Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro'-e'tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo'linishni qoralaydi. Dinlararo muloqotga rahna soladigan jiddiy omil diniy mutaassiblikdir. Ma'lumki, ushbu illatni aksariyat hollarda islom dini bilan bog'liq hodisa sifatida talqin etiladi. Biroq, bu noxolis yondashuv bo'lib, voqelik mutaassiblik muayyan ma'noda barcha din va konfessiyalarga e'tiqod qiluvchilar orasida uchrashini ko'rsatmoqda. Mohiyat e'tibori bilan diniy mutaassiblik jamiyat taraqqiyoti, zamon talablarini inkor etish va qadimiy diniy aqidalarni mutlaqlashtirishga bo'lgan urinish hosilasidir. Davr o'zgarib borgani sari sog'lom diniy ma'rifat vakillari dindagi ko'rsatma va tartiblarni voqelik talablari asosida takomillashtirib boradilar.
Biroq, mutaassiblar aksincha yo'l tutib, go'yoki «dinni sof saqlash»ga harakat qiladilar. Mutaassiblik turli dinlarda turlicha bo'lsa-da, hozirda u yaxlit fenomen (xar kanday kuzatilgan xodisa) sifatida shakllanib ulgurganini ta'kidlash joiz
Mutaassiblik lug'atda – bir narsaga qattiq bog'lanib, ko'r-ko'rona ergashish, ashaddiy tarafkashlik, bir fikrda qattiq turib olish kabi ma'nolarni anglatadi. “Kashshofu istilohotil-funun” kitobida “mutaassiblik, garchi dalil ko'rinib turgan bo'lsa ham, bir tomonga moyillik tufayli haqni rad etishdir” deb ta'riflangan.
Mutaassiblik turlaridan yana biri diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma'lum bir dinda asos bo'lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta'limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko'rsatmalariga zid ravishda o'zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri dinlararo muloqotga rahna solishdir. Ushbu illat aksar hollarda islom dini bilan bog'liq hodisa sifatida ko'zga tashlanadi. Ammo bu harakat muayyan ma'noda barcha din va konfessiyalarga e'tiqod qiluvchilar orasida uchraydi.
Diniy mutaassiblik ikki ko'rinishda namoyon bo'ladi. Birinchisi, boshqa dinlarga nisbatan mutaassiblik. Ikkinchisi, dinda mutaassibona harakat qilishdir.
Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi: “Dinga zo'rlab kiritish yo'q. Zero, to'g'ri yo'l zalolatdan ajrab bo'ldi” (Baqara surasi, 256-oyat). Ulamolar bu oyatni diniy mutaassiblikdan qaytaruvchi dalil sifatida keltiradilar.
Mutaassiblikning xavfli tomoni shundaki, taassubga moyil odamlar jamiyatda beqarorlik to'lqinini keltirib chiqarishga qodirlar. Ommaviylik unsuri esa muayyan bir hatti-harakatlar uchun shaxsiy javobgarlik hissini yo'qotib yuboradi, harakatga ommaviy tus beradi. O'zining shubhasiz haqligiga, haqiqatni faqat o'zi bilishiga ishonch hissi zo'ravonlik harakatlariga moyilligi bilan ajralib turadigan ekstremizmning paydo bo'lishiga olib keladi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni boshqa din vakillariga nisbatan bag'rikeng bo'lish, ularning e'tiqodini hurmat qilish, haqlariga rioya etishga buyurganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim ahli zimmaga biror zahmat etkazsa, qiyomat kuni meni o'zining dushmani sifatida ko'radi», deganlar.
Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur'on va Sunnatda kelgan ta'limotlarga zid ravishda o'z fikriga ergashishni qattiq qoralaydi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo'ygan chegaradan chiqib ketishlik tushuniladi.
Payg'ambar (s.a.v) esa: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo'linglar. Chunki, sizlardan oldin o'tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar, deganlar.
Ma'lumki, diniy fundamentalizm va xalqaro terrorizm o'zaro uzviy bog'lanib ketgan bo'lib, geosiyosiy munosabatlar tizimining ham xarakterli jihatlarini tashkil etadi. Murakkab geosiyosiy jarayonlar bilan parallel kechayotgan terroristik xurujlar dunyoda demokratik asoslarda qayta tuzilayotgan kuchlar nisbatining shakllanishiga jiddiy salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Islom dini niqobi ostida kechadigan terrorizm haqida gap ketganda, buzg'unchi xatti-harakatlarning dunyo musulmonlarining chinakam diniy manfaatlaridan kelib chiqmaganini, balki, bu hodisa fashizm, bol'shevizm kabi nodemokratik geomafkuraviy oqimlar tomonidan o'ylab topilgan geostrategik intilishlar kabi g'arazli manfaatlar ekanini ta'kidlash muhim. Shunday bo'lsada, hozirda xalqaro terrorizmning islom omili bilan uzviy bog'liq ekanini ham inkor etib bo'lmaydi.
Ayni paytda, hozirgi kunda, dunyoning turli mintaqalaridagi islom dini niqobi ostidagi terroristik tashkilotlar faoliyati ayrim islomiy xarakterdagi nohukumat tuzilmalar tomonidan mafkuraviy va moliyaviy jihatdan qo'llab-quvvatlanayotgani ham islom olami to'g'risida salbiy tasavvur va tushunchalarning paydo bo'lishi va uning jahondagi munosib o'rniga putur etkazayotganini ham ta'kidlash joiz.
Madmusayev Sodiqjon
“Hidoya“ o'rta maxsus islom bilim yurti
o'quv ishlari bo'yicha mudir o'rinbosari
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bolalar bilan muomala qilish uslubi
Eringizning hurmatini joyga qo‘ying!
Erkak kishining oilada oila boshlig‘i, ota sifatida o‘z o‘rni bo‘lmog‘i lozim. Buning uchun ayol kishi turmush o‘rtog‘iga nisbatan mehr-muhabbatli, ayniqsa, farzandlarining oldida otaning hurmatini joyiga qo‘ymog‘i kerak. Soliha ayol har qanday vaqtda otalarining buyuk shaxs ekanini bildirib turadi va otani hurmat qilish, uni yaxshi ko‘rishda bolalariga o‘rnak bo‘lib, amaliy yo‘l ko‘rsatadi. Farzandlariga otasining go‘zal xislatlarini o‘rnak sifatida aytib beradi. Onaning farzandiga: “Mana shunday qilsang otang sendan xursand bo‘ladi. Bunday qilmagin, dadangning jahllari chiqadi. Dadangning sendan jahli chiqsa, Allohning ham g‘azabi keladi”, deya pand-nasihatlar qilmog‘i maqsadga muvofiqdir.
Arzimas bo‘lsa ham hadyalar bering!
Farzandingizga kichik bo‘lsa-da, hadyalar bering. Bayram kunlari, biror muvaffaqiyatga erishganliklari munosabati bilan, ayniqsa, hayit kunlari buni unutmang. Bu bilan farzandingizning sizga bo‘lgan mehr-muhabbati, e’tibori ortadi, kayfiyati ko‘tariladi, yaxshiliklar sari intiladi. Sovg‘alaringiz ichida u qiziqqan kitoblar bo‘lsa, undan-da yaxshi.
Farzandingizga quloq soling!
Farzandingiz bog‘chasida yoki maktabida nima bo‘lganini aytib berish uchun oldingizga kelsa, uning shashtini qaytarmang. So‘zlarini diqqat bilan tinglang. U siz bilan o‘zining his-tuyg‘ularini bo‘lishmoqchi bo‘ladi. Farzandingizning muvaffaqiyatlarini rag‘batlantiring, agarda u imtihondan yuqori baho olsa, yilni a’lo baholarga yakunlab, maqtov yorlig‘i bilan taqdirlansa, siz ham farzandingizni munosib baholang, shirin so‘zlaringiz bilan uni yanada ilhomlantiring.
Farzandlaringiz bilan hazillashib turing!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bolalar bilan hazillashar va ularga mehr ko‘rsatar edilar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nevaralari Hasayinni o‘pdilar. U zotning oldilarida tamiymlik Aqro ibn Hobis o‘tirgan edi. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: “Mening o‘nta bolam bor, ulardan birontasini ham o‘pmagan ekanman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Rahm qilmagan kishiga rahm qilinmaydi” [1], dedilar».
Nabiy alayhissalom bolalar bilan hazillashar, ularning boshlarini silar edilar. Bolalar esa u zotning taftini, mehrini his qilishardi. Abdulloh ibn Ja’far roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u kishi aytadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘llari bilan mening boshimni siladilar va: “Alloh, Ja’farga bolasi uchun o‘rinbosar bo‘l” [2], dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bolalarning yanoqlarini silaganlari borasida “Sahihi Muslim”da rivoyat keltiriladi. Jobir ibn Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga namoz o‘qidim, keyin u zot uylariga chiqib ketdilar, men ham birga qo‘shilib oldim, yo‘lda ikkita yosh bola u zotning qarshilaridan chiqdi, har birining yanoqlarini alohida-alohida silab qo‘ydilar”.
Muoviyya roziyallohu anhu: “Kimning kichik yoshdagi farzandi bo‘lsa, farzandi bilan munosabatda o‘zini bolalardek tutsin”, deganlar.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Muttafaqun alayh.
[2] Imom Hokim rivoyati.