Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Avgust, 2025   |   18 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:00
Quyosh
05:29
Peshin
12:33
Asr
17:23
Shom
19:30
Xufton
20:52
Bismillah
12 Avgust, 2025, 18 Safar, 1447
Maqolalar

Salafi solihlar va soxta salafiylikning farqlari

28.01.2025   8878   5 min.
Salafi solihlar va soxta salafiylikning farqlari

“Salafiylik” tushunchasi arab tilidagi “salaf” so‘zidan olingan. “Salaf” so‘zi “avval yashab o‘tganlar”, “ajdodlar” degan ma’nolarni bildiradi. Hadislarga ko‘ra, Muhammad sollallohu alayhi vasallam zamonida va undan keyingi ikki asrda yashagan musulmonlar “salafi solih”, ya’ni “solih ajdodlar” hisoblanadi. Shunga ko‘ra, Islom ulamolari sahobiy, tobein va tabaa tobeinlarni “solih ajdodlar” deb hisoblashda yakdildirlar. Keyingi davrlarda yashagan musulmonlarga nisbatan “salaf” yoki “salafiylar” tushunchalarini ishlatish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Aksincha, ularga “xalaf” ya’ni, keyingi kelganlar deyish to‘g‘ri bo‘ladi.

Qayd etish joizki, tarixda yashab o‘tgan Islom ulamolarining asarlarida “salaf” so‘zi ko‘p uchraydi. Ammo, bundan murod hozirgi davrimizda alohida ajralib chiqqan, o‘zlarini “salafiy” deb atayotgan toifalar nazarda tutilgan emas.

So‘nggi vaqtlarda “salafi solihlarga ergashish” iddaosi ostida o‘zlarini go‘yoki “salaflarning izdoshlarimiz”, deb hisoblaydigan o‘ta mutaassib, to‘g‘ri yo‘ldan adashgan soxta salafiylar paydo bo‘lganini alohida qayd etish lozim.

Yigirmanchi asrning yirik ulamolaridan Shayx Muhammad G‘azzoliy o‘zining “Musulmonlarning yagona ma’rifiy dasturi” nomli maqolasida “Salafiylik”ning haqiqati haqida bunday yozadi:

“Salafiylik bu arab yarim orolining ma’lum bir joyida yashaydigan, muayyan bir ijtimoiy tarzda hayot kechiradigan odamlar guruhi emas. Biz bu tarzda tushunishni rad etamiz va unga mansub bo‘lishni inkor etamiz.

Salaflik — aqliy va hissiy tuyg‘u bo‘lib, saodat asri bilan bog‘lanadi, Allohning Kitobi va Payg‘ambarning sunnatiga sodiqlikni chuqurlashtiradi hamda Allohning kalomini yuksaltirish uchun moddiy va ma’naviy sa’y-harakatlarni amalga oshiradi. U irq yoki rangga e’tibor bermaydi. Islomni tushunishi va unga amal qilishi esa uning umumiyligi, abadiyligi, fitratga muvofiqligi va aqlga tayanganligi darajasida bo‘lishi lozim.

— Men ayrim odamlarni ko‘rdim, ular salafiylikni Ahmad ibn Hanbalning fiqhi deb tushunadilar, bu xato. Ahmadning fiqhi Islom madaniyatidagi ko‘plab fikriy yo‘nalishlardan biri bo‘lib, u turli diyor imomlari va boshqalarni o‘z ichiga oladi.

— Ba’zi odamlar salafiylikni faqat hadisga asoslangan maktab deb tushunadilar. Bu ham xato. Chunki aqliy maktab (ra’y maktabi) ham hadis maktabi singari Islomdan olib, unga tayanadi. Ulardan ba’zilari o‘zlarini “ahli hadis” deb ataydilar va rivoyatlarni noto‘g‘ri tushunishlari sababli haromda fitna chiqaradilar. Hadis biror bir guruhning xususiy mulki emas, u barcha mazhablar uchun asosiy manba hisoblanadi.

— Ayrim odamlar ilmiy kashfiyotlarni yoqtirmaydi va ulardan Islom da’vati hamda ta’limotini himoya qilishda foydalanishni bilmaydilar. Masalan, ular televideniyeda suhbat qilishni rad etadilar. Chunki, ekranda suratning ko‘rinishini harom deydilar. Ular astronomiya, geografiya kabi fanlarni masxara qiladilar va inkor qiladilar. Bu toifa aslida salaf ham emas, xalaf ham emas. Ularning qalblari va aqllari qayta ishlanishga muhtoj.

— Ba’zi odamlar qiyin va qattiq fatvolar berishni o‘zlariga vazifa qilib olganlar. Ular odamlarga faqatgina og‘ir va mashaqqatli hukmlar chiqaradi, hayotlarini qiyinlashtiradi va ularning dunyodagi rivojlanishlarini ortga surib, ularni qorong‘u g‘orlarga hibs etadi. Bu toifa ham na salaf va na xalaf. Ular din ilmlariga nisbatan nomaqbul kishilardir, ularning aksariyati vijdon va fikrda nuqsonlidir.

Men aytaman: “Bu salafiylik emas! Bu da’vat sohibining gapi emas, bu yo‘lto‘sarlarning fikridir. Bunday odamlarga biror bir joyda shogirdlarga Islomdan dars berishlariga yoki xalqaro anjumanlar va katta jome masjidlarida va’z aytishlariga ishonch bildirish mumkin emas”.

— Shunday kishilarni ko‘rdikki, o‘zlari hadis bilan shug‘ullanadilar, fiqhdan ma’lumotlari oz bo‘lishiga qaramay o‘zlaridan faqih yasab olganlar. Keyin esa, siyosatchiga aylanib jamiyatni va davlatni o‘zlari aytgan, o‘zlari bilgan tushunchalari asosida o‘zgartirishni da’vo qiladilar.

— Bunday sayoz diniy fikr egalarining eng ajablanarli tomoni — ular hukumat dasturlarini, maslahatlashuv uslublarini, moliyaviy munosabatlar, ijtimoiy adolat, yoshlar muammolari, oila muammolari va axloqiy tarbiya haqida hech narsa bilmaydilar. Ular madaniy hayot va moddiy taraqqiyot Islom olib kelgan oliy g‘oyalar va ulug‘ maqsadlarga xizmat qilishini ham hecham idrok qilmaydilar”.

Xulosa qilib aytganda, bugungi kunimizda yurtdoshlarimiz ichida hali ham bilib-bilmay soxta salafiylarning asossiz da’volarining ta’sirida yurgan kishilar, ularga taqlid qilayotganlarning mavjud ekani ushbu toifaning asl mohiyatini ochib berish, uni xalqimizga to‘g‘ri tushuntirib berish dolzarb ekanini bildirmoqda. Bizning eng asosiy vazifamiz yoshlarni bunday soxta salafiylar domiga tushib qolishdan asrashimiz va buning uchun esa doim ogohlik bilan ularga qarshi ilmiy raddiyalar berib borishimiz kerak bo‘ladi.

 

Homidjon qori ISHMATBЕKOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari.

 

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Maqolalar

​313 ta hayotiy ziynat qoidalari (2-qism)

11.08.2025   7224   6 min.
​313 ta hayotiy ziynat qoidalari (2-qism)

313 ta hayotiy ZIYNAT qoidalari

ni

ULUG‘  USTOZ  ULAMOLARIMIZ  bayon  qilib  berganlar:

             (2-qism)

101)  Saxiylik – boyning ziynati.

102)  Ochiqqo‘llik – saxiyning ziynati.

103)  Ko‘p yig‘i – xavf va qo‘rqishning ziynati.

104)  Ulug‘vorlik – poshsholar ziynati.

105)  Minnatni tark qilish – ehsonning ziynati.

106)  Halollik – ishning ziynati.

107)  Xushu’ – namozning ziynati.

108)  Do‘ppi – o‘zbekning ziynati.

109)  Bunyodkorlik – mehnatning ziynati.

110)  Savod – bilimning ziynati.

111)  Ilm – insoniyatning ziynati.

112)  Sabr – balo-ofatning ziynati.

113)  Donolik – tajribaning ziynati.

114)  Mulohazalilik – fikrning ziynati.

115)  So‘zda turish – erkakning ziynati.

116)  Vaqtga rioya – mas’uliyatning ziynati.

117)  Qalb musaffoligi – yaxshi insonning ziynati.

118)  Tinchlik – yurtning ziynati.

119)  Birdamlik – millatning ziynati.

120)  Hur fikr – erkinlikning ziynati.

121)  Toat-ibodat – ruhning ziynati.

122)  Adolat – davlatning ziynati.

123)  Ibrat – o‘tganlar hayotining ziynati.

124)  Xotira – inson qadrining ziynati.

125)  Qalb yumshoqligi – rahm-shafqatning ziynati.

126)  Yaxshi so‘z – zabonning ziynati.

127)  Bardosh – sinovlarning ziynati.

128)  Quvonch – yurakning ziynati.

129)  Qanoat – hayotning ziynati.

130)  Hushyorlik – ongning ziynati.

131)  Qalb tozaligi – imonning ziynati.

132)  Yaxshi niyat – amalning ziynati.

133)  Hayotbaxsh so‘z – dilning ziynati.

134)  Qanoatlilik – qo‘shnining ziynati.

135)  Yo‘lboshchilik – jamoaning ziynati.

136)  Tinch uyqu – xotirjamlikning ziynati.

137)  Yaxshi uyqu – sog‘lomlikning ziynati.

138)  Halol mehnat – dehqonning ziynati.

139)  Tashakkur – insoniylikning ziynati.

140)  So‘zda tozalik – tilning ziynati.

141)  Tarbiya – kelajakning ziynati.

142)  Ibratli hayot – avlodning ziynati.

143)  Mehr-muhabbat – turmushning ziynati.

144)  Hurfikrlilik – zamonaviylikning ziynati.

145)  To‘g‘rilik – hukmning ziynati.

146)  Salohiyat – yoshlarning ziynati.

147)  Quvvat – jasurning ziynati.

148)  Harf tanish – bolalikning ziynati.

149)  Diqqat – o‘qishning ziynati.

150)  Ulug‘ orzu – qalbning ziynati.

151)  Bardoshlik – darveshning ziynati.

152)  Qaytmaslik – otaning ziynati.

153)  Vafodorlik – xotinning ziynati.

154)  Qanoatlilik – ko‘ngilning ziynati.

155)  Ishonch – oilaviy munosabatlarning ziynati.

156)  Hamkorlik – jamiyatning ziynati.

157)  Ijodiylik – yoshlarning ziynati.

158)  Tiniqlik – keksalarning ziynati.

159)  Tiniq fikr – keksaning ziynati.  

160)  Tarbiya – ota-onaning ziynati.

161)  Tuzuk fikr – yoshning ziynati.

162)  Haqiqatni aytish – olimning ziynati.

163)  Botiniy poklik – zohidning ziynati.

164)  Ilojsizlikka chora – mohir ustaning ziynati.

165)  Chin dildan ishlash – yaxshi ishchining ziynati.

166)  Hurmat – barcha insoniy aloqalarning ziynati.

167)  Tuzuk yo‘l – sayohatning ziynati.

168)  Tartib – poshshoning ziynati.

169)  Tezkorlik – savob izlaguvchining ziynati.

170)  Mevadorlik – daraxtning ziynati.

171)  Qanot – qushning ziynati.

172)  Qanoatli mehnat – ishbilarmonning ziynati.

173)  Qahrdorlik – yovuzning ziynati.

174)  Umumiylik – insoniyatning ziynati.

175)  Go‘zal so‘z – so‘zlashuvning ziynati.

176)  Ustoz – ilm yo‘lining ziynati.

177)  Savol – bilim olishning ziynati.

178)  Xotira – millatning ziynati.

179)  Vijdon – inson qalbining ziynati.

180)  Yuzdagi nur – taqvoning ziynati.

181)  Suvdagi tozalik – hayotning ziynati.

182)  Yaxshi niyat – har bir ishning ziynati.

183)  Yaxshi do‘st – tanlovning ziynati.

184)  Sahar – ibodat vaqtining ziynati.

185)  Ilk qadam – bolalikning ziynati.

186)  Yaxshi zehn – aqlning ziynati.

187)  Suzuvchi bulut – osmonning ziynati.

188)  Bedorlik – vatan posbonining ziynati.

189)  Vatan – millatning ziynati.

190)  Qalb nuri – imonning ziynati.

191)  Savob – har bir yaxshi ishning ziynati.

192)  Sevgi – qalb muvozanatining ziynati.

193)  Tilak – duoning ziynati.

194)  O‘zaro tushunish – oilaviy baxtning ziynati.

195)  Baxt – shukrning ziynati.

196)  Yordam berish – insoniylikning ziynati.

197)  Ibratli so‘z – ustozlikning ziynati.

198)  Hushyor ko‘z – kuzatuvchanlikning ziynati.

199)  Boshqalarni tinglash – hurmatning ziynati.

 200) Qariyalar duosi – avlodning ziynati.

             (Davomi bor...)

Ibrohimjon domla Inomov