Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Azon va iqomatni eshitgan kishi muazzin nima desa, o‘shani takrorlaydi. Faqat «Hayya ’alal solah, Hayya ’alal falah», deganda:
لاَ حَوْلَ وَلاَ قُوَّةَ إِلاَّ بِاللهِ
«Laa havla va laa quvvata illa billah», deb aytadi.
«Assolatu xoyrum minan navm», desa:
صَدَقْتَ وَبَرَرْتَ
«sodaqta va barorta» yoki
صَدَقَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، الصَّلاَةُ خَيْرٌ مِنَ النَّوْمِ
«sodaqa Rasululloh assolatu xoyrum minan navm», deydi. Agar «qod qomatis solah», desa:
أَقَامَهَا اللهُ وَأَدَامَهَا
«aqomahallohu va adamaha», deydi. Agar «ashhadu anna Muhammadar Rasululloh», desa, «va ana ashhadu anna Muhammadar rosululloh», deb, ortidan:
رَضِيتُ بِاللهِ رَبًّا وَبِمُحَمَّدٍ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ رَسُولاً وَبِالإِسْلاَمِ دِينًا
«Roziytu billahi Robban va biMuhammadin sollallohu alayhi vasallama rosulan va bil Islami diyna», deydi. Azonning hammasini eshitib bo‘lganidan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot aytib, ortidan mana bu duoni o‘qiydi:
اللهُمَّ رَبَّ هَذِهِ الدَّعْوَةِ التَّامَّةِ وَالصَّلاَةِ القَائِمَةِ آتِ مُحَمَّدًا الوَسِيلَةَ وَالفَضِيلَةَ وَابْعَثْهُ مَقَامًا مُحْمُودًا الَّذِي وَعَدْتَهُ
«Allohumma robba hazihid da’vatit tammah vassolatil qoimah, ati Muhammadanil vasiylata val faziylah vab’as'hu maqomam mahmudanillaziy va’adtah» (Ey bu komil duoning va qoim bo‘lgan namozning egasi Allohim, Muhammadga vasila va fazilat ber, u zotni va’da qilganing maqtovli maqomda tiriltir). So‘ngra xohlaganicha dunyoviy va uxroviy duolarni qilaveradi.
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qachon azonni eshitsanglar muazzin nima desa, o‘shani aytinglar», dedilar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
حدثنا عباس الدوري نا محمد بن بشر العبدي نا مجمع بن يحيى عن عثمان بن موهب عن موسى بن طلحة عن طلحة قال: قلت: يا رسول الله كيف الصلاة عليك ؟ قال: قل :اللهم صل على محمد كما صليت على إبراهيم إنك حميد مجيد وبارك على محمد وعلى آل محمد كما باركت على إبراهيم إنك حميد مجيد.
Muso ibn Talha roziyallohu anhu Talha roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: “Yo Allohning Rasuli, sizga salavot qanday aytiladi?” deb so‘radim.
U zot alayhissalom: “Allohumma solli ’alaa Muhammadin kamaa sollayta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd. Va baarik ’alaa Muhammadin va ’alaa aali Muhammadin, kamaa baarakta ’alaa Ibrohiyma innaka hamiydun majiyd”, deb ayt”, dedilar.
Salavotning ma’nosi: “Allohim! Ibrohimga salavot yo‘llaganingdek, Muhammadga ham salavot yo‘llagin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan. Ibrohimga barakot berganingdek, Muhammad va Muhammadning oilasiga ham barakot bergin. Albatta, Sen maqtovga loyiq va ulug‘vor Zotsan”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD