Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning xalifalik qilishlari Islom demokratiyasining yuqori saviyadagi, yorqin ko‘rinishi edi.
U kishining har bir ishni shuro majlisi qarori bilan qilganliklarini avval aytganmiz.
Shuningdek, u kishining xalq ommasidan bir lahzaga ham ajralmaganliklari, xalqdan ortiqcha yeb-ichib, kiymaganliklariga ham guvoh bo‘ldik. U kishining davrlarida qonun oldida hamma barobar bo‘lganligini jonli misollar timsolida ko‘rdik.
Xulosa qilib aytsak, o‘sha davrda xalqchillik siyosatining qanday ko‘rinishi bo‘lsa, hammasi oliy darajada namoyon bo‘lganligini anglab turibmiz.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu katta mujtahid olim, o‘tkir aqlli siyosatchi, tadbirkor va zabardast jamiyat rahbari bo‘lishlari bilan birga, yana boshqa ko‘p fazilatlarga ham ega edilar. Bu sifatlar har kimda ham bo‘lavermaydigan, ba’zilarda bo‘lsa ham, mansabga mingach yo‘qolib qoladigan sifatlardir. Ana shunday sifatlardan biri tanqidni ko‘tara olish va xatoni tan olish sifatidir.
Hofiz Abu Ya’lo Sha’biydan, u kishi Masruqdan shunday rivoyat qiladilar:
«Umar ibn Xattob xalifalik davrida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning minbarlariga chiqib:
«Ey odamlar! Ayollarning mahrini juda oshirib yubordingiz-ku! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u kishining sahobalari mahrni to‘rt yuz dirhamdan oshirmas edilar, undan ham oz bo‘lar edi. Agar mahrni ziyoda qilish Allohga taqvo yoki karamli ish bo‘lganida, ulardan o‘tib keta olmas edingiz. Hech kimning bir ayolning mahrini to‘rt yuz dirhamdan ortiq qilganini bilmayin!» dedi-da, minbardan tushdi.
Qurayshlik bir ayol uning yo‘liga ko‘ndalang chiqdi-da:
«Ey mo‘minlarning amiri, odamlarni ayollarning mahrini to‘rt yuz dirhamdan ortiq qilishdan qaytardingmi?» dedi.
Umar: «Ha», dedi.
Ayol: «Allohning Qur’onda tushirgan hukmini eshitmaganmiding?!» dedi.
Umar: «U qanday hukm ekan?» deb so‘radi.
Shunda ayol: «Allohning «...va ularning biriga haddan ziyod mahr bergan bo‘lsangiz ham..!» degan oyatini eshitmaganmisan?!» dedi.
Umar: «Parvardigor, O‘zing kechir! Odamlar Umardan ko‘ra faqihroqdirlar», dedi-da, qaytib borib, yana minbarga chiqib:
«Ey odamlar, men sizlarga ayollarning mahrini to‘rt yuz dirhamdan ortiq qilmaslikni amr qilgan edim. Endi kim o‘z molidan qancha xohlasa, beraversin. Umar xato qildi. Ayol kishi to‘g‘ri aytdi», dedi».
Yo Ilohim! Bu qanday jasorat?!
Oddiy bir ayol dunyoni larzaga solib, o‘sha paytning eng katta ikki imperiyasini qulatib, yurgan yo‘lida menman degan zo‘ravonlarni zir titratib, hammani o‘z og‘ziga qaratib turgan zabardast xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning minbardan turib aytgan so‘zini ko‘pchilikning oldida ochiqdan-ochiq tanqid qilsa-ya!
U ayolning yuragi qanday yurak ekan o‘zi?!
U ayol bunchalik jur’atni qayerdan olgan?!
U ayolga o‘ziga o‘xshaganlarining haqlarini himoya qilishni kim o‘rgatgan?
Ha, u ayolning yuragi – islomiy yurak!
U bunchalik jur’atni Islomdan olgan!
U ayolga o‘ziga o‘xshaganlarining haqlarini himoya qilishni Islom o‘rgatgan!
Yo Ilohim! Bu qanday jasorat?!
Dunyodagi eng kuchli jamiyatning eng kuchli rahbari do‘stu dushmanning oldida oddiy bir ayolning tanqidini indamay eshitib tursa va tanqiddan so‘ng ko‘pchilikning oldiga, minbarga chiqib, o‘z xatosini tan olsa, bu ulkan jasorat emasmi?!
Bunday jasoratni kim sodir eta oladi?!
Dunyodagi eng kuchli jamiyatning eng kuchli rahbarining do‘stu dushmanning oldida oddiy bir ayolning tanqidini indamay turib eshitishi Islomda jasorat emas, o‘z burchini ado etish deb ataladi!
Dunyodagi eng kuchli jamiyatning eng kuchli rahbarining oddiy bir ayolning tanqididan so‘ng minbarga chiqib, ko‘pchilikning oldida o‘z xatosini tan olishi jasorat emas, o‘zining bandaligini tan olishidir!
Bunday jasoratni faqatgina Islom ta’limotlarini o‘ziga to‘laligicha singdirib, to‘laqonli islomiy hayot kechiradigan kishigina sodir etishi va buni oddiy hol deb bilishi mumkin!
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Bir birodarimning qalbi notinch bo‘lmoqda. Shu birodarim nomidan ushbu savolni yo‘llamoqdaman. Bomdod namozi vaqtida imomlikka u kishidan boshqa tajvidi yaxshi kishi bo‘lmagani sababli, jamoatga namoz o‘qib bergan. Namozdan so‘ng bavosir kasalligi esiga tushib, tahoratxonaga borib qarasa, kiyimida qonni ko‘rib qolibdi. U qon namozdan oldin chiqqanmi yoki keyin, buni aniq bilolmayapti. Endi o‘qilgan namozimiz to‘g‘rimi yoki yo‘qmi, jamoatga: “Namozingizni qayta qazo qilib o‘qib qo‘ying”, deb aytaymi-yo‘qmi, bilmay turibman, deb ko‘ngli notinch bo‘lmoqda. Buning hukmi qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Kishi kiyimida najosat ko‘rib qolib, uning qachon tekkanini bila olmasa, ko‘rgan vaqtidan boshlab tekkan hisoblanadi. Ammo bu hukm tashqaridan tekkan yoki tashqaridan tegishi ehtimoli bor bo‘lgan najosatlarga tegishli. Agar qon yoki yiring o‘zining badanidan chiqqani aniq bo‘lsa, bunda kiyim najosat bo‘lish bilan birga tahorat ham ketgan bo‘ladi. Ko‘rgan paytda qon yoki yiring qotgan holatda bo‘lsa, u avvalroq chiqqan hisoblanadi. Agar ho‘l holatda bo‘lsa, hozir chiqqan hisoblanadi. Demak, birodaringiz qonni ko‘rgan vaqtda, u ho‘l holatda bo‘lsa, namozni qayta o‘qish shart emas. Agar qon qurib qolgan bo‘lsa, birodaringiz namozni qayta o‘qishi lozim. Jamoatga kelsak, qaraladi, agar ularga aytilsa, fitnaga sabab bo‘lsa, ularga bu haqida aytilmaydi. Balki imom o‘zi qaytib o‘qiydi va istig‘for aytadi. Jamoatning namozi durust bo‘lgan hisoblanadi. Lekin jamoatga bu haqida aytsa, fitna va ixtilof chiqmaydigan bo‘lsa, u holda ularga ham bu haqda aytib qo‘yish lozim bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi