Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
«Arkon» ko‘plik siyg‘asidagi so‘z bo‘lib, uning birligi rukndir. «Rukn» lug‘atda burchak ma’nosini anglatadi. Xuddi burchak uydagi asosiy narsalardan bo‘lganidek, rukn ham namozdagi asosiy narsadir. Ruknlarsiz namoz bo‘lmaydi. Ruknlar namozning avvalidan oxirigacha ado etilishi shart, ularni qasddan yoki unutib yoxud bilmasdan qoldirib bo‘lmaydi.
Hanafiy mazhabida rukn lafzi o‘rniga farz va vojib lafzlari ishlatiladi. Quyidagi hadisi shariflarda namozning farz va vojib amallari haqida so‘z boradi.
عَنْ عُمَرَ رَضِي اللهُ عَنْهُ ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّمَا الْأَعْمَالُ بِالنِّيَّاتِ، وَإِنَّمَا لِكُلِّ امْرِئٍ مَا نَوَى. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ إِلَّا أَبَا دَاوُدَ.
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Beshovlaridan faqat Abu Dovud rivoyat qilmagan.
Sharh: Bu hadis va uning to‘liq sharhi «Niyat» kitobida o‘tgan. Hadisi sharifning bir qismini bu yerda keltirishdan murod, namozda niyat farz ekanligini bildirishdir. Namoz o‘quvchi niyat qilishi farz, aksincha, namozi namoz bo‘lmaydi. Agar niyatini tiliga olib aytsa, yana ham yaxshi.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ دَخَلَ الْمَسْجِدَ فَدَخَلَ رَجُلٌ فَصَلَّى ثُمَّ جَاءَ فَسَلَّمَ عَلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَرَدَّ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَلَيْهِ السَّلَامَ، فَقَالَ: ارْجِعْ فَصَلِّ فَإِنَّكَ لَمْ تُصَلِّ، فَصَلَّى ثُمَّ جَاءَ فَسَلَّمَ عَلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ، فَقَالَ: ارْجِعْ فَصَلِّ فَإِنَّكَ لَمْ تُصَلِّ ثَلَاثًا، فَقَالَ: وَالَّذِي بَعَثَكَ بِالْحَقِّ مَا أُحْسِنُ غَيْرَهُ فَعَلِّمْنِي، فَقَالَ: إِذَا قُمْتَ إِلَى الصَّلَاةِ فَكَبِّرْ، ثُمَّ اقْرَأْ مَا تَيَسَّرَ مَعَكَ مِنَ الْقُرْآنِ، ثُمَّ ارْكَعْ حَتَّى تَطْمَئِنَّ رَاكِعًا، ثُمَّ ارْفَعْ حَتَّى تَعْتَدِلَ قَائِمًا، ثُمَّ اسْجُدْ حَتَّى تَطْمَئِنَّ سَاجِدًا، ثُمَّ ارْفَعْ حَتَّى تَطْمَئِنَّ جَالِسًا، ثُمَّ اسْجُدْ حَتَّى تَطْمَئِنَّ سَاجِدًا، ثُمَّ افْعَلْ ذَلِكَ فِي صَلَاتِكَ كُلِّهَا. رَوَاهُ الْخَمْسَةُ. وَزَادَ أَبُو دَاوُدَ: فَإِذَا فَعَلْتَ هَذَا فَقَدْ تَمَّتْ صَلَاتُكَ، وَمَا انْتَقَصْتَ مِنْ هَذَا شَيْئًا فَإِنَّمَا انْتَقَصْتَهُ مِنْ صَلَاتِكَ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam masjidga kirdilar. Bir odam ham masjidga kirdi va namoz o‘qidi. So‘ngra kelib, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salom berdi. Bas, Nabiy sollallohu alayhi vasallam uning salomiga javob berdilar va:
«Qayt, borib namoz o‘qi. Sen namoz o‘qiganing yo‘q», dedilar. U borib, namoz o‘qidi. So‘ngra kelib, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salom berdi. Bas, u zot:
«Qayt, borib, namoz o‘qi. Sen namoz o‘qiganing yo‘q», dedilar. Uch marta shunday bo‘ldi. Bas, shunda haligi odam:
«Sizni haq ila yuborgan Zot ila qasamki, bundan yaxshi o‘qiy olmayman, menga o‘rgating», dedi.
U zot sollallohu alayhi vasallam: «Qachon namozga tursang, takbir ayt. So‘ngra o‘zingga muyassar bo‘lganicha Qur’ondan qiroat qil, so‘ngra ruku’ qil va ruku’da tin ol, so‘ngra g‘oz turib, tiklan. So‘ngra sajda qil va sajdada tin ol. Keyin (boshingni) ko‘tar va o‘tirib tin ol. So‘ngra sajda qil va sajdada tin ol. Keyin namozingning hammasida shunday qil», dedilar».
Beshovlari rivoyat qilganlar.
Abu Dovud:
Sharh: Ushbu hadisi sharif muhaddis va faqih ulamolar orasida «namozini yomon o‘qigan odamning hadisi» nomi bilan mashhur bo‘lgan. U namozning sifati haqidagi o‘ta muhim hukmlarni o‘z ichiga olgan buyuk hadisdir.
Unda «masjidga kirib kelib, namoz o‘qidi» deyilgan kishining ismi Xolid ibn Rofe’ bo‘lib, Nasaiy qilgan rivoyatga ko‘ra, u ikki rak’at namoz o‘qigan.
Ushbu hadisdan olinadigan foydalar:
1. Masjidga kirgan odam avvalo namoz o‘qishi kerakligi.
2. Boshliq o‘ziga tobelar qilayotgan ish shariatga mosmi-yo‘qmi, qarab turishi lozimligi va xato bo‘lsa, tuzatib qo‘yishi.
3. Namoz o‘qib bo‘lgach, masjiddagilarga salom berish.
4. Salomni eshitgan kishi darhol alik olishi. Salomga alik olishning vojibligi shu hadisdan olingan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam avval salomga alik olib, so‘ng xatoni to‘g‘rilashga kirishganlar.
5. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: «Qayt, borib, namoz o‘qi. Sen namoz o‘qiganing yo‘q» deganlarini ulamolar ikki xil ta’vil qilganlar.
Ba’zilari «Uning namozi butunlay namoz bo‘lmagan», desalar, boshqalari «Uning namozi komil namoz bo‘lmagan, chunki hadisning oxirida «Bundan biror narsani kam qilsang, namozingdan kam qilgan bo‘lasan», demoqdalar», deyishadi.
6. Bir narsani yaxshi bilmagan odam e’tirof qilib, bilgan odamdan o‘rgatib qo‘yishini so‘rashi kerakligi.
7. Bilgan odam esa avval bilmagan odamning ishi xato ekanligini muloyimlik bilan tushuntirib qo‘yishi lozimligi.
8. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: «Qachon namozga tursang, takbir ayt» deganlari namozga kirish takbir bilan bo‘lishini va takbir farz ekanligini bildiradi.
9. «So‘ngra o‘zingga muyassar bo‘lganicha Qur’ondan qiroat qil» deganlaridan namozda qiroat farz ekanligi va u muyassar bo‘linganicha o‘qilishi kelib chiqadi.
Hanafiy ulamolar shuni dalil qilib, «Namozda Fotiha surasini o‘qish farz emas, balki muyassar bo‘lganicha oyatlar o‘qish farzdir», deydilar.
10. «Tin ol» deyilganidan ruku’ va sajdada xotirjam bo‘lgudek holat vojibligi kelib chiqadi.
Buning eng kam miqdori Hanafiy mazhabida ruku’da «Subhana robbiyal azim»ni, sajdada «Subhana robbiyal a’la»ni shoshmay, uch martadan aytish bilan belgilanadi.
Ko‘pchiligimiz bu narsaga uncha e’tibor bermaymiz. Hadisdagi namozni kamchilik bilan o‘qigan odamga o‘xshab ruku’ va sajdani nomiga, tez-tez qilamiz. Aslida esa ruku’da ham, sajdada ham tasbehlarni o‘n bir martadan aytish kerak.
11. Shuningdek, ruku’dan ham g‘oz turib, qomatni rostmana to‘g‘rilash lozim. Ba’zilarga o‘xshab, boshni ko‘tarib, ko‘krakni bir oz to‘g‘rilab, sajdaga ketaverish kerak emas.
12. Birinchi sajdadan boshni ko‘targanda rostmana, xotirjam bo‘lib o‘tirish lozimligi.
13. «Keyin namozingning hammasida shunday qil» deganlaridan har bir rak’at namozda yuqorida zikr qilingan narsalar takrorlanishi lozimligi bilinadi.
14. Namozning arkonlaridan birortasini buzgan odam uni qayta o‘qishi vojibligi.
15. Olim odam bilmaganlarga shariat amallarini sabr bilan o‘rgatishi zarurligi.
«Hadis va hayot» kitobining 4-juzi asosida tayyorlandi
#xabar #haj2025
Joriy yilgi haj mavsumi o‘zining qizg‘in pallasiga kirmoqda. Bugun, 3 iyun – Zulhijja oyining 7 kuni kechki paytdan boshlab ziyoratchilarni Mino vodiysiga tashish ishlari boshlanadi. 4 iyun – Zulhijja oyining 8 kuni barcha hojilar Mino vodiysida jam bo‘lishadi.
Shu munosabat bilan haj delegatsiyasi a’zolari, ishchi guruhi shtabi, shifokorlar jamoasi va guruh rahbarlari ishtirokida Makka shahridagi mehmonxonada umumiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi, ishchi guruhi rahbari Sodiqjon Toshboyev, muftiy – haj delegatsiyasi rahbari Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, attashe Shuhrat Amoniy hamda shifokorlar jamoasi yetakchisi Alisher Saatov qatnashdi.
Mutasaddilar mehmonxonalardan Minoga, u yerdan Arafot, bu manzildan esa Muzdalifaga va yana Minoga qaytishni tartibli tashkil etish, muborak manzillar va chodirlarda risoladagidek ibodat qilish uchun barcha sharoitlarni hozirlash, ziyoratchilar salomatligiga jiddiy e’tibor berish, ovqatlanish ratsioniga amal qilish, belgilangan tartiblarga rioya etishni ta’minlash masalalarini aytib o‘tishdi.
Ayniqsa, Mino, Arafot vodiylarida o‘rnatilgan qonun-qoidalarga amal qilish, xususan, kunning jazirama issiq vaqtlarida (soat 10-00 dan 16-00 gacha) chodirlardan tashqarida yurmaslik, hududlarda tog‘u tepaliklarga chiqmaslik, bitoqa-beyjiklarni taqib yurish, harakatlanishda maxsus transport vositalari, avtobuslardan foydalanish va podshohlik talablari, tartibni saqlovchi xodimlar ko‘rsatmalariga itoat etish kabilarga urg‘u qaratildi.
Muftiy hazratlari ishchi guruhi va guruh rahbarlari uchun yanada mas’uliyatli damlar boshlanayotganini ta’kidladilar. Shuning barobarida haj amalini dinimiz talablariga muvofiq ado etish, shar’iy masalalarda Fatvo markazi fatvolariga rioya qilish, o‘zboshimchalik bilan ish tutishdan saqlanish, Mino va Arafotdagi chodirlarda ulamolarning mav’izalarini tashkil etish, bir so‘z bilan aytganda, hojilarning har bir daqiqasini toat-ibodat, duoyu zikr bilan unumli o‘tkazish kabilarni aytib o‘tdilar.
Yig‘ilishda boshqa tashkiliy masalalar ham kelishib olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati