Qachonki Alloh taolo: "Har bir nafs o‘limning mazasini totguvchidir" (Oli Imron surasi, 185-oyat) oyatini nozil qilganida, farishtalar: "Biz nafs emasmiz, balki biz pokiza ruhlarmiz", dedilar.
Shunda Alloh taolo: "Uning ustidagi (ya’ni yerdagi) barcha narsa halok bo‘lguvchidir" (Rahmon surasi, 26-oyat)ni nozil qildi.
Shunda farishtalar: "Biz yerda emas, balki osmondamiz", dedilar.
Shunda Alloh taolo: "Undan o‘zga har bir narsa halok bo‘lguvchidir. Hukm Uning O‘zigaginadir va faqat Ungagina qaytarilursiz" (Qasas surasi, 88-oyat)ni nozil qildi.
Shunda farishtalar Robbilariga sajda qilib: "Faqat Uning O‘zi abadiydir", deb tasbih aytdilar.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
#xabar #haj2026 #safar #kuzatuv
Bugun, 2 may kuni Toshkent xalqaro aeroportida bo‘lg‘usi hojilarimizning ilk guruhlari muborak haj safariga kuzatildi.
Mazkur jarayonda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i Muzaffar Kamilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, shuningdek, taniqli ulamolar, mutasaddi tashkilotlar vakillari va OAV xodimlari ishtirok etdilar.
Kuzatuv chog‘ida Muftiy hazratlari ziyoratchilarga Haj amallarini mukammal va bekamu ko‘st ado etishlarini tilab, Haq taolodan yurtdoshlarimizning safarlarini bexatar, ibodatlarini esa maqbul aylashini so‘rab xayrli duolar qildilar.
Orzulari ro‘yobidan qalblari his-hayajonga to‘lgan bo‘lg‘usi hojilar davlatimiz tomonidan yaratilgan yuksak sharoitlar uchun minnatdorlik bildirib, muqaddas zaminda Vatanimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi uchun duoda bo‘lishlarini ta’kidlashdi. Shunday qilib, ilk ziyoratchilar guruhi Toshkent xalqaro aeroportidan Saudiya Arabistoniga ko‘tarinki kayfiyatda jo‘nab ketdi.
Alloh taolo bu yil haj safariga otlangan barcha yurtdoshlarimizning hajlarini mabrur bo‘lib, ona Vatanimizga eson-omon qaytib kelishlarini nasib aylasin!
Hojilarning ilk guruhlari muborak safarga kuzatilmoqda (https://t.me/muslimuzportal/45899)
Baytulloh oshiqlari muborak safarga otlanmoqda (https://t.me/muslimuzportal/45909)
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati