Savol: Qur’on o‘qiyotganda farzandlar shovqin qilib qolsa, ularga jim bo‘linglar deyiladi-da, keyin yana Qur’on tilovatida davom etib ketiladi. Shunda qayta a’uzu yoki bismillah aytiladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu holatda "A’uzu billahi minash-shaytonir-rojiym"ni aytib tilovatni davom ettirish mustahabdir. Chunki Qur’on tilovati asnosida qiroatga aloqasi bo‘lmagan gaplarni gapirsa, qiroatni a’uzuni aytib davom ettiradi. Agar Qur’on qiroatiga aloqador gaplarni gapirgandan keyin qiroatni davom ettirsa, a’uzuni aytmasdan davom etaveradi. Bu ikki holatda ham "bismillah" aytilmaydi (“An-nashr fil qiroatil ashr” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
2026 yilning ilk kunlarida viloyat bosh imom-xatibi viloyatimizda faoliyat yuritayotgan shahar va tuman bosh imom-xatiblari ishtirokida uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda yangi milodiy yilda amalga oshirilishi belgilangan ustuvor vazifalar, joylarda diniy-ma’rifiy ishlar sifatini oshirish, aholi orasida ma’naviy targ‘ibotni kuchaytirish, yoshlar va oilalar bilan ishlash hamda jamoatchilik bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Viloyat bosh imom-xatibi tomonidan har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilib, amaliy ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Shuningdek, imom-xatiblarning mas’uliyati, intizomi va jamiyat oldidagi burchi alohida ta’kidlanib, 2026 yilda diniy sohadagi faoliyatni yanada tizimli, mazmunli va samarali tashkil etish zarurligi qayd etildi. Mazkur uchrashuv yangi yilda joylarda olib boriladigan ishlarga mustahkam asos bo‘lib xizmat qildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi Matbuot xizmati