Shu yil 23 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining Ulamolar Kengashi yig‘ilishida hojilarning “Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” tashabbusi doirasidagi ko‘rsatmasiga asosan o‘tkazib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirlarning navbatdagisi Buxoro viloyati Peshko‘ tumanida o‘tkazildi.
Shu kuni Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov rahbarligida Peshku tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan masjidlar imom-xatib, imom-noib, mahalla domlalari, otinoyilar, mutavallilar va nuroniy otaxonlar ishtirokida sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda imomlar mahallalardagi yoshlar tarbiyasiga katta e’tibor qaratish, ilm-ma’rifatga qiziqtirish alohida ta’kidlandi.
Shundan so‘ng 8 ta masjid imom-xatiblari nuroniylar bilan o‘zlariga biriktirilgan 37 ta mahallaga chiqib, 80 dan ortiq xonadon holidan xabar oldi. Jumladan, “Sadr” mahallasida yashovchi yuz yoshni qarshilagan mehnat faxriysi Ibrohim bobo Tohirovni ziyorat qildi. So‘ng “Mustaqillik” mahallasida istiqomat qiluvchi birinchi guruh nogironi, tadbirkor Barchinoy Avezova va boshqa ijtimoiy ko‘makka muhtojlarlar holidan xabar olinib, homiylar ishtirokida moddiy jihatdan ko‘mak berildi.
Shuningdek, tumandagi zamonaviy loyihalar asosida qurilgan 130 o‘rinli “Maxtoboy” maktabgacha ta’lim maskanida jajji bolalar bilan uchrashib, ularga xursandchilik ulashildi.
So‘ngra “Yangi bozor” mahallasida joylashgan “TJS MED” shifoxonsida davolanayotgan bemorlardan ko‘ngil so‘ralib, davolanish va dori-darmon uchun moddiy yordamlar ko‘rsatildi.
Kunning ikkinchi yarmida viloyat bosh imom-xatibi Jobir domla Elov tumandagi Xo‘ja Rushnoi jome masjidida, tuman imom xatiblari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado qilib, qavmga muhim mavzularda ma’viza qilish barobarida jamoat bilan el-yurtimiz haqqiga duoi xayrlar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Buxoro viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri O‘tkir domla G‘uzarov pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega bo‘ldi.
Tadqiqotchi O‘tkir Umbarovich G‘uzarov Qarshi davlat universiteti huzuridagi Ilmiy kengashda 13.00.01 – "Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi" ixtisosligi bo‘yicha "Pedagogik jarayonda Burhoniddin an-Nasafiyning didaktik g‘oyalarini tizimlashtirish mexanizmlari" ("Go‘zal xulqlar" asari misolida) mavzusidagi dissertatsiya ishini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Ushbu ilmiy natija ta’lim muassasasi jamoasi uchun katta quvonch bo‘lib, diniy ta’lim tizimida ilmiy-tadqiqot ishlarini chuqurlashtirish va ajdodlarimiz boy ma’naviy merosini zamonaviy pedagogikaga tatbiq etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi O‘tkir domla G‘uzarovni qo‘lga kiritilgan ilmiy daraja bilan samimiy qutlab, ilm yo‘lidagi sa’y-harakatlariga baraka, kelgusi ilmiy-pedagogik faoliyatiga ulkan zafarlar tilaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati