarga ham ziyoratlar uyushtiriladi.
Tadbirlar yakunida to‘plangan bilim va ko‘nikmalar, yangicha ish uslublari va erishilgan natijalar muhokama qilinib, ilg‘or tajribalar keng ommalashtiriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati