Dunyo ilm-fani taraqqiyotida musulmon olimlarining o‘rni beqiyos. Turli sohalar rivojiga tamal toshini qo‘ygan olimlarimizning bugungi kundagi avlodlari ham ularning ishini davom ettirmoqdalar. Misol uchun, tibbiyot, astronomiya, matematika, geografiya, axborot texnologiyalari va fizika kabi jabhalarda ko‘plab ixtirolar qilindi. Zamondosh musulmon olimlarimiz ham ilmiy salohiyatda peshqadam. Ularning ba’zi ixtirolari haqida so‘z yuritamiz.
You tube platformasi dunyodagi eng katta video-ombori hisobladani. Butun dunyodan millionlab foydalanuvchilar undan har kuni foydalanadi. Ushbu platformani bangladeshlik Javed Karim yaratgan. Platformadagi birinchi video Karim tomonidan 2005 yil 23 aprelda You tube kanaliga yuklangan “Men hayvonot bog‘ida” videosi bo‘ldi. Dunyodagi eng yirik videoplatforma sifatida You tube jahon voqealarini, turli foydali videolarni shakllantirish hamda kengroq auditoriyani qamrab olib ko‘plab sohalar rivojiga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Bugunga kelib dastur orqali xorijiy tillar va zamonaviy kasblarni uyda o‘tirgan holda bepul o‘rgansa bo‘ladi. Tanganing ikkinchi tarafi bo‘lganidek, ko‘ngilochar videolarni tomosha qilib vaqtimizni zoye qilishimiz xam mumkin. Bolalarimiz qanday maqsadda foydalanayotganiga e’tiborli bo‘laylik. Tanlov o‘z qo‘limizda.
Eronlik muhandis Husayn Yassayi tomonidan 2001 yilda Mobil grafik ishlov berish blokini yaratdi. Bu keyinchalik iPhonening video texnologiyasi uchun asos bo‘lib, smartfonlar inqilobiga yo‘l ochdi. 2000 yillardan boshlab to hozirgi kungacha bo‘lgan mashhur mobil telefonlarning ko‘pchiligi 3D grafiklarni ta’minlash uchun aynan ushbu ixtirodan foydalanib kelmoqda. Bu esa tasvir sifatini yaxshiladi va ko‘plab imkoniyatlarni ochib berdi.
Pokistonlik olim Navid Said kremniy mikrochipida qayta bog‘lanadigan miya hujayralari tarmog‘ini o‘stirish mumkinligini isbotladi. U miya hujayralari faoliyatini aniq kuzatuvchi yangi texnologiyani ishlab chiqdi. U 2003 yilda birinchi neyro-chipni ixtiro qilgan va uni 2004 yilda keng ommaga namoyish etdi. U miya hujayralarini kremniy chip bilan bog‘lagan birinchi olim edi. 2024 yil yanvar oyida Neuralink inson miyasiga ilk neyrochipni joylashtirdi. Bu aynan Navid Saidning tadqiqotiga asoslangan edi.
Virusologiyada yamanlik olim Shayx Abdul Majid Zindoniy Qur’oni karim va hadislardan foydalanib OIV va OITSni davolash yo‘lini topdi. 2007 yilda u Iymon universitetida olib borgan ilmiy va tibbiy tadqiqotlarida bemorlarni muvaffaqiyatli davolagan. Yigirma holatda virus hech qanday nojo‘ya ta’sirlarsiz butunlay yo‘q bo‘lgan.
Shayx Muzaffar Shukur ham kosmonavt, ham jarroh bo‘lgan. U 2007 yilda koinotda tibbiy tadqiqotlar olib bordi. Uning fazo kemasi bortida o‘tkazgan tibbiy tajribalari asosan jigar saratoni hujayralarining o‘sishi, kosmosda turli oqsillar va mikroblarning kristallanishi bilan bog‘liq edi. Jigar saratoni hujayralari va mikroblar bilan bog‘liq tajribalar tibbiy tadqiqotlar uchun foydali bo‘ldi.
Murod Nural tomonidan 2007 yilda Turkiyada ixtiro qilingan “Vertikal ko‘tariluvchi narvon” Nyurnbergdagi IENA ixtiro ko‘rgazmasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. U baland nuqtalarga ko‘tarilish va u yerda turishni osonlashtirish uchun mo‘ljallangandi. Bu alpinistlar uchun foydali ixtiro sifatida topildi.
Bu kabi ixtirolarning ro‘y[ati talaygina. Biz musulmonlar ilm-fan sohasida yetakchilikni hech kimga bermay rivojlanishda bardavom bo‘lishmiz shart. Aziz o‘quvchi, sizdan iltimos farzandlaringizni o‘qiting va ilmlilar qatorida bo‘lishini ta’minlang. Bu sizu biz uchun ham farz, ham qarz. Alloh barchamizni ushbu yo‘lda sobitqadam aylasin.
Internet manbalari asosida
Shohruh UBAYDULLAYEV tayyorladi.
Bir yigit masjidga kelib biroz o‘tirgach, imomga e’tiroz bildirdi:
– Endi masjidga kelib o‘tirmasak ham bo‘larkan...
Imom undan nima uchun bunday deganining sababini so‘radi. Yigit yon-atrofdagi hamma odam telefonga qarab o‘tirgani, ba’zilari o‘zaro gaplashayotgani uchun shu gapni gapirganini aytdi.
Imom biroz o‘ylab turgach, bunday dedi:
– Yaxshi, e’tirozing o‘rinli. Men bu haqda odamlarga eslatib turibman. Lekin sen endi masjidga kelmoqchi bo‘lmasang bir ish qilib ket.
Yigit rozi bo‘ldi. Imom unga bir piyolani to‘ldirib suv berdi va shu suvni bir tmchi ham to‘kmasdan masjidning ichini bir aylanib chiqishini iltimos qildi. Yigit bor diqqat-e’tiborini jamlab, ohista qadamlar bilan, ikki ko‘zini piyoladan uzmagan holda vazifani muvaffaqiyatli ado etdi.
Imom unga dedi:
– Barakalloh! Endi menga ayt-chi, sen shu topshiriqni bajarayotganingda kimlar gapirib o‘tirdi, kimlar telefoniga qaradi?
Yigit javob berdi:
– Men qayerdan bilay, axir butun diqqatim suvni to‘kib qo‘ymaslikda edi.
Imom dedi:
– Ana ko‘rdingmi? Sen topshiriqni bajarayotganingda butun fikru hayolingni bir joyga jamlading. Allohning huzurida turganimizni his qilib, xayolimizni ibodatga, Uning zikriga qaratsak, boshqalarning xatosini ko‘rishga vaqtimiz ham qolmaydi. Albatta, kimdir xato qilsa bu sening hidoyatdan yuz burib ketishingga sabab bo‘lmasligi kerak. Chunki xato dinniki yo masjidniki emas, balki bandaniki...
Yigit o‘ylab ko‘rib, xato qilganini tushundi. Keyingi jamat namozlarida xushu bilan qatnashishda davom etdi.
Akbarshoh RASULOV