Tushkunlik qondagi kortizol miqdorining kamayib ketishiga olib keladi, g‘azab esa qonda adrenalin va tiroksin miqdorining keskin oshishiga sabab bo‘ladi. Agar inson qattiq g‘azablanish, tashvish, uyqusizlik va tushkunlik holatiga tushsa, u osongina oshqozon yarasi, diabet, ichaklarning qisqarishi, qalqonsimon bez kasalliklari va yurak xuruji kabi kasalliklarning qurboniga aylanadi. Bu kasalliklarning yagona davosi esa, mehr-muhabbat ko‘rsatish, xushhollik kayfiyatini uyg‘otish, kengbag‘rlik va sofdillikdir.
Mustafo Mahmud "Qur’oniy yangi psixologiya" kitobida bunday yozadi: "Islomda ruhiy muolajaning eng yuqori cho‘qqisi zikr bo‘ladi. Bu - qalb, til, a’zolar, xulq-atvor va amallar bilan Alloh taoloni zikr qilmoqdir.
U har so‘z va ishda, doimiy va uzoq vaqt Hazrati ilohiyni eslashdir.
Shifo, himoya, omonlik va xotirjamlik zikrdadir.
Chunki zikr banda bilan Parvardigor o‘rtasida uzilgan rishtalarni ulaydi. Nafsni ayrilib qolgan manbasiga bog‘laydi. Ishni Egasiga topshiradi.
Zero, bu borliqda nafsning ayblarini Yaratgandan ko‘ra biluvchiroq va muolajasiga qodirroq hech kim yo‘qdir".
Darhaqiqat, nafl namozlar, Qur’on tilovati va "Astag‘firulloh", "Subhanalloh", "Alhamdulillah", "Allohu akbar" kabi so‘zlarni aytish zikr deyiladi.
Yanada kengroq aytilsa, har amalni bajarishda Alloh taoloni yodda tutish - zikr.
Masalan, ovqatlanganda, yurganda, o‘tirganda, savdo qilganda Allohni yodga olinadigan turli zikrlar hadis kitoblarida keladi.
Mustafo Mahmudning mazkur so‘zlariga amal qilib ko‘ring, ruhiy tushkunlik qanday yo‘qolishiga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz.
Mustafo Mahmudning "Sirlar olami" kitobidan
Qiyomat kuni ikki kishiga Alloh taolo rahmat nazari bilan qaramaydi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Alloh taolo qiyomat kuni ikki kishiga rahmat nazari bilan qaramaydi. Ulardan biri qarindosh-urug‘i bilan aloqalarini uzgan kishi bo‘lsa, ikkinchisi yomon qo‘shnidir”.
Shunday ekan, kim Allohning nazaridan umidvor bo‘lsa, silai-rahmni uzmasligi, qo‘ni-qo‘shnilar bilan yaxshi qo‘shnichilik qilishi lozim.
Alloh taolo barchamizni O‘zining rahmatiga sazavor aylasin!
Ruhiddin Akbarov,
O‘MIning Qashqadaryo viloyat vakilligi xodimi