Shu yilning 24 yanvar kuni “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan oziq-ovqat, kiyim-kechak, o‘quv qurollari, ma’rifiy kitoblar va maishiy texnikalar ortilgan xayriya karvonlari 500 dan ziyod kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalar xursandchilik ulashishni boshladi.
Shu munosabat bilan mazkur mehr-muruvvat karvonini kuzatish marosimida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, “Vaqf” fondi rahbari Isaxon Abdullayev, mutasaddi vakillar va OAVlari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda yurtimizda davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlanayotgani, nogironligi bo‘lganlar, kambag‘al oilalarga doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinayotgani e’tirof etilib, dinimizda muhtojlarga yordam berish, nogironligi bor insonlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish, miskin va bechoralar holidan xabar olish xayrli amallardan sanalishi bayon qilindi.
Fond rahbari xayriya karvoni doirasida kam ta’minlangan oilalar, yetim-miskinlar, nogironi bor oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak, poyabzallar, velosiped, kitoblar, ko‘mir, isitish moslamalari, maishiy texnikalar topshirilishi, uch kun davomida Fond vakillari 500 dan ziyod ehtiyojmand oilalarga xursandchilik ulashishi haqida ma’lumot berdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Mustaqilligimizning 35 yilligi shukuhi kezib yurgan shu kunlarda Namanganda ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olinmoqda.
“Mehr-saxovat” ma’rifiy tadbiri doirasida soha xodimlari shahardagi 125 ta xonadonga tashrif buyurib, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatdilar. “Vaqf” xayriya jamoat fondi hamda saxovatpesha yurtdoshlarimiz hamkorligida ko‘rsatilgan ushbu ko‘mak ko‘ngillarga iliqlik, yuzlarga tabassum ulashdi.
Dildan kechgan samimiy suhbatlar va ko‘tarilgan duolar yurtimizda mehr-oqibat, hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati