Hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimning sharhlovchisi sifatida hukm chiqarish vakolatiga ega edilar. Shunga binoan hadis hukm chiqarish bo‘yicha ikki asosiy sohani qamrab oladi.
Birinchi soha: Qur’oni karimda zikr etilgan hukmlarni yoritib berish.
Ikkinchi soha: Qur’oni karimda ko‘rsatilmagan masalalarni hukm shaklida belgilash.
Birinchi sohada hadis Qur’oni karim oyatlarini tafsir qiladi. Umumiy ma’noga ega bo‘lganini xoslashtiradi, ya’ni unga xususiy ma’no beradi, mutloq, ya’ni, qayd va shartsiz oyatlarni qaydlaydi.
Shu o‘rinda ba’zi bir misollar keltirib o‘tamiz. Qur’oni karimda “Namoz o‘qinglar” deb amr qilingan. Lekin namozlarning soni, sifati, rak’atlarining soni Payg‘ambarimiz alayxissalom tomonidan belgilangan va amalda ko‘rsatib berilgan. Bu esa mujmal iborani izohlash misoli.
Umumiy mazmunni xos qilish uchun misol. Qur’oni karimda meros tizimi umumiy ma’noda kelgan. Ya’ni meros qoldirish va meros olish huquqi berilgan. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam meros olish uchun din birligi, qotil bo‘lmaslik va qul bo‘lmaslikni shart qilib qo‘yib uni xoslashtirganlar. Masalan, o‘z otasini o‘ldirgan yoki nohaq yo‘l bilan uning o‘limiga sabab bo‘lgan farzand otasidan meros olish xuquqidan mahrum bo‘ladi.
Ikkinchi soha bo‘yicha hadisga tegishli masalalar. Zarurat chog‘ida Qur’oni karimda aytilmagan biron bir yangi hukmni hadis hukm qilib belgilab beradi. Bu o‘rinda ayrim hukmlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan maxfiy vahiy yoki ilhom orqali sodir bo‘lgan va ba’zilari u zotning ijtihodlari va shaxsiy fikrlaridan kelib chiqqan. Albatta, Payg‘ambarimiz alayhissalom ijtihod qilishda ham islom ruhi va falsafasini nazarda tutar edilar.
Bu o‘rinda ko‘p misollar berish mumkin. Masalan, momoga merosdan oltidan bir hissa berish, nikoh bitimining to‘g‘ri bo‘lishi uchun guvohlar shartligi, badan a’zolari xun bahosini belgilash kabi hukmlar kiradi.
Islom shariatida hadislarning o‘rni ahamiyatli ekani ko‘rinib turibdi. Hukmlar faqatgina Qur’oni karimning o‘zidan olinmaydi. Qur’oni karimda kelgan ko‘pgina hukmlar tafsilotini bilish uchun hadislar muhim ahamiyat kasb etadi. Balki shar’iy hukmlarning bir qanchasi hadislar orqali kelib chiqqan ekan.
Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Marosim O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Katta konferens-zalida o‘tkazildi. Tadbir ishtirokchilariga «Jahon jamoatchiligining Islom sivilizatsiyasi markaziga nigohi» maxsus filmi namoyish etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi, Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti rahbari Sherzod Asadov tabrik so‘zi bilan ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi maslahatchisi Muzaffar Komilovning forum ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining mas’ul xodimi Rahmatulla Arziyev o‘qib eshittirdi.
Forum ishtirokchilariga yo‘llangan qutlov so‘zlarida xorijiy mehmonlar va media hamjamiyati vakillariga minnatdorlik bildirildi. Forumning professional muloqot, xalqaro hamkorlik va O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosini ilgari surish maydoni sifatidagi ahamiyati ta’kidlandi.
Marosimning asosiy voqealaridan biri Euronews bosh direktori va bosh muharriri Klaus Shtrunsning «Yangi yaqinlik: madaniyat, media va g‘oyalar orqali Yevropa va Markaziy Osiyoni birlashtirish — Islom sivilizatsiyasi markazi global axborot makonida» mavzusidagi maxsus ma’ruzasi bo‘ldi.
Shtruns islom sivilizatsiyasining tarixiy, ilmiy, ma’naviy va madaniy merosini zamonaviy media formatlar orqali jahon auditoriyasiga yetkazish, shuningdek, Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasida axborot almashinuvini kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, media vositalari turli mamlakatlar va jamiyatlar o‘rtasida nafaqat axborot almashinuvini ta’minlashi, balki muloqot uchun ko‘priklar ham qurishi kerak.
«Media vositalari fikrlar va yangiliklar almashinuvi uchun ko‘priklar qurishi mumkin va qurishi shart. Axir media kommunikatsiyasining mohiyati ham aynan shunda — ko‘priklar qurishda. Bugun bu yerda, qadimiy Ipak yo‘lida, kelajagimiz uchun aynan shu jarayon sodir bo‘lmoqda», — dedi Klaus Shtruns.
Euronews rahbari Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi axborot makonini yanada yaqinlashtirishni tarixiy Ipak yo‘li an’analari bilan qiyosladi. Uning ta’kidlashicha, mintaqalar o‘rtasidagi zamonaviy media aloqalar iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ham ochishi mumkin.
«Ipak yo‘lida axborot oqimi qanday kechgan bo‘lsa, bir-birimiz bilan muloqot qilish, bir-birimizning tilimizni tushunish ham shunday bo‘lsin. Bu oddiy texnik jarayondan ko‘ra kengroq tushuncha. Bu haqiqiy hamkorlikning yangi ko‘rinishi, kelajakdagi butun iqtisodiy taraqqiyot uchun harakatlantiruvchi kuch bo‘ladigan yangi axborot makonidir», — dedi u.
Klaus Shtruns, shuningdek, O‘zbekistonda yosh avlodning katta ulushga ega ekanini alohida qayd etib, bu mamlakatning kelajagi uchun ulkan imkoniyat ekanini ta’kidladi. U turli mamlakatlar yoshlarini birlashtiruvchi media va madaniy loyihalarni amalga oshirish taklifini ilgari surdi.
Uning fikricha, turli sohalar — sport, ilm-fan, ta’lim va madaniyat vakillaridan iborat yoshlarni bir joyga to‘plab, ularning tajriba almashinuvi, hujjatli filmlar suratga olishi va qo‘shma loyihalarda ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratish mumkin. Bunday tashabbuslar orqali mamlakatlar va mintaqalar yoshlari o‘rtasida yangi aloqalarni shakllantirish mumkin.
«Bu faqat chiroyli nutqlarda emas, balki aniq va amaliy loyihalarda o‘z ifodasini topishi kerak», — dedi Euronews bosh direktori.
Shtruns media sohasidagi innovatsiyalar ham aynan shu maqsad — o‘tmish merosini asrab, kelajakni birgalikda yaratishga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.
«Eng muhimi, media doimo innovatsiyalarni harakatga keltiruvchi kuch bo‘lishi kerak. Ammo bu innovatsiyalar bugun men eshitgan ajoyib maqsadga xizmat qilishi lozim: media sohasida innovatsiyalarni ilgari surish, qalbimizda o‘tmishni asrab, kelajakni yaratish», — dedi u.
Euronews rahbari forumda ishtirok etishni media sohasining jamiyat oldidagi mas’uliyati bilan bog‘ladi. Uning ta’kidlashicha, jurnalistika va media faoliyati faqat biznes yoki kasb emas, balki turli jamiyatlarni yaqinlashtirishga xizmat qiladigan muhim vazifadir.
«Ushbu noodatiy tadbirda media hamkor sifatida ishtirok etayotganimizdan faxrlanamiz. Biz uchun bu shunchaki biznes emas, oddiy kasb ham emas. Bu — o‘z burchimiz va da’vatimizdir», — dedi Klaus Shtruns.
Shu tariqa, forumning ochilish marosimida media sohasining zamonaviy vazifalari, xalqaro axborot hamkorligini rivojlantirish, madaniy merosni yangi formatlarda jahon auditoriyasiga taqdim etish va turli mintaqalar o‘rtasida yangi axborot ko‘priklarini barpo etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, WOSCU Boshqaruv raisi Firdavs Abduxaliqov «Islom sivilizatsiyasi markazi — yangi turdagi madaniy-ma’rifiy media platforma» mavzusida maxsus ma’ruza qildi.
Abduxoliqov Markaz konsepsiyasini tarixiy meros, ilm-fan, muzey ishi va yangi medialarni birlashtiruvchi zamonaviy xalqaro maydon sifatida taqdim etdi. U islom sivilizatsiyasi merosi hujjatli filmlar, televizion loyihalar, raqamli rekonstruksiyalar, multimedia va immersiv ekspozitsiyalar, shuningdek, nashriyot tashabbuslarida qanday yangi talqin kasb etayotgani haqida ma’lumot berdi. Markazning xalqaro media loyihalari, dunyodagi yetakchi ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligi, shuningdek, tarixiy merosni o‘rganish va ommalashtirishda sun’iy intellekt hamda raqamli texnologiyalardan foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Marosim ishtirokchilariga, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi haqida prezentatsion rolik namoyish etildi.
Xalqaro mediaforumda 50 ta davlatdan media va ekspertlar hamjamiyatining 300 nafarga yaqin vakili ishtirok etmoqda. Ular orasida xalqaro telekanallar va axborot agentliklari rahbarlari hamda vakillari, jurnalistlar, noshirlar, kinematografistlar, olimlar, tadqiqotchilar va raqamli texnologiyalar sohasi mutaxassislari bor.
iccu.uz