Dunyo ko‘zingizga tor bo‘lib ketganda ushbu voqeani eslang
Yetti farzandning otasi edi. Uch o‘g‘il, to‘rt qiz. Katta o‘g‘il ikki yoshdan o‘tar o‘tmas vafot etdi. Ikkinchi o‘g‘il bir yarim yoshida vafot etdi. Uchinchi o‘g‘il ham emizikli vaqtida, o‘n yetti oyligida vafot etdi. Katta qizi turmushga chiqdi va lekin 28 yoshida bandalikni bajo keltirdi. Ikkinchi qizi ham turmushga chiqib, 21 yoshida u ham vafot etdi. Uchinchi qizi 27 yoshida vafot etdi. O‘g‘illari Qosim, Abdulloh, Ibrohim, qizlari Zaynab, Ruqayya, Ummu Kulsum hammalarini o‘z qo‘llari bilan yerga qo‘ydilar. Faqatgina, kenja qizlari Fotimagina o‘zlaridan keyin olti oygina yashadi.
Boshingizga biror tashvish yoki g‘am tushsa, yuqoridagi voqeani eslang. Voqea egasini tanigandirsiz?
Allohumma solli va sallim va barik ’ala Sayyidina Muhammad.
Dunyoda shunday ishlar borki, Alloh taologa suyukli bo‘ladi. Ulardan biri ko‘ngilni shod etish hisoblanadi.
Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Alloh taologa farz ibodatlardan keyin eng maqbul ish – musulmon kishining ko‘ngliga surur (xursandchilik) yetkazishdir”.
Darhaqiqat, o‘zga kishining ko‘nglini olish, uni xursand qilish xayrli amallardandir. Hazrati Alisher Navoiy:
Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay, deya bejiz aytmagan.
Musulmonning ko‘ngliga ozor berish esa, xunuk ishlardandir. Bu haqda xalqimizda: “Dilozordan Xudo bezor”, degan naql bor.
Alloh taolo barchamizni o‘zgalarga ozor berishdan saqlab, Alloh taologa suyukli bo‘lgan ishlarni qilishga muvaffaq aylasin!
Ruhiddin Akbarov,
O‘MIning
Qashqadaryo viloyat vakilligi xodimi